15:41 / 19.05.2020
17699
Hongkong: Xitoy ma'muriyati va muxolifat to‘qnashuvi davom etmoqda

Xitoyning Hongkong maxsus ma'muriy hududining Qonunchilik kengashi quyi qo‘mitalarida qonunlarni ko‘rib chiquvchi ichki qo‘mita raisligiga kelgan delegatsiya so‘nggi 17 yil ichida qabul qilinmagan ba'zi qonun loyihalariga yo‘l berishi va natijada Pekin hukumatini yanada kuchaytirishi mumkin.

Foto: Jérôme Favre/EPA

Ikki tomon bir-birini ayblamoqda

Ammo Xitoy hukumati Hongkong parlamentidagi muxolif delegatlar ushbu qonun loyihasining shu oy boshida kuchga kirishiga to‘sqinlik qilgani haqida bir necha bor bayonot berdi.

Mazkur bayonotlarda mintaqaning mahalliy kengashidagi qonunlarni ko‘rib chiqish uchun mas'ul bo‘lgan Ichki ishlar qo‘mitasining 6 oy davomida muxolifat vakillari tomonidan qo‘l-oyoqsiz holga keltirib qo‘yilgani aytildi. Shuningdek, tarkibiga Xitoy Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonun ham kiritilgan bir necha loyihalar ham muxoliflar tomonidan «ushlab» turilgani ma'lum qilindi.

O‘z navbatida, muxolifat vakillari ham Xitoyning Hongkong ichki ishlariga aralashishga haqqi yo‘q ekanini va u ushbu mintaqada kichik konstitutsiya deb nomlangan «asosiy qonun»ni buzganini ta'kidlashdi.

Xitoy tarafdorlari nega «o‘lib-tirilishmoqda»?

Xitoy hukumati va muxolifat o‘rtasidagi tortishuvlardan so‘ng Hongkong majlisida ko‘pchilikni tashkil qilgan xitoylik delegatlar orasida avval Ichki ishlar qo‘mitasi raisi vazifasini bajargan Starri Li 12 may kuni Ichki ishlar qo‘mitasi raisi, deb e'lon qilindi.

Ushbu voqea ortidan esa ikki tomon o‘rtasidagi ziddiyat yanada kuchayib ketdi. Natijada xitoyliklar delegatsiyasi va muxolifat o‘rtasida janjal kelib chiqdi.

Hongkong Bosh ijrochi direktori Kerri Lam va Qonunchilik kengashi prezidenti Endryu Leung qo‘mitani boshqarishga Starri Li vakolatli ekanini bildirdi.

Ma'lumot o‘rnida qayd etish lozimki, Ichki ishlar qo‘mitasi qonun loyihalarini ko‘rib chiqishdagi markaziy nuqta bo‘lib, bu yerda muhokama qilingan qonun loyihalari qo‘mita a'zolari tomonidan ma'qullangan taqdirda tasdiqlash uchun parlamentga yuboriladi. Shuning uchun ham hozirda Qonunchilik kengashida ko‘pchilikni tashkil qiluvchi (70 nafar) Xitoy tarafdorlari uzoq kutilgan loyihalarni qabul qilish uchun «o‘lib-tirilishmoqda».

Xitoy Davlat madhiyasi qonuni

Li ayni paytda qo‘mitada ko‘rib chiqilayotgan Xitoy Davlat madhiyasi to‘g‘risidagi qonunning qabul qilinishida ham muhim rol o‘ynashi mumkin.

Hongkong Bosh ijrochi direktori Kerri Lam madhiya to‘g‘risidagi va patentlarni qayta ko‘rib chiqish haqidagi qonunning ancha paytdan beri «ushlab» turilganini ta'kidlar ekan, «Biz ushbu ikki loyihani Qonunchilik kengashi tomonidan ko‘rib chiqilishini kutmoqdamiz», dedi.

Eslatib o‘tamiz, Xitoyning eng yuqori qonun chiqaruvchi organi – Milliy Xalq Kongressi 2017 yilning noyabr oyida davlat madhiyasini haqorat qilgan va tahqirlaganlarni 15 kungacha qamoqda saqlash, 1 yildan 3 yilgacha hibs etish va siyosiy huquqlardan mahrum qilishni nazarda tutuvchi qonunni qabul qilgandi.

Mazkur qonun esa Hongkongda xorijiy jamoalar bilan o‘tkazilgan futbol o‘yinida muxlislarning davlat madhiyasini norozi ohangdagi ovozlar bilan qarshi olganidan so‘ng qabul qilingandi.

17 yildan beri kutilayotgan «Hongkong milliy xavfsizlik qonuni»

Qo‘mita tomonidan muhokama qilinishi kutilayotgan, ammo qaysi jarayonda ekani hali noma'lum bo‘lgan «Hongkong milliy xavfsizlik qonuni» ham Pekin ma'muriyatining mintaqadagi ta'sirini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etishi mumkin. Zotan, 2003 yilda Hongkongda mazkur qonun qabul qilinishiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan va natijada Pekin ma'muriyati ortga chekinishga majbur bo‘lgandi.

Xitoyning Hongkongdagi aloqa byurosi direktori Luo Xuining 15 aprel kuni Hongkongdagi hukumatga qarshi guruhlarga nisbatan «Tashqi aralashuv, mustaqillik tarafdorlari va radikal zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun milliy xavfsizlik qonuni qabul qilish kerak», deb ta'kidlagandi.

Hongkong asosiy qonunining 23-moddasiga ko‘ra, agar mahalliy hokimiyat zarur deb topsa, Xitoy markaziy hukumatini yiqitish, xoinlikka tashviq va vatanga xiyonatga qarshi qonunlar qabul qilishi mumkin.

Hongkong – milliy xavfsizlikdagi «zaif halqa»

Ayni paytda Xitoy davlat kengashi Hongkong va Makao ishlari bo‘yicha direktori Shia Baolongning bosh ijrochi Lamdan milliy xavfsizlik to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni so‘ragani Hongkong matbuotida e'lon qilindi.

Shia va Lam aprel oyi oxirida Shinjin shahrida ko‘rishishdi. Shia o‘sha kun bosh ijrochi Lamdan qonunni tegishli tartibda jarayonga kiritish uchun barcha yo‘llar jiddiy tarzda ko‘rib chiqilishini talab qildi.

Shuningdek, shia Hongkong milliy xavfsizlikdagi «zaif halqa» bo‘lmasligi kerak, deb ta'kidladi.

Qayd etish kerakki, Covid-19 epidemiyasi sharoitida ham Xitoy hukumatiga qarshi norozilik namoyishlari davom etayotgan Hongkongda agar Milliy madhiya va Milliy xavfsizlik haqidagi qonunlar qabul qilinsa, hukumatga nisbatan muxolif kuchlarning qarshiligi yanada ortib ketishi mumkin.

Top