08:31 / 06.05.2020
1974
Investor kafolatlarni qo‘llash haqida xabar berishi lozim

«Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida belgilangan kafolatlarni qo‘llash haqida xabar berish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

O‘zbekistonda qabul qilinayotgan keyingi qonun hujjatlari investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirayotgan bo‘lsa, investorlarga nisbatan 10 yil mobaynida investitsiya qilish sanasida amalda bo‘lgan qonun hujjatlari qo‘llaniladi. Qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartirishlar davlatning milliy xavfsizligi manfaatlarini himoya qilish bilan bevosita bog‘liq bo‘lsa, ushbu qoida qo‘llanilmaydi.
 
Norma’ning yozishicha, ushbu vaziyatga tushgan chet ellik investor quyidagi tegishli vakolatli organlarga kafolatlarni qo‘llash haqidagi xabarnomani yozma shaklda yuborishi lozim:

xizmat ko‘rsatuvchi bankka – qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollardan tashqari chet ellik investorning chet elga o‘tkaziladigan daromadlarini (foydasini) repatriatsiya qilish tartib-taomilini murakkablashtiradigan yoki uning miqdorini kamaytiradigan qo‘shimcha talablar joriy etilgan taqdirda;

yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazadigan tegishli davlat tashkilotlariga – investitsiyalarni amalga oshirish hajmlariga son jihatdan cheklovlar va investitsiyalar miqdori bo‘yicha boshqa qo‘shimcha talablar joriy etilgan taqdirda;

TIV va (yoki) IIVga – chet ellik investorlarning vizalarini rasmiylashtirish va muddatini uzaytirishning qo‘shimcha tartib-taomillari joriy etilgan taqdirda;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga – chet ellik investorga qonun hujjatlarida belgilanganga qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari beradigan investitsiya shartnomasi mavjud bo‘lgan taqdirda (investitsiya shartnomasida ko‘rsatilgan investitsiya kiritish shartlari bo‘yicha).
 
Xabarnoma investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtiradigan qonun hujjati qabul qilingandan keyin istalgan vaqtda yuborilishi mumkin. Unda investor investitsiya kiritish shartlari yomonlashgan deb hisoblaydigan holatlar va kafolat amal qilish muddati mobaynida o‘zi qo‘llash niyatida bo‘lgan investitsiya kiritish sanasida amal qilgan normativ hujjat ko‘rsatiladi.
 
Xabarnoma chet ellik investorga nisbatan vakolatli organ tomonidan investitsiya kiritgan sanada amal qilgan qonun hujjati qo‘llanishi uchun asos hisoblanadi. U yuborilgan sanasidan qat'i nazar, investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtiradigan qonun hujjati kuchga kirgan paytdan boshlab amal qiladi.
 
Xabarnomani olgan vakolatli organ unga rozilik bildirmasligi va bunday holatda kafolatlar qo‘llanishining qonuniyligi to‘g‘risidagi yuridik xulosa uchun Adliya vazirligiga murojaat qilishi mumkin. Uni tayyorlashga ikki hafta ketadi. So‘ngra chet ellik investorga kafolat qo‘llanishi noqonuniyligi to‘g‘risida da'vo bildirishi mumkin. Buni tasdiqlovchi Adliya vazirligining xulosasi mavjud bo‘lgan taqdirda, da'vo bildirilganda davlat boji to‘lanmaydi.
 
Vakolatli organning Adliya vazirligi va sudga murojaat qilishi chet ellik investorga nisbatan kafolat qo‘llanishini to‘xtatib turish uchun asos hisoblanmaydi.
 
Hujjat 1.05.2020 yildan kuchga kirdi.

Top