08:40 / 09.05.2020
26299
Toshkentdagi sobiq «GUM» sotuvga qo‘yilmoqda

Obekt 303,5 mlrd so‘m miqdoridagi boshlang‘ich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida savdoga qo‘yiladi

Vazirlar Mahkamasining Toshkent shahrida bo‘sh turgan davlat mulki obektlaridan samarali foydalanish, investitsiyalarni jalb qilish asosida ularning faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha farmoyishi qabul qilindi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Adliya vazirligi, Moliya vazirligi va Toshkent shahar hokimligining Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, Chorsu maydoni, 3a-uy manzilidagi “Toshkent savdo markazi” MChJga operativ boshqaruv huquqi bilan tegishli bo‘lgan savdo markazining bino va inshootlarini belgilangan tartibda ommaviy savdolar orqali sotish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan baholash tashkilotining hisobotiga ko‘ra, obekt 303,5 mlrd so‘mga baholangan hamda mazkur baholash hisoboti ekspertiza natijasiga asosan haqqoniy deb topilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi obektning 303,5 mlrd so‘m miqdoridagi boshlang‘ich narxda “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida savdoga qo‘yilishini ta'minlaydi.

Bunda obekt ikki oy davomida “E-ijro auksion” elektron savdo maydonchasida sotilmagan taqdirda, uni sotish Davlat mulkini sotishda tender savdolarini o‘tkazish bo‘yicha davlat komissiyasi qarorida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

Farmoyishning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari - iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A. Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktori S.X. Bekenov va Toshkent shahar hokimi J.A. Ortiqxo‘jayev zimmasiga yuklandi.

Top