10:07 / 13.05.2020
2547
MTT kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom e'lon qilindi

Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizom tasdiqlanadi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Maktabgacha ta'lim tashkilotlarining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi e'lon qilindi.

Kengash yuridik shaxs hisoblanmaydi va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaydi. Kengash tashkilotni boshqarishda strategik organ hisoblanadi.

Kengashning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

tashkilotning ustuvor vazifalarini belgilash;

maktabgacha ta'lim tuman (shahar) bo‘linmasi tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan maktabgacha ta'lim tashkiloti direktorini saylash;

tashkilotning maqsadlari va vazifalarini hamda ularga erishish rejalarini tasdiqlash;

tashkilotda amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning bajarilishi va maqsadli ko‘rsatkichlarga erishilishi ustidan nazorat olib borish.

Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

hududiy bo‘linma tomonidan tavsiya etilgan nomzodlar tarkibidan tashkilot direktorini saylash, shuningdek uni egallab turgan lavozimidan ozod etish haqida takliflar kiritish;

tashkilotni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

tashkilot faoliyatini takomillashtirish, moliyaviy-xo‘jalik holati, daromadlar va xarajatlar, budjet va budjetdan tashqari hamda homiylik mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tashkilot direktorining hisobotlarini tinglash;

tashkilotning yillik moliyaviy rejalarini, ko‘rsatilayotgan pullik xizmatlar narxining miqdorlarini va tashkilot mulkidan foydalanganlik uchun ijara haqi miqdorini, shu jumladan auksiondagi boshlang‘ich narxni tashkilot direktorining ishtirokida tanishib chiqish va takliflar berish;

tashkilot direktori, pedagog va boshqa xodimlarining faoliyati bo‘yicha ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish;

tashkilotda tarbiyalanuvchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda ularni yaxshilash bo‘yicha ota-onalar va jamoatchilik tashkilotlari va homiylar bilan hamkorlik qilishda amaliy yordam ko‘rsatish;

tashkilotni rivojlantirishga doir ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bo‘yicha ta'lim tashkiloti direktorining dastur va rejalari yuzasidan hududiy bo‘linmaga takliflar kiritish;

tashkilotning xodimlarini rag‘batlantirish bo‘yicha hududiy bo‘linmaga takliflar berish.

Tashkilotda bolalarning sifatli ta'lim olishlari, ularga tegishli shart-sharoitlar yaratish hamda ta'lim-tarbiya jarayonlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkilot direktoriga ko‘maklashish uchun har bir tashkilotda Kengash tashkil etiladi.

Kengash 11 kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Bunda, Kengash tarkibiga tashkilotning pedagoglari orasidan 2 nafar, tarbiyachi yordamchilari orasidan 2 nafar, tashkilot ma'muriyatidan 1 nafar, tegishli hududiy bo‘linmadan 1 nafar, jamoat tashkilotlari va homiylar orasidan 2 nafar hamda har bir guruhida tarbiyalanuvchilarning ota-onalaridan kamida 3 nafar, a'zo kiritiladi.

Top