09:09 / 26.05.2020
8983
Andijon viloyatida jinoyat sodir etgan ayollarning har uchinchisi Andijon shahri hissasiga to‘g‘ri kelgan

Viloyatda 463 nafar ayol, 1 233 nafar yosh hamda 1 394 nafar ishsiz tomonidan jinoyatlar sodir etilgan.

Joriy yilning 25 may kuni Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining xalq deputatlari Andijon viloyati Kengashi deputatlari bilan birgalikda Andijon viloyatida sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmati xabariga ko‘ra, sayyor majlisda Senatning 2020 yilga mo‘ljallangan ish rejasiga muvofiq Huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish yuzasidan Andijon viloyatida amalga oshirilayotgan ishlarning holati muhokama qilindi. 

Foto: Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati

Majlisda ushbu yo‘nalishda uchrayotgan kamchiliklarga e'tibor qaratildi. Ta'kidlanganidek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikning barvaqt oldini olish borasida jamoat tashkilotlari bilan birgalikda ishlar yetarli darajada olib borilmaganligi oqibatida viloyatda 463 nafar ayol, 1 233 nafar yosh hamda 1 394 nafar ishsiz tomonidan jinoyatlar sodir etilgan. Bu borada Andijon shahrida vaziyat nisbatan og‘irlashgan bo‘lib, viloyatda jinoyat sodir etgan yoshlar va ishsizlarning har to‘rtinchisi hamda ayollarning har uchinchisi shahar hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Majlisda senatorlar tomonidan bu kabi jinoyatlarning o‘z vaqtida oldini olish choralari bo‘yicha sektor rahbarlari va boshqa mas'ul idoralar mutasaddilari tomonidan o‘z vaqtida choralar ko‘rilmaganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, sayyor majlisda Andijon viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining axboroti ham eshitildi.

Shuningdek, majlis kun tartibidagi birinchi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.

Top