18:56 / 08.05.2020
6132
Chuqur inqiroz yoqasidagi turizm: uni qutqarishning chorasi bormi? - Behruz Hamzayev bilan suhbat

Kun.uz pandemiya sharoitida turli soha vakillari bilan onlayn intervyularini davom ettiradi. Bu galgi suhbatdoshimiz – World Influencers Network (Xalqaro inflyuyenserlar tarmog‘i) asoschisi Behruz Hamzayev.

Behruz Hamzayev O‘zbekistonda turizm sohasi bilimdonlaridan biri sifatida tanilgan, bir muddat Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi maslahatchisi lavozimida ham ishlagan. Suhbat davomida koronavirus pandemiyasining turizmga ta'siri, xususiy sektordagi vaziyat, onlayn turizm, sohadagi ishsizlikka barham berish uchun innovatsion yechimlar, aviatsiya bozoridagi holat kabi qator mavzularda so‘z bordi.

Turizm – pandemiyadan eng ko‘p zarar ko‘rgan sohalardan biri

– Turizm 10 yil davomida faqat o‘sib kelayotgan soha bo‘lib keldi. Har o‘ninchi ishchi o‘rin turizm bilan bog‘liq va u asosiy daromad olib keluvchi sohalar ichida 3-o‘rinda turadi. Jahon turizm tashkilotining hisobotiga ko‘ra, dunyo turizmi pandemiya tufayli 1 trln. dollari atrofida zarar ko‘radi.

Bu sohada 100 milliondan ortiq aholi band edi va ular hozir ishsiz. Turizm o‘z o‘rniga qaytib kelishi uchun 18 oy muddat talab etiladi. Vaksina paydo bo‘lguncha insonlar sayohat qilishdan voz kechishadi.

Yaqinda xabar o‘qidim: Argentina sentabr oyigacha xorijga parvozlarini to‘xtatdi. Pandemiyadan keyin turizm umuman boshqacha tus oladi.

«Qayta o‘nglanish uchun besh yil ketishi mumkin»

– Turizm asosan mustaqil kichik biznes egalaridan tashkil topgan sohadir. Aviaqatnovlar va mehmonxonalar tizimlari shular jumlasidandir. Turizmning jadal sur'atlarda rivojlanishida aviachiptalarning arzonligi muhim rol o‘ynagan. Aviaqatnov – turizmni yurgizuvchi dvigateldir. Shu sababli hukumatlar aviatsiyaga yordam berish orqali turizmni qutqarishga urinmoqdalar.

Mavjud aviakompaniyalarning 50 foizi bankrotlikka uchrashi mumkin.

Ikkinchisi – mehmonxonalar bo‘lib, ularga qaysidir ma'noda hukumat yordam berishi mumkin. Rivojlangan davlatlarda «bailout» tizimi bor, unda ma'lum sohalarga inqirozdan chiqib ketishi uchun hukumat tomonidan moliyaviy yordam beriladi. Masalan, soliq imtiyozlari, xodimlarga vaqtincha oylik to‘lash kabilar. Turizmda ko‘pchilik – o‘zini-o‘zi band qiluvchilardir. Birgina gidlarni oladigan bo‘lsak, O‘zbekistonda ular ishsiz qolishdi. Boshqa davlatlarda ham shunday. Lekin O‘zbekistonda bu vaziyat qiyinroq, chunki O‘zbekistonda bu kasb mavsumiy bo‘lib, bahor va kuzda ishlashadi.

Buning natijasida gidlar o‘z kasbidan voz kechishi mumkin. Boshqa sohalarga o‘tib ketish ehtimoli katta. O‘zi bizda gidlarga ehtiyoj katta edi. Pandemiyadan so‘ng bu yanada oshadi.

Turizm xizmat ko‘rsatuvchi sohalar tarmog‘i bo‘lgani sayyohlarga xizmat qilib kelgan kafe, restoran va mehmonxonalar ham katta zarar ko‘radi. Yana qayta o‘nglanish uchun bizga yana 5 yil kerak bo‘lishi mumkin.

