09:10 / 19.05.2020
83780
Boysunning olis tog‘ qishlog‘ida voyaga yetmagan farzandlari bilan yashayotgan 90 yoshli otaxon: ularga nima tahdid solmoqda?

Dug‘oba — Surxondaryo viloyati Boysun tumanidagi olis tog‘ qishlog‘i bo‘lib, bahorning yog‘in-sochinli kunlari u yerga faqat UAZ mashinalarida borish mumkin. Chunki betakror tabiatga ega go‘shaga eltuvchi loy yo‘llardan to‘rt g‘ildiragi ham tortadigan UAZdan boshqa mashina sizni olib o‘ta olmaydi.

«Dug‘oba» mahallasining Qayroq qishlog‘iga 90 yoshli otaxonni yo‘qlash uchun Navro‘z kuni borgan edik. Keyinchalik karantin choralari kuchayib, murojaatni e'lon qilishimiz biroz ortga surildi.

Biz qariyb 90 yoshli Normurod ota Toshatov istiqomat qiladigan odmigina uyga kelganimizda otaxon hali tetik ekaniga guvoh bo‘ldik.

Normurod ota birinchi ayoli bilan 70 yoshigacha birga yashagan. Onaxon olamdan o‘tgan. Ular o‘g‘il farzand ko‘rishmagan; qizlari voyaga yetgach, turmush qurib, boshqa tumanlarga ko‘chib ketishgan. Kampiri vafot etganidan 5 yil o‘tib, 75 yoshida Normurod ota ikkinchi bor uylangan. Bu turmushidan hozir ikki o‘g‘li bor.

90 yoshli otaning katta o‘g‘li — 14 yoshli Xudoyberdi tug‘ilganida otasi 76 yoshda, kichigi Xoliqberdi dunyoga kelganida esa Normurot ota 78 yoshda bo‘lgan.

Biz bilan suhbat asnosida Normurod ota yoshligi va urush yillarini eslaydi.

Urush boshlangan 1941 yili u 10 yoshli bolakay bo‘lgan. Dalada mehnat qilayotgan front orti mehnatkashlariga yordam berganini, g‘alla o‘rganini, xirmonda yanchilgan bug‘doyni eshakka ortib, Sho‘rchi shahriga olib borib topshirganini esladi.

Bizga keyinroq ma'lum qilishlaricha, 90 yoshli otaxon urush yillari front ortida xizmat qilgan bo‘lsa ham, 9 may — Xotira va qadrlash kunida uni hech kim yo‘qlamagan.

Ayni paytda oila otaxonning 1,5 million so‘m atrofidagi pensiyasi bilan ro‘zg‘or tebratmoqda. Ayoli — Qurbonxol opa ishlamaydi, uy bekasi. Uy atrofiga olma va boshqa mevali daraxtlardan muxtasargina bog‘ qilishgan. Bir parcha yerda ro‘zg‘or uchun dehqonchilik qilishadi. Ro‘zg‘orga yarashagina chorvalari bor.

Qurbonxol opa biz bilan suhbatda farzandlarining kamolini ko‘rishni istashi, bolalari juda iqtidorli ekani, lekin bu yerda ular kamolotga yetishi uchun sharoit yo‘qligini aytib qoldi.

Qurbonxol opaning birinchi turmushidan ko‘rgan katta o‘g‘li Kamoliddin Termizdagi san'at kollejida tahsil oladi. Yigit jurnalistikaga, videoblogerlikka qiziqishini aytib qoldi.

Oilani ayni paytda o‘ta jiddiy bir muammo qiynab turibdi.

Bir vaqtlar Normurod otaning ota-bobosidan qolgan yeri maktabga olib beriladi. Hozir eski maktab bo‘shagan kollejga ko‘chirilgan. Oila o‘sha — maktabga berilgan, ota-bobosidan qolgan bir parcha yer qaytarib berilishini istamoqda.

Chunki ular istiqomat qilib turgan joy o‘ta xavfli bo‘lib, bir tomonini jar yamlamoqda, ikkinchi tomonidan ko‘chki xavf solib turibdi. Tog‘dan kelayotgan sel elektr simi simyog‘ochlarini ag‘darib ketgan, oilaning murojaatlariga qaramasdan mutasaddi idoralar hanuz uni to‘g‘irlab berishmagan.

Albatta, otaning oilasi, uning voyaga yetmagan yosh farzandlari xavfsizroq joyda yashashlari kerak. Ushbu materialni e'lon qilishga tayyorlayotgan chog‘imizda otaxonning rafiqasi Qurbonxol opa xavotir aralash sim qoqib qoldi.

Qurbonxol opaning hikoya qilib berishicha, tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘irlar va daryodagi sel o‘z ishini qilgan. Jar yanada kengaygan, tog‘ tomondan ko‘chki esa ochiq-oydin xavf solib turibdi.

Ayni paytda Normurod ota va bolalari o‘z uyida emas, vaqtincha xavfsizroq joyda jon saqlab turibdi ekanlar.

Biz Surxondaryo viloyati hamda Boysun tumanidagi mas'ullarni ushbu muammoga zudlik bilan e'tibor qaratishlarini, masala yuzasidan munosabat bildirishlarini so‘rar edik.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top