22:21 / 08.05.2020
21031
Reportaj: Sirdaryoga yuborilayotgan ko‘mak yuklari qayerda va qanday saqlanmoqda?

Sirdaryo viloyatidagi toshqin jabrlanuvchilariga butun respublikadan insonparvarlik yordamlari yuborilmoqda. Kun.uz muxbiri olib kelinayotgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotarining saqlanishi, nazorat qilinishi va taqsimlanishi qay tartibda yo‘lga qo‘yilgani bilan qiziqib, Guliston shahridagi markaziy omborxonada bo‘ldi.

Ma'lum bo‘lishicha, ushbu oziq-ovqat va nooziq-ovqat omborxonalariga prokuratura xodimlari mas'ul etib biriktirilgan.

Guliston shahridagi markaziy omborxona uchun mas'ul bo‘lgan viloyat prokurori o‘rinbosari Baxtiyor Ahmedovga ko‘ra, kelayotgan barcha insonparvarlik yordamlari ro‘yxat qilinadi va hisobot topshiriladi.

Baxtiyor Ahmedov – Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari:

«Mahsulotlarni tizimli ravishda qabul qilib olish, saqlash va tarqatish maqsadida viloyat prokuraturasi, viloyat departamenti, viloyat MIB va boshqa idoralar bilan hamkorlikda shtab-ishchi guruhi tuzildi. 8ta tadbirkordan omborxonalari vaqtinchaga foydalanishga olingan.

Soliq idoralari, moliya idoralari va statistika idoralaridan mutaxassislar, hisobchilar yordamga chaqirilgan. Har bir ombor narsa saqlash uchun iqtisoslashtirildi va mahsulot turi bo‘yicha moslashtirildi», – deydi Baxtiyor Ahmedov.

Uning aytishicha, har bir omborga kelayotgan mahsulotni sanitariya talablariga javob berishini tekshirish maqsadida sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari biriktirilgan.

Bundan tashqari, har bir omborni qo‘riqlash uchun Milliy gvardiya hodimlari qo‘yilgan.

«Kelayotgan mahsulotlar asosan markaziy omborga keladi va uning turiga qarab, agar omborda joy bo‘lsa shu omborga, bo‘lmasa boshqa omborlarga joylashtiriladi. Mahsulotlarni talabga javob beradigan qismini SEOM xodimlari ko‘radi, fikrini aytadi va shu asosda bu yerdagi omborxonaga tushiriladi.

Mahsulot tushirilgandan so‘ng, mahsulot turi, qaysi tashkilotdan yoki fuqarodan kelgani bo‘yicha tashkil qilingan hisobchiga kiritiladi. Umumiy hisob-kitob kunlik yuritiladi», – dedi Sirdaryo viloyati prokurori o‘rinbosari.

Baxtiyor Ahmedovga ko‘ra, kelib tushgan mahsulotlar tuman hokimliklari qoshida tuzilgan ishchi guruh, mahalla va boshqa idoralar tomonidan talabgorlarga tarqatiladi.

«Toshqindan zarar ko‘rgan fuqaro kimnidir uyida yoki qarindoshinikida yashayotgan bo‘lsa, ular mahallalar orqali talabnomani tuman hokimligiga beradi va markazlashgan holda bu yerdan olib ketiladi.

Toshqindan zarar ko‘rgan va biror bir muassasaga joylashtirilgan fuqarolarga esa birinchi navbatdagi muhim mahsulotlar, oziq-ovqat va kiyim-kechaklarni yetkazib berish uchun mas'ul biriktirilgan. Mas'ul xodim kundalik talabini tuman hokimligiga taqdim etadi, hokimlik talabnomasi bilan bu yerdan moliya hodimlarimiz kuzatuvida mahsulotlar chiqib ketadi. Chiqimi hisobchilarimizga kiritiladi», – deya tushuntirdi u.

Viloyat prokurori o‘rinbosarining aytishicha, tez ayniydigan mahsulotlar uchun Mirzaobod tumanidagi korxonaning muzlatgichidan foydalanilmoqda. Go‘sht mahsulotlari esa muzlatgichga aylantirilgan kamerada saqlanyapti.

Ma'lum bo‘lishicha, fuqarolar tomonidan yuborilgan insonparvarlik yordamlari ichida qo‘lbola yopilgan konserva mahsulotlari ham uchrayapti. Ular maxsus sanitariya talablariga javob bermaganligi uchun aholiga berilmagan.

«Fuqarolarimiz talafot ko‘rgan odamlarga yordam qilaman deb o‘zida bor narsani berishga harakat qildi. Uyda yopilgan konservalarni olib kelishgan holatlar ham bo‘ldi. Ularni SEOM xodimi ko‘rib, tarqatishni taqiqladi.

Qolgan saqlash mumkin bo‘lgan, standartga javob beradigan, qadoqlangan, tez buziluvchi mahsulotlar sovutgichli omborlarda saqlanyapti. Ayrimlari yetib kelgan paytidayoq to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolarga yetkazib berilyapti.