«O‘zbekistonga eng ko‘p keluvchi xorijiy sayyohlarning ikki toifasi oqimi keskin kamayadi»

Behruz Hamzayev

– O‘zbek turizmi strukturasi tubdan o‘zgarishi kerak va tabiiyki, mavjud sharoitga moslashib boradi. Turizm avvalgiday bo‘ladi, deganlar adashadi. Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi mas'ul tashkilot sifatida yangi qoidalar bo‘yicha ish olib borishi kerak. Pandemiyadan so‘ng hozirgi ish uslubi bilan umuman ishlab bo‘lmaydi.

Shu paytgacha O‘zbekistonga keladigan sayyohlarning katta qismi keksa yoshdagilar edi va ularning koronavirusga chalinish ehtimoli yuqori. Undan tashqari, bunday toifadagi sayyohlar O‘zbekistonga yakka emas, guruh bo‘lib tashrif buyurishgan – yaqin istiqbolda esa guruh bo‘lib to‘planish tavsiya etilmaydi. O‘zi eng zo‘r yaxshi turistlar – qariyalar edi, chunki ular guruh bo‘lib sayr qilishadi va ko‘proq xarajat qilishadi.

O‘zbekistonga eng ko‘p keladigan sayyohlarning ikkinchi toifasi – bekpekerlar, ya'ni yosh sayyohlar edi. Bu toifa sayyohlar juda kam xarajat qilishadi, xarajatlarini tiyin-tiyinigacha hisob-kitob qilishadi. Pandemiyadan keyin sayyohat qilish narxi qimmatlashadi, natijada bu toifa sayyohlar ham kelmay qo‘yadi.

Chunki ilgari O‘zbekistonda 1 hafta sayohat qilish 2000 dollar bo‘lgan bo‘lsa, endi u 2 baravarga oshib ketishi mumkin. Ijtimoiy masofa talablariga rioya qilgan holda samolyotlarda 9 kishilik joyda 1 kishi joylashadi va chipta narxi ham oshib ketadi. Kelasi 18 oy ichida samolyot orqali uchadiganlar boy sayyohlar bo‘ladi.

«Ichki turizm stimul vazifasini bajarishi mumkin»

– Biznes sayohatlar ham tezda o‘nglanadi, chunki ishni yurgizish uchun harakat qilish lozim. Ichki turizm ham oyoqqa turib olishi mumkin. Karantindan chiqib olganimizdan so‘ng mamlakat ichki qismi ochiladi. 34 million aholiga egamiz va ular qayergadir sayohat qilishadi, xorijga sayohat qilmoqchi bo‘lib mablag‘ yig‘ib qo‘yganlar bor. Ularda pul bor, shuning uchun ichki turizm infratuzilmasini yaxshilab qo‘ysak, daromad olina boshlaydi.

Demak, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi kelasi 18 oy ichida ichki turizmga bor e'tiborini qaratishi zarur bo‘ladi. Kafe, restoran, kichik mehmonxonalar yopilib qolmasligi, turizm mutaxassislari boshqa ishga o‘tib ketmasligi uchun ichki turizm kichik bo‘lsa-da, stimul vazifasini o‘tashi mumkin.

«Yana bir yo‘l – O‘zbekistonni boy sayyohlar keladigan manzilga aylantirish»

– Yana bir taklif – turizmni diversifikatsiyalash. Bizda chipta narxi qimmat, boshqa mamlakatlar uchun O‘zbekiston uzoq bo‘lgani tufayli mamlakatni boy sayyohlar keladigan turistik manzilga (luxury destination) aylantirishimiz kerak. 1 million shunday sayyohlar kelsa, 10 millionning o‘rnini bosib ketadi. Balki hozirgi vaziyat tizimni tubdan o‘zgartirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Mana shu 18 oy ichida tubdan o‘zgarish uchun qulay vaqtdir.

