Jahon | 10:49 / 01.02.2023
6551
3 daqiqa o‘qiladi

Belgiyada nemislarni xavotirga solgan atom reaktori o‘chirildi

Belgiya atom energiyasidan bosqichma-bosqich voz kechish doirasida "Tianj" atom elektr stansiyasining ikkinchi reaktorini to‘xtatdi. Bir necha yil oldin reaktor korpusida yoriqlar aniqlangan, bu esa 60 km uzoqlikda joylashgan Axen aholisini xavotirga solgan edi.

Foto: foronuclear.org

Belgiyada 1 fevral, chorshanbaga o‘tar kechasi Lej provinsiyasidagi "Tianj" atom elektr stansiyasining 40 yillik faoliyatidan so‘ng ikkinchi reaktori o‘chirildi. "Tianj" atom elektr stansiyasi Germaniyaning Axen shahridan taxminan 60 km uzoqlikda joylashgan.

Germaniyaning atrof-muhit, tabiatni muhofaza qilish, yadroviy xavfsizlik va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish vaziri Shteffi Lemke qo‘shni davlat qarorini olqishladi. Lemke ta’kidlaganidek, "Tianj-2" reaktorining to‘xtatilishi "ikki davlat aholisi uchun xavfsizlikni sezilarli darajada oshirishni kafolatlaydi".

Bir necha yil avval elektr stansiyaning ikkinchi reaktori korpusida o‘nlab yoriqlar va minglab nuqsonlar aniqlangan edi. Belgiya hukumati "Tianj-2"ning ishlashi xavf tug‘dirmasligiga ishontirdi. Biroq, yoriqlar haqidagi ma’lumotlarning e’lon qilinishi nafaqat belgiyaliklar, balki qo‘shni Niderlandiya va Germaniyada ham reaktorni to‘xtatish talabi bilan norozilik va sud jarayonlari to‘lqiniga sabab bo‘ldi. Mahalliy hokimiyat organlari Axen aholisiga radiatsiyaviy avariya holati uchun yodga boy preparatlar tarqatdi.

2022 yil sentabr oyi oxirida Belgiyaning Antverpen yaqinidagi "Dul" atom elektr stansiyasining xuddi shunday konstruksiyadagi reaktorlaridan biri o‘chirilgan edi.

"Dul" va "Tianj" atom elektr stansiyalaridagi reaktorlarning to‘xtatilishi Belgiyaning atom energetikasini bosqichma-bosqich to‘xtatish dasturining bir qismidir. 2003 yilda tegishli qonun qabul qilindi, unga ko‘ra mamlakat 2025 yilgacha barcha atom elektr stansiyalarini to‘liq yopishi kerak edi. Biroq o‘tgan yilning mart oyida Ukrainadagi urush va undan kelib chiqqan energetika inqirozi fonida qirollik hukumati ushbu rejani to‘liq amalga oshirishni 10 yilga kechiktirishga qaror qildi.

"Biz noaniq paytlarda aniqlikni tanlaymiz. Ikkita reaktorning ("Dul-4" va "Tianj-3") ishlash muddatini o‘n yilga uzaytirish mumkin, deb qaror qildik", degandi o‘shanda Belgiya bosh vaziri Aleksander De Kroo. Shu bilan birga, u mamlakatning energetik mustaqilligini mustahkamlash uchun qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish jarayonini tezlashtirishga va’da bergan.

Mavzuga oid