Eng ko‘p talab oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘ldi. Hozir esa vaziyat o‘zgarmoqda, ko‘proq kiyim-kechak kerak bo‘lyapti. Talafot oqibatlarini bartaraf qilishga ishlatiladigan jihozlarga talab ham bo‘ldi. Misol uchun, ketmon, belkurak, rezina etik va qo‘lqoplar. Lekin asosiy talab – oziq-ovqat va gigiyena mahsulotlari», – dedi Guliston shahridagi markaziy omborxona faoliyati uchun mas'ul Baxtiyor Ahmedov.

Uning ta'kidlashicha, fuqarolar foydalanishga yaroqsiz holga kelib qolgan buyumlar va qadoqlanmagan oziq-ovqatlarni yubormaganlari ma'qul. Chunki ularni ishlatish sanitariya talablariga muvofiq bo‘lmay qoladi.

Yana boshqa bir omborxonada kiyim-kechak, ko‘rpa-yostiq va boshqa foydalanilgan buyumlar saralanayotgan ekan. Bu ishga mas'ul Nargiza Tojiboyevaning aytishicha, aholi tomonidan berib yuborilgan buyumlarning sakson foizi foydalanish uchun yaroqli holatda.

Nargiza Tojiboyeva – Sirdaryo viloyati Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:

«Bu yerga kelgan mahsulotlarni tartibga solish maqsadida jamoatchilik vakillari, Yoshlar ittifoqi a'zolari va ko‘ngilli volontyorlarni jalb qilganmiz. Bugunning o‘zida 200ga yaqin fuqaromiz shu yerda ishlashmoqda. Ular bilan jo‘natilgan yordam yuklari, ya'ni ko‘rpa-to‘shak, kiyim-kechaklar, idish-tovoqlarni saralab olyapmiz.

Kelayotgan buyumlarning 80 foizi yaroqli. Lekin yaroqsizlari ham viloyat SEOM tomonidan dorilanib, saralab olinyapti.

Hademay kuz keladi – fuqarolarning uylari bitgach, ko‘rpa-to‘shaklar, qozon-tovoqlarning hammasi albatta ularga taqdim etiladi.

Yordam yuboroqchi bo‘lgan fuqarolarimizga esa eslatib aytib o‘tmoqchimanki, buyumlarni yuborishdan oldin birinchi navbatda keraklimi-yo‘qmi, degan savolni oldimizga qo‘yib olsak. Qanaqa mahsulotga ehtiyoj bor, shularni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Va albatta, har bir jo‘natayotgan mahsulotimiz sanitariya talablariga javob berishi kerak», – deydi Nargiza Tojiboyeva.

Mavzu yuzasidan sanitariya-epidemiologiya nazorat inspeksiyasi vakili ham o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Shavkat Ergashev – Sanitariya-epidemiologiya nazorat inspeksiyasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi xodimi:

«Insonparvarlik yordamlari tarkibida kiyim-kechaklar, nooziq va oziq-ovqat mahsulotlari bor va yuklar kelishda davom etmoqda. Fuqarolarimiz sifati kafolatlangan oziq-ovqat mahsulotlarini yuborishlari maqsadga muvofiq. Sifati kafolatlanmagan yoki aniq bir yorliqqa ega bo‘lmagan, ishlab chiqarish sanasi yoki tayyorlanish joyi ko‘rsatilmagan mahsulotlarni aholi iste'moliga berib bo‘lmaydi.

Uy sharoitida tayyorlangan konserva mahsulotlari sanitariya qoidalari va me'yorlari asosida tayyorlanmaydi, ularning sifati bo‘yicha kafolat yo‘q, shu bois aholiga yetkazishni tavsiya qilmaymiz», – deydi Shavkat Ergashev.

Sirdaryoga insonparvarlik yordamlari kelishi davom etmoqda. Nafaqat davlat tashkilotlari, balki xususiy tadbirkorlar ham bu jarayonda faol qatnashishyapti. Faol fuqarolar tomonidan turli aksiyalar tashkil etilib, yordamlar to‘planmoqda.

Sirdaryo viloyati hokimligi qoshida tashkil etilgan maxsus shtab bilan quyidagi telefon raqamlari orqali bog‘lanish mumkin:

+99867 235 01 18

+99867 225 15 49

Shtabning xayriya maqsadida o‘tkaziladigan mablag‘lar uchun rekvizitlari quyidagicha:

Hisob raqam: 23402000300100001010

INN: 201122919

Shaxsiy g‘aznachilik hisob raqami: 400121860244017950100018066

INN: 201980453

MFO:00014

Eslatib o‘tamiz, Kun.uz toshqin oqibatida mol-mulkidan ayrilgan vatandoshlar uchun «Sirdaryoga yordam» xayriya aksiyasini tashkil etgan.

Mavzu
Sardobada suv toshqini
1 may kuni tongda Sirdaryo viloyatidagi «Sardoba» suv ombori dambasi devori buzilib, suv toshib chiqdi.
Barchasi
Top