08:39 / 18.05.2020
82121
Belgiyalik shifokorlar bosh vazirni “sharmandalik yo‘lagi” bilan kutib olishdi

Belgiya poytaxti Bryusselda shifokorlar mamlakat bosh vaziri Sofi Vilmesga norozilik sifatida uni “sharmandalik yo‘lagi” bilan kutib olishdi.  

Foto: Le Soir

16 may kuni bosh vazir mamlakatda koronavirus epidemiyasi boshlangandan keyin ilk bor poytaxtdagi 2 ta shifoxonaga tashrif buyurgan. Sen-Per shifoxonasida uning korteji jonlantirish bo‘limi tomon yo‘nalayotganda, yo‘l bo‘ylab tizilib turgan shifokorlar va hamshiralar bosh vazir avtomobiliga namoyishkorona tarzda teskari o‘girila boshlashgan. Vilmes shifoxonaga kirganda ham tibbiy xodimlar unga ters o‘girilib, o‘zlariga qarsak chala boshlashgan. Ushbu norozilik aksiyasida 120 ga yaqin odam ishtirok etgan. 

Ma'lum qilinishicha, tibbiy xodimlarning bunday norozilik bildirishiga ularning yetarlicha moliyalashtirilmayotganliklari va hukumatning tibbiy xodimlarni sanitar inqiroz holatida ish vaqtidan tashqari ishga chiqishga majburlovchi qarori sabab bo‘lgan.   

“Shifokorlar o‘tgan 2 oy ichidagi og‘ir mehnat uchun moliyaviy kompensatsiyalar to‘lanishi yoki maoshlar oshirilishini talab qiladi. Shifokor va hamshiralarimiz shundoq ham ish vaqtidan tashqari ishlashmoqda va hukumatning bunga majburlovchi qarorlari qattiq norozilikni keltirib chiqaradi”, deb aytgan shifokorlar kasaba uyushmasi vakili Dirk van Overtveldt.

Bosh vazir bunday “sovuq” qabulga izoh berib, tibbiy xodimlar muammolarini hal qilish uchun muloqot zarurligini aytgan. “Biror ish noto‘g‘ri ketayotganda eshitishni va tushuntirishni bilish kerak”, deb aytgan Vilmes. 

Sofi Vilmes

U tibbiy xodimlarni ham moddiy, ham ruhiy qo‘llab-quvvatlashga va'da bergan.

Kasaba uyushmalari vakillarining ta'kidlashicha, aynan Vilmes budjet ishlari vaziri lavozimini egallagan kezda tibbiy xizmat ko‘rsatishga xarajatlarni kesib tashlagan.

Ta'kidlanishicha, Belgiyada tibbiy xodimlarga moliyaviy yordam ko‘rsatish masalasi apreldan beri ko‘rilmoqda, biroq bu borada hali aniq qarorlar qabul qilinmagan.

Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, 11 millionlik Belgiyada koronavirusga chalinganlar soni 55280 nafarni, undan vafot etganlar 9052 nafarni tashkil qilmoqda. Mamlakatda virusga testlar kasallikning og‘ir alomatlaridagina o‘tkazilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top