21:20 / 05.05.2020
11698
Kreditlarsiz mablag‘ jalb etish mumkinmi? O‘zbekiston kapital bozori haqida suhbat

Pandemiyadan so‘ng, iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tish uchun resurs, xususan mablag‘ talab etiladi. Korxona va ishlab chiqarish tarmoqlari bank kreditlarisiz mablag‘larni jalb etishning muqobil yechimidan xabardormi?

Kapital bozorni rivojlantirish agentiligi direktorining birinchi o‘rinbosari Tursunboy Mahkamov barcha kompaniyalar birja ishtirokchisiga aylanib, faoliyatiga zarur qo‘shimcha mablag‘larni jalb etish imkoniyatiga ega ekanligini bildirdi. U bu haqdagi mulohazalarini Kun.uz'ga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

«Inqirozdan chiqayotgan paytda, likvidni qidirib kelgan korxonalar uchun, ham investitsiya qilmoqchi bo‘lgan investorlar uchun alternativ variant – kapital bozori bo‘lishi mumkin.

Infrastruktura jihatdan qaraganda imkoniyatlar hammasi bor. Ularni mukammal sharoitda, deb aytib bo‘lmasa ham, lekin u mavjud. Asosiy, bu yerda kapital bozori barqaror va mustahkam ishlay olishi uchun likvidligini oshirishimiz kerak. Hozir likvidlik darajasi past bo‘lganligining sabablaridan biri, bozorda ishtirokchilar kam. Qancha ishtirokchilarini ko‘paytirsak, bozorning likvidligi shunchalik o‘sadi. Masalan, xorijiy davlatda kapital bozori bugungi darajaga yetishishiga ancha yillar ketgan. Lekin biz hozir shu narsani tezlashtirib likvidlikni o‘zimiz o‘stirib borishimiz mumkin, lekin buning uchun bizda davlat tomonidan bu soha qo‘llab-quvvatlanishi kerak», – deydi u.

Mahkamovning aytishicha, ushbu maqsadlarni amalga oshirish uchun aksiya emitentlari, birja ishtirokchilari va investorlarning bozorga kirish imkoniyatini oshirish kerak.

«Pandemiyaning tugashi bilan, inqirozdan chiqayotgan paytda butun dunyoda, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda kapital defitsiti yuzaga keladi. Biz ham rivojlanayotgan davlatlar qatoriga kiramiz. Bu esa kapital defitsiti bor davlatlarda investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat ko‘payishini anglatadi. Mana shu jihatdan ustunlikka erishish uchun imkon darajasida hozir xorijiy investorlarga yaxshi sharoitlar qilib berishimiz kerak. Masalan, kapital bozorga kirmoqchi bo‘lgan xorijiy investorlar mahalliy investorlarga qaraganda deyarli ikki baravar ko‘p soliq to‘laydi. Bundan tashqari, hozir mahalliy aksiyadorlik jamiyatlarni bozorga jalb qilish uchun qo‘shimcha imtiyozlarni faol bermasak, xorijiy yoki mahalliy investorlarni jalb qilishda ham yutqazib qo‘yishimiz mumkin», – deya qo‘shimcha qildi u.

Tursunboy Mahkamov

Agentlik direktori birinchi o‘rinbosarining qayd etishicha, O‘zbekiston kapital bozorining asosiy ishtirokchilari yirik kompaniyalar – davlat kompaniyalari.

«Yirik xususiy kompaniyalar sanoqli, deb aytsak ham bo‘laveradi. Xususiy yirik kompaniyalarni ko‘paytirish uchun holding tuzilmasini rivojlantirish zarur. Misol uchun, biror xususiy kompaniya rahbarining 4-5ta o‘zga kompaniyasi bo‘lishi mumkin. Barcha tarmoqni birlashtirib, boshqarganda dividendlarga kaskadli soliq solish bekor amaliyoti paydo bo‘lardi. Lekin hozir yangi Soliq kodeksida bu inobatga olingan va bekor qilingan. Shuning uchun amaldagi Soliq kodeksida bu holding strukturalarni joriy etishda qulaylik nazarda tutilgan», – dedi u.

Suhbat davomida kapital bozoriga kirishdagi asosiy talab va shartlar haqida ma'lumot berilgan. Intervyuni Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Top