08:02 / 11.05.2020
34649

Shuhrat Qurbonov: «Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun pencionerlardan uzr so‘rayman»

Joriy yilning 7 va 8 may kunlari Humo to‘lov tizimi faoliyatida uzilishlar kuzatildi. Keyinchalik Milliy banklararo protsessing markazi ushbu holat bo‘yicha izoh berdi.

7 va 8 may kunlari, soat 11:00dan soat 13:00gacha POS terminallari orqali to‘lovlarni amalga oshirishda kuzatilgan qiyinchiliklarga pul mablag‘larini pensiya kartalariga o‘tkazish operatsiyalarining shiddatli ravishda o‘sishi, shuningdek bank kassalari va bankomatlari orqali pul mablag‘larini naqdlashtirish xizmatlariga talab yuqoriligi sabab bo‘lgani bildirildi.

«Milliy banklararo protsessing markazi» direktori Shuhrat Qurbonov Facebook’dagi sahifasida yuqoridagi holat bilan bog‘liq yana bir post qoldirdi.

Unda aytilishicha, «Milliy banklararo protsessing markazi» Humo to‘lov tizimining operatori hisoblanadi.

«To‘lov tizimining operatori nima bilan shug‘ullanadi? U tizim ishlashini ta'minlaydi va qo‘llab-quvvatlaydi - siz kartani terminalga qo‘yganingizda va to‘lovni bosganingizda to‘lov amalga oshirilishi uchun ishlaydi. Qisqacha aytganda, 7 va 8 may kunlari ikki soat davomida to‘lovlarni amalga oshirishda qiyinchiliklar bo‘lgani - bizning aybimiz, agar kerak bo‘lsa - mening aybim. Ammo biz kartalarni chiqarmaymiz, bankomatlar, terminallarni o‘rnatmaymiz, banklar va to‘lov tashkilotlaridan boshqa hech kim bilan ishlamaymiz.

Unda Humo nima va bularning barchasi bilan kim shug‘ullanadi? Humo ishtirokchilar - banklardan iborat. Ya'ni, 30ta bank aynan Humo’dir. Ular to‘lov tizimiga egalik qiladi. Markaziy bank ham, boshqalar ham emas, balki aynan ishtirokchi banklar. «Humo kartasini chiqardi» deyilganida, bu ishtirokchi bank kartani chiqarganligini anglatadi. Kartangizning yuqori qismida uni chiqargan bankning logotipi joylashgan.

Siz o‘zimni javobgarlikdan ozod qilyapman deb o‘ylashingiz mumkin, ammo bunday emas, to‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida qonun bor - u yerda hamma narsa yozib qo‘yilgan.

Milliy banklararo protsessing markazi operator sifatida bankomatlarni sotish bilan ham, kartalarni sotish bilan ham, terminallarni sotish bilan ham shug‘ullanmaydi, bizning vazifa juda oddiy - bu haqda yuqorida tushuntirdim.

Humo to‘lov tizimi xalqaro to‘lov tizimlariga xos bo‘lgan prinsiplarga asoslangan, xususan, PIN kodni kiritmasdan to‘lovlarni amalga oshirish imkonining mavjudligi, kontaksiz to‘lov, mijozni identifikatsiya qilmasdan karta hisobini masofadan boshqarish imkoniyatining berilmasligi hamda boshqalar. Bu to‘lov tizimining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib, u barchamiz o‘rgangan tajribadan farq qiladi.

Agar banklardan biri to‘lov tizimining xususiyatlari va uning imkoniyatlarini hisobga olmagan holda kartalar chiqarishga qaror qilsa, bank ushbu qaror uchun barcha javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Bu mijozlar ehtiyojlarini qondirish mexanizmi va qoidalari. Axir, har bir bank o‘z mijozining o‘ziga xos xususiyatlari va psixologik portretini yaxshi biladi, o‘z texnik imkoniyatlari haqida aniq tasavvurga ega va o‘zining zaif tomonlaridan xabardor. Ushbu ko‘rsatkichlar asosida bank kelgusida mijozlar bilan ishlash siyosatini ishlab chiqadi.

Ammo, afsuski, har doim ham shunday bo‘lmaydi, shuning uchun men o‘z nomimdan va Milliy banklararo protsessing markazi nomidan ushbu vaziyat tufayli yuzaga kelgan noqulayliklar hamda stress uchun pencionerlardan chin dildan uzr so‘rayman.

Mijozlar bilan ishlash jarayonini tashkil etishdagi muammolar to‘lov tizimida qisqa muddatli yuklamalarni keltirib chiqarganiga qaramay, biz o‘z imkoniyatlarimizni kengaytirishda davom etamiz hamda banklarni qo‘llab-quvvatlaymiz, bunda ular to‘lov tizimining qoidalariga rioya qilishi kerak, jumladan mijozlar bilan ishlashni tashkil etishi lozim», - deb yozadi Shuhrat Qurbonov.

Top