21:45 / 27.05.2020
17916
Oqsayotgan ijtimoiy himoya tizimi: xato qayerda?

Pandemiya natijasidagi karantin va iqtisodiy inqiroz, Sardoba fojiasi, Buxorodagi tabiiy ofat... Bu voqealar zanjiri O‘zbekiston oldida anchadan beri ko‘ndalang turgan masala – ijtimoiy himoya tizimini samarali tashkil etish muhimligini yana bir karra ko‘rsatib berdi.

Yolg‘iz keksalar, boquvchisini yo‘qotgan kambag‘al oilalar, yolg‘iz onalar, ko‘p bolalari oilalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy himoyaga da'vogar qatlam hisoblanadi.

Kun.uz muxbiri O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini favqulodda va umumiy holatda qanday tashkil etish kerakligi, bu borada qanday xatolarga yo‘l qo‘yilayotgani xususida ekspertlar fikri bilan qiziqdi.

«Ijtimoiy himoya xayriyaga emas, inson huquqlariga asoslanishi kerak»

Dilmurod Yusupov, Buyuk Britaniyaning Sasseks universiteti qoshidagi Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti:

– O‘zbekistonda karantin rejimi joriy qilinishidan avval ham ijtimoiy himoya tizimi talabga javob bermasdi. Nogironlik nafaqasi, bolalikdan nogironlik nafaqasi 400 ming so‘m atrofida. Bu esa yashash xarajatlarini qoplamaydi. Respublikada iste'mol savatchasi, yashash minimumi tushunchalari hali to‘liq shakllanmagani tufayli ijtimoiy nafaqalar yashash xarajatlariga mos kelmaydi.

Nogironlik nafaqasini oluvchilar mustaqil yashay olmaydi, berilayotgan pul dori-darmonning o‘ziga zo‘rg‘a yetishi mumkin. Shuning uchun ular oila a'zolarining yordamiga tayanadi. Ammo karantin davrida ko‘pchilik o‘z hisobidan ta'tilga chiqishga majbur bo‘ldi, bu ularning oilalari daromadiga ikki hissa ta'sir qilmay qolmaydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ishlash Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi bo‘ynida. Nogironlik nafaqasini tayinlovchi tibbiy mehnat ekspertiza komissiyalari ham ularning qoshida. Ammo karantin davrida nogironligi bo‘lgan insonlar TMEKdan qay tartibda qayta o‘tishi mumkinligi, nogironlik muddatini uzaytirish shartlari aytilmadi. Reabilitatsiya vositalari (aravacha, eshitish moslamalari kabilar) qanday yetkazilishi haqida ma'lumot berilmadi.

Pandemiya davrida nogironligi bo‘lgan, ro‘yxatdan o‘tgan shaxslