14:10 / 08.05.2020
4500
O‘zbekiston va Belarus prezidentlari pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni muhokama qildilar

Bugun, 8 may kuni, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat rahbarlari fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan bir-birlariga samimiy tabrik va tilaklar bildirdilar. Birodar xalqlarning Buyuk G‘alabaga erishishda beqiyos hissa qo‘shgani alohida qayd etildi.

Suhbatda O‘zbekiston va Belarus o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Keyingi yillarda ikki tomonlama savdo munosabatlari jadal rivojlanayotgani, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida ishlab chiqarish kooperatsiyasi kengayib borayotgani, hududlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi muloqotlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta'lim sohasidagi almashinuvlar faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish va sheriklikning yangi yo‘nalishlarini ilgari surish maqsadida qo‘shma Hukumatlararo komissiya doirasidagi uchrashuvlarni, shu jumladan videoanjumanlar shaklida davom ettirishga kelishib olindi.

Prezidentlar pandemiya bilan bog‘liq ikki mamlakatdagi vaziyatni muhokama qildilar hamda koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda aloqador idoralarga yaqin muvofiqlashuv va hamkorlikni ta'minlash bo‘yicha topshiriq berdilar.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik qator dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi doirasida ko‘p tomonlama qo‘shma tadbir va dasturlarni amalga oshirishga alohida e'tibor qaratildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top