14:44 / 08.05.2020
35159
O‘zbekiston Tojikistonga gumanitar ko‘chma tibbiy konteynerlar jo‘natdi

Konteynerlardan koronavirus pandemiyasi davrida mobil shifoxonalar sifatida foydalanish ko‘zda tutilgan.

Foto: Facebook / Zafar Khudaykulov

7 may kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev gumanitar yordam sifatida Tojikistonga 144ta mobil tibbiy konteyner yuborgan. Koronavirusga chalingan bemorlarni joylashtirish va davolash uchun mo‘ljallangan tibbiy konteynerlardan iborat yordam yuk poyezdlari orqali 8 may kuni ertalab Dushanbe shahriga yetib borgan. Bu haqda O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasiga tayanib «Aziya-Plyus» sayti xabar bermoqda.

Bunday tibbiy konteynerlar qo‘shni yurtda koronavirus pandemiyasi paytida ko‘chma kasalxona sifatida ishlatiladi.

«Ular bemorlarni qabul qilish uchun kasalxonalarda joy yetishmaganda asqotadi», degan O‘zbekistonning Tojikistondagi elchixonasidagi manba.

Xabar qilinishicha, tibbiy konteynerlar to‘liq jihozlangan va ularda choyshablar to‘shalgan o‘rin, yuvinish xonasi va hojatxona mavjud. Hatto konditsionerlar ham o‘rnatilgan.

Tojikiston tomonining ma'lum qilishicha, tibbiy konteynerlar ko‘chma kasalxona tashkil etiladigan «Bofanda» stadioniga yetkaziladi.

Bundan avvalroq Dushanbe meri Rustam Imomali Tojikiston poytaxtida qurilishi tugallanmagan ko‘p qavatli binolardan ikkitasini kasalxona sifatida foydalanish uchun jihozlash to‘g‘risida ko‘rsatma bergan edi. Ular jihozlangandan so‘ng bir paytda 800 nafar bemorni qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Har ikkala bino ham hukumat mablag‘lari hisobidan aholini uy-joy bilan ta'minlash maqsadida qurilayotgan edi.

Shu bilan birga, Rustam Imomali hozirgi kasalxonalarda joy yetishmayotgan vaziyatni inobatga olib, mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib koronavirus yuqtirgan odamlarni davolash uchun imkon qadar tezroq uch ming o‘rindan iborat vaqtinchalik kasalxonalarni tayyorlashni buyurgan edi. Dushanbeda ana shunday vaqtinchalik kasalxonalardan biri «Bofanda» stadionida tashkil etilayapti.

Tojikistonda koronavirus aniqlangani ilk marta 30 aprel kuni e'lon qilingandi. Ushbu mamlakatda koronavirus yuqtirganlar soni ko‘payishda davom etmoqda. 7 may kuni koronavirusdan zararlanish holatlari soni 82taga oshib, jami kasallanish holatlari soni 461 nafarga yetdi. Shu vaqtgacha 12 kishi koronavirusdan vafot etgani tasdiqlangan.

Shu kunlarda tojikistonliklar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda poytaxt kasalxonalarida joy yo‘qligi va shu tufayli ularning o‘zini yoki qarindoshini davolash uchun qabul qilishmayotgani haqida xabar qoldirilmoqda. Ular koronavirusga chalinish holati yaqin kunlarda ko‘payib boraverishini inobatga olib hukumat barcha bemorlar uchun ko‘proq joy tayyorlashi kerakligi haqida yozishmoqda, hukumat bugun bo‘sh turgan mehmonxonalar, sport zallari va masjidlardan ham vaqtinchalik kasalxona sifatida foydalanishi lozimligi qayd etilmoqda.

Bundan avvalroq Tojikiston prezidenti Imomali Rahmonda ham koronavirus aniqlangani haqida xabarlar paydo bo‘lgan, lekin rasmiylar bu xabarni rad etgandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top