Buni amalga oshirish juda qiyin emas. Birinchidan, mehmonxonalar sifati. Turistik markazlardan biri bo‘lgan Xiva, Buxoro, Samarqandda besh yulduzli mehmonxonalar yo‘q. Faqat Toshkentda bor. Boy turistlar sarflayotgan puliga yarasha xizmatlar ko‘rsatilishini talab qilishadi. Besh yulduzli mehmonxona ko‘p xonali bo‘lishi shartmas. Kichkina, lekin xizmatlari sifati yuqori bo‘lsa, besh yulduzli maqomga erishish mumkin.

Hozirgi sharoitda mablag‘imiz kam. Xo‘sh, nima qilamiz? 30 xonali mehmonxonada xizmatlar sifatini oshirib qo‘yish kerak va shu orqali katta daromad qilsa bo‘ladi.

Vaziyatni o‘nglash uchun «O‘zbekiston havo yo‘llari» nimalar qilishi mumkin?

– Bunda xalqaro tajribani o‘rganish samara beradi. BAAning Emirates airlines aviakompaniyasi yo‘lovchilarni samolyotga chiqarishdan oldin natijasi 15 minutda chiqadigan koronavirusni aniqlovchi testni qo‘llamoqda. Biron davlatga borsangiz, test topshirganingiz to‘g‘risida ma'lumotnomani ko‘rsatasiz va sizni karantinga joylashtirishmaydi. Testlar qimmat emas.

Shu tajribani o‘zimizda amalda qo‘llash har bir sayyohda ishonch hissini uyg‘otishga yordam beradi. Samolyot o‘rindiqlari himoya qobiqlari bilan o‘ralsa, xodimlar sanitariya qoidalariga amal qilsa, ishonchim komilki, ko‘p sayyohlar O‘zbekistonga kelishiga erishamiz.

Shunga mutanosib ravishda transport tizimi ham yangi talablarga moslashtirilishi kerak.

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi pandemiya paytida onlayn turizm yo‘lga qo‘yilishi haqida ma'lum qildi

– Bu haqida xabarlarda o‘qidim. O‘zimgayam qiziq bo‘ldi. Onlayn turizm, aslida, qanday bo‘lishi haqida ma'lumotga ega bo‘la olmadim, afsuski. To‘liq tushuncha berilmagan. Har qanday so‘zga onlayn qo‘shilsa, yangilik bo‘lib qoladi, deganimas. «Virtual turizm» nazarda tutilgandir, balki.

Bu bo‘yicha taklifim bor: hozir O‘zbekistonda barcha gidlar ishsiz. Ularga diqqatga sazovor joylarga, jumladan, qadimiy ziyoratgohlarga kirib, o‘sha yerdan jonli efirlar qilib, ijtimoiy tarmoqqa joylashlariga imkoniyat yaratib berish lozim. Videoni tomosha qilish 50 sent yoki 1 dollar qilib qo‘yilsa, ko‘pchilikka qimmatlik qilmaydi va uni bajonidil qo‘rishi mumkin.

Ham virtual tarzda mablag‘ topish, ham sayyohlar ong ostiga O‘zbekistonga karantindan keyin, albatta, kelish fikrini singdirsa bo‘ladi.

Ichki sayyohlarni jalb qilish uchun turizmning qaysi turlariga e'tibor qaratish kerak?

– Karantin tugagach, ko‘pchilik ehtiyotkor bo‘lib qolishi tabiiy. Gavjum joylardan qochishga harakat qiladi. Ziyorat turizmi bilan odamlarni jalb qilolmaysiz. Ekoturizm imkoniyatlaridan foydalanish katta foyda beradi. Tabiat qo‘yniga sayohat qilganingizda, ijtimoiy masofani saqlashga hojat qolmaydi. Odamlar kam bo‘ladi. O‘zbekistonda sayohat qilishga arziydigan tabiat manzaralari juda ko‘p, lekin ko‘pchilik bilmaydi. Shu joylarda sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratilishi lozim.  

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top