14:22 / 19.05.2020
12155
Mishustin ishga qaytdi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Mixail Mishustinga bosh vazirlik vakolatlarini qaytarib berdi. Mishustin koronavirusga chalingani ma'lum bo‘lgach davlat ishlaridan tanaffus olgandi. Bu vaqt davomida uning vazifalarini birinchi o‘rinbosari Andrey Belousov bajarib turdi.

Foto: DMITRY ASTAKHOV/TASS

Prezident Belousovning vaqtinchalik vakolatlarini bekor qiluvchi farmoniga imzo chekkan, u endi bosh vazir o‘rinbosari lavozimiga qaytadi.

Mishustin shu haftadan videokonferensiya orqali ishlashni boshladi. 18 may kuni u tibbiyot xodimlariga ustama to‘lash tartibini tanqid qildi va hozirga kelib mamlakatdagi 30ga yaqin region karantin choralarini yumshatishga tayyorligini aytib o‘tdi.

Mishustin 30 aprel kuni prezident bilan videoaloqa orqali muloqoti vaqtida o‘zida koronavirus aniqlangani haqida xabar bergandi. U Belousov nomzodini bosh vazir vazifasini bajarib turuvchi lavozimiga taklif qilgandi. Bosh vazirning davolanish jarayoni tafsilotlari ma'lum qilinmadi, faqat u Moskvadagi shifoxonalardan birida yotgani ma'lum edi.

Shundan so‘ng ayrim nashrlar u tuzalganidan keyin ham ishga qayta olmasligi va Belousov bu lavozimda doimiy asosda ishlashda davom etishi mumkinligini taxmin qilib chiqdi.

So‘nggi ikki hafta davomida Mishustindan tashqari Rossiya madaniyat vaziri Olga Lyubimova va Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskovga ham koronavirusdan zararlanish tashxisi qo‘yilgandi. Lyubimova 14 may kuni sog‘aydi, Peskov esa hozirda ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi bilan shifoxonada davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top