21:16 / 16.05.2020
9609
«Pasportimiz yo‘qolgan, O‘zbekistonga qaytish uchun berilgan guvohnomaning muddati 17 may kuni tugaydi» – Moskva oblastidagi o‘zbeklar

Rossiya Federatsiyasining Moskva oblastida qolib ketgan, 11 martda barcha hujjatlari yo‘qolgan, elchixona tomonidan O‘zbekistonga qaytish uchun berilgan, 17 mayda muddati tugaydigan vaqtinchalik guvohnoma bilan yurgan yigitlar Kun.uz tahririyatiga murojaat qilib, vatanga qayta olishmayotganini aytishdi.

Boburjon Yusupaliyev:

– Rossiya Federatsiyasi Moskva oblastida Istra shahar-okrugi Dedovsk shahrida turibman. 11 mart kuni –ayni karantin boshlangan paytda pasportim va hujjatlarim yo‘qolgan. Men turgan kvartiraning egasi men va do‘stimning pasportimiz, patentlarimiz va migratsiya ruxsatnomamizni “registratsiya”dan o‘tkazish uchun olgandi, ya'ni yangidan ro‘yxatga qo‘ydirish uchun. Yo‘lda ketayotib hujjatlarimizni tushirib qo‘ygan.

Boburjon Yusupaliyev

Ertasi kuni u yurgan yo‘ldan yurib hujjatlarimizni izladik. Lekin topolmadik. Ro‘y bergan holat bo‘yicha ichki ishlar idorasiga murojaat qildik. Biroq ular ham hujjatlarimizni topib berisholmadi. Qo‘limizga hujjatlarimiz yo‘qolgani haqida talon yozib berishdi.  

Hujjatlarimiz yo‘qolishidan oldin qonuniy ishlab kelayotgandim. Bazada falsovkachi bo‘lib ishlardim. Karantin paytida ishimni yo‘qotdim. Ikki oydan beri ishsizman. O‘zbekistonga qaytish uchun charter reys qo‘yilishini kutib o‘tiribman.

Yaqinda ko‘chada qolishim ham mumkin. Chunki kvartira to‘lovini to‘laydigan sana kelyapti. Uy egasi pulimiz bo‘lmasa odamgarchilik qilib o‘tirmaydi. Kvartirada bir kishilik joy uchun 5000 rubl to‘layman, yana 5000 rubl bir oylik yeb-ichishimga ketadi.

O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptaga ham pul kerak. Ishlay desam hujjatlarim yo‘q. Aksiga olib ishxonam ham yopilgan. Hujjatsiz ish izlab ko‘chaga chiqsangiz, politsiyaning qo‘liga tushasiz. Ular hujjatimiz yo‘qligini bilib masxaralaydi.

Elchixonaga pasportim yo‘qolgan kunning ertasiga, ya'ni 12 mart kuni murojaat qilganman. 14 mart kuni borib ariza topshirganmiz. Elchixona xodimlariga katta rahmat, 17 mart kuni menga O‘zbekistonga qaytish uchun guvohnoma – shaxsimni tasdiqlovchi vaqtinchalik hujjat qilib berishgan. 17 mart kuni chegaralar yopilib, aviaqatnovlar to‘xtatilgan ekan. Shu bilan qolib ketdik.

Men 17 mart kuni charter reyslar uchun navbatga yozilganman. Moskva – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha navbatdagi charter reys 18 may kuni qo‘yilishi e'lon qilindi, lekin 17 may kuni qo‘limdagi vaqtinchalik guvohnomaning muddati tugaydi. Bu hujjat bilan qaytib ketolamanmi-yo‘qmi, bilmay boshim qotib turibdi. Elchixonamizning telefonlariga bir kunda yigirma martalab qo‘ng‘iroq qilyapman, Telegramdagi akkauntlariga qayta-qayta yozayapman, ayrimlari o‘qilgani yo‘q, ayrimlari o‘qildi, lekin savollarimga javob berilmadi.

Mavlonbek Komilov:

– Boburjon bilan ro‘y bergan holat men bilan ham sodir bo‘ldi, u bilan birga turamiz, bir joyda ishlardik. 10 mart kuni patent pulini to‘lab, “registratsiya”mizni yangilash uchun hujjatlarimizni “xozyayka”ga berdik. U qaytib kelib hujjatlarimizni yo‘lda yo‘qotib qo‘yganini aytdi. Undan keyin nimalar bo‘lganini sherigim yuqorida batafsil aytib o‘tdi.

Mavlonbek Komilov

27 mart kuni O‘zbekistonga charter reys qo‘yilgan ekan. Elchixonaga pasportimiz yo‘qolganda ariza topshirganimizda va charter reyslar uchun ro‘yxatdan o‘tganimizda Boburjonning raqamini qoldirgandik, chunki mening telefonim yo‘q edi.

Elchixonadagilar 26 mart kuni kechki payt Boburjonga telefon qilishgan. U bu vaqtda uxlayotgan bo‘lgan, shuning uchun qo‘ng‘iroqqa javob berolmagan. Ertasi kuni ertalab o‘sha raqamga qaytib qo‘ng‘iroq qilganimizda telefonni ko‘tarishmadi. Shu kuni elchixonaga borib uchrashdik.

U yerda bizga charter reys jo‘nab ketgani, bizni keyingi reysga yozib qo‘yishganini aytishdi. Shundan beri hozirgacha charter reysni kutyapmiz. 18 may kuniga charter reys qo‘yildi, lekin ketolamizmi-yo‘qmi, bizni chaqirishadimi-yo‘qmi bilmaymiz.

Qo‘limizdagi vaqtinchalik hujjat – O‘zbekistonga qaytish guvohnomasining muddati 17 mayda tugaydi. Muddati o‘tib ketmasdan yangilab olaylik, 18 maydagi maxsus reysdan qolib ketmaylik deb elchixonaga bordik, lekin politsiyachilar elchixona yopiq, ishlamayapti, ketinglar deb bizni haydab yuborishdi. Uzoq joydan borganimiz, qolaversa, telefon va Telegram orqali savollarimizga javob ololmayotganimiz uchun bo‘sh qo‘l bilan qaytib ketgimiz kelmadi. Elchixona binosini aylanib o‘tganimizda politsiya xodimlari tutib olishdi. Qamab qo‘yish bilan qo‘rqitishdi. Yalinib-yolvorganimizdan keyin har birimizdan ming rubldan olib bizni qo‘yvorishdi.

Boburjon bilan bir joyda ishlardik. Ayni paytda ishxonamiz yopilgan, ishsizmiz. Oxirgi oyligimizni yeb o‘tiribmiz. Tez kunda qo‘limizdagi bor pul ham tugaydi. Aviachipta uchun tanish-bilishlardan qarz olmoqchimiz.

Elchixonadagilar holatimizni to‘g‘ri tushunib, navbatdagi charter reys qo‘yilishi bilan xabar beramiz, aviachiptaning narxini va uni qayerdan olishni, qaysi aeroportdan uchib ketilishini aytamiz deyishgan. Lekin mana bugun 15 may o‘tib bo‘ldi (suhbat 15 may kuni yozib olingan – tahr.), haligacha hech kim qo‘ng‘iroq qilmadi. 18 may kuni navbatdagi charter reys uchib ketadi, biz qolib ketishdan xavotirdamiz.

Kun.uz tahririyati maqolada ismlari keltirilgan ikki yigit bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha izoh so‘rab Tashqi ishlar vazirligining rasmiy saytida ko‘rsatilgan raqamlar orqali O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi vakillari, xususan, bosh konsul Mehriddin Xayriddinovning Telegram’dagi akkauntlariga xabar yo‘lladi. Hozircha ushbu xabarlarga hech qanday javob qaytarilgani yo‘q.

Voqealar rivojini kuzatishda va xorijda murakkab ahvolga tushib qolgan yurtdoshlarimizning muammolarini o‘rganishda davom etamiz.

Jamshid Niyozov suhbatlashdi

Top