16:30 / 05.05.2020
19782
Ijtimoiy yordam olish tartibi, «Saxovat va ko‘mak» harakati faoliyati - Elmira Bositxonova bilan suhbat

Bir muddat avval O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasidan qiynalayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadida «Mehr-shafqat va salomatlik» fondi ish boshlagan edi.

Keyinroq, 20 aprel kuni «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ilgari surildi.

Kun.uz muxbiri fond va harakat tuzilmalari o‘rtasidagi farq, ularning doirasida aholiga qay darajada ko‘mak berilayotgani va boshqa muhim savollar yuzasidan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova bilan qisqa suhbat tashkil qildi.

— Pandemiya davrida qiynalayotgan aholini qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlagan ikki xil jamg‘arma nima uchun zarur edi va ular bir-biridan qanday farq qiladi?

— «Mehr-shafqat va salomatlik» fondi avvaldan Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimida mavjud edi. Mablag‘i yetmagan bemorlarga murakkab amaliyotlar uchun, qimmatbaho dorilar uchun zarurat bo‘lganda fond rahbariga – Sog‘liqni saqlash vaziriga murojaat qilardi. Kengash tomonidan muhokama qilib tasdiqlangandan keyin dori-darmon, davolash muolajalari uchun mablag‘lar ajratilar edi. Pandemiya munosabati bilan fondning manbalari va vakolatlari biroz kengaytirildi. Pandemiya sharoitida saxovatpesha insonlar soni ko‘payayotgani, ularda yordam berish istagining ortayotganini ko‘rgandan keyin bu borada mablag‘larni qabul qiladigan va ularni tizimli, tartibga asoslangan holda taqsimlaydigan fondning kerakligi uchun tashkil etildi.

Fondning davlat budjetida «Mahalla» fondidan o‘z manbalari, aholi orasidagi homiylari bor edi. Hozirda kuzatilayotgan pandemiya aholi uchun avval kuzatilmagan yangiliklarni olib kelyapti. Ijobiy ma'noda ham, salbiy ma'noda ham yangiliklar bo‘ldi. Homiylarning munosabati, bu homiylik yordamini taqsimlash jarayonlari ham bizga yangilik. Bu jamg‘arma ham keng ma'noda xizmat qilishini niyat qilyapmiz.

— Deylik, hozirgi jarayonda biror bir tadbirkor mahallasidagi 5-6 nafar yordamga muhtoj oilani qaramog‘iga olmoqchi. U o‘zi yordam ko‘rsatadigan oilalarni tanlab olgan va bu harakatda ham ishtirok etmoqchi. Mana shu jarayonning tartibini tushuntirib bera olasizmi?

Elmira Bositxonova

— Davlat rahbari bu umumxalq harakatning asosiy tamoyillarini e'lon qilayotganlarida ehtiyojmand bo‘lgan oilalarning ro‘yxatini ham, saxovatpesha insonlarning ro‘yxatini ham – kimga taqsimlanishi, qanday qilsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi, sanab o‘tgandilar. Chunki saxovatpesha insonning ham oilani tanlashida qandaydir qiyinchiliklar bo‘lishi mumkin. Mana shu masalada mahalla fuqarolar yig‘inini, hokimiyatdagi sektor rahbarlarining mas'uliyatini alohida aytib o‘tdilar. Ehtiyojmandlarni ham, saxovatpeshalarni ham jamlashda ikki tuzilma – MFY va hokimiyat sektorlarining hamkorlikdagi ishtiroki. Bu hamkorlik ham hali yetarli emas, chunki buning yanada aniq bo‘lishi, yanada shaffofroq bo‘lishi uchun bu ro‘yxatlar deputatlarning mahalliy kengashida muhokamalarga qo‘yiladi. Muhokamadan o‘tgandan keyin tasdiqlanishi va ijro uchun hokimiyatga berilishi nazarda tutilgan. Shuning uchun har qanday saxovatpesha inson, albatta, o‘zi yordam bermoqchi bo‘lgan ehtiyojmand oilalar bo‘yicha MFY raisiga murojaat qiladi.

— Har bir hududda hisob raqamlarda pullar yig‘ilyapti. Bu pullar qaysi ko‘rinishda va kimlar tomonidan taqsimlanadi?

— Mablag‘ning sarflanishi saxovatpesha insonning istagiga qarab ham qilinadi. Bu tizimda ehtiyojmandlarning qo‘liga pulni naqd ko‘rinishda berish deyarli qabul qilinmaydi. Har bir ehtiyojmand fuqaroga alohida plastik karta ochiladi. Mablag‘ plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Mablag‘ biron shifoxonada davolanishi uchun sarflanadigan bo‘lsa, mablag‘ plastik karta orqali shifoxonaga o‘tkazib beriladi. 

— Pul mablag‘lari hammaga bir xilda taqsimlanadimi yoki ehtiyojga qarab ko‘p yoki kam bo‘lishi ham mumkinmi?

— Oziq-ovqat miqdori kishi boshiga bir xilda taqsimlanadi. Oilalar nogiron kishi borligi, ko‘p bolali ekanligi, keksalarning borligiga qarab guruhlangan. Tibbiy nuqtai nazardan bir kishiga qancha oziq kaloriyasi kerak bo‘lsa, bir oilaga 15 kunga yetadigan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib beriladi. Nizomga asosan, bir oilaga bir oyda ikki marotaba oziq-ovqat mahsulotini har bir oila a'zosiga yetadigan qilib yetkazishimiz mumkin. Dori-darmon uchun mablag‘ dorining narxiga qarab plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Davolash ham xuddi shunday.

— Xayriyalar qilinyapti. Lekin hali ham biror bir yordam yetib bormagan oilalar hali juda ko‘p. Xayriya yordami yetib kelmagan oilalar yordam olish uchun kimga va qanday murojaat qilish kerak?

– Bu borada butun dunyo hamjamiyati qatori biz ham tajriba orttiryapmiz, yana bir bor eslatadigan bo‘lsak, 1197 ishonch raqami tashkil etilgan. Bu telefon raqamlarida volontyorlar ishladi. Shunda ham murojaatlar ustma-ust tushgani uchun yetib bormagan hollar bo‘ldi. Kimlardir qo‘ng‘iroq qila olmadi, juda ko‘p qo‘ng‘iroq bo‘lgani uchun hammasini birdaniga o‘rganib oziq-ovqat yetkazishga imkoniyat bo‘lmadi, 1 kunda emas 3-4 kunda yetkazib berishga to‘g‘ri kelgan paytlar bo‘ldi. Bu raqam ham yetarli bo‘lmadi. Har bir tumanda, shaharchada o‘z raqamini ochdik. Bu raqamlar ham yetmadi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining har bir hududdagi rahbari shaxsiy raqamlarini ham berdik. U orqali ham murojaatlar qabul qilindi. Men o‘zim ham telegram kanalim orqali kelgan har bir murojaatga javob berishga haarkat qildim. Bu hali tajriba bo‘lgani uchun ishlarni tizimli tahlil qilib, keyingi bosqichlarda yaxshilab borish uchun ko‘p harakat qilishimiz kerak ekan. Shuning uchun kimgadir yordam bo‘lmadi, kimga e'tibor bo‘lmadi deganda, barcha imkoniyatlarni qo‘llab ko‘rishlarini va eng asosiysi, mahalla rahbariyatining bu boradagi mas'uliyatini nafaqat raisning o‘ziga tashlab qo‘yishimiz, balki raisning obro‘sini oshirish uchun jamiyat ham, mahalla ahli ham barobar xizmat qilishi kerak. Ehtiyojmandlik haqidagi ma'lumot birinchi galda mahalla raisi va uning o‘rinbosarlariga yetib borishi biz uchun eng asosiy maqsaddir.

— Jamoat fondi va umummilliy harakat koronavirus pandemiyasi sharoitida aholiga yordam berish uchun tuzildi. Tabiiy ofatlar yoki hodisalar bo‘lgandagina fond tuzilishi bundan keyin ham davom etadimi va bu ishlar qachondir bitta tizimga solinadimi?

— Texnogen falokatlar, tabiiy ofatlar odamzot hayotida ko‘p bo‘lishi mumkinligini yangi tarixda ham, hozirgi davrda ham ko‘ryapmiz. Ofatlar chog‘ida mamlakatning yordamga muhtoj aholisi bir vaqtning o‘zida ko‘payib ketishi yoki ularning uzoq vaqt davomida ko‘p bo‘lib turishiga olib kelishini e'tiborga olib, «Saxovat va ko‘mak» harakati bejiz taklif etilmadi. Bunday harakatlar faqatgina ofatlar davrida emas, islohotlar davrida ham muhim ekanligini, osoyishtalik davrida ham harakatlarimizning kam-ko‘stlarini bartaraf etishga va uning manzilli, muddatli, shaffof ishlashiga erishishimizga, bu borada aholidan bo‘layotgan e'tirozlarni emas, minnatdorlikni ko‘proq eshitish uchun barcha choralarni ko‘rishimiz kerakligini aytmoqchiman.

Ilyos Safarov suhbatlashdi

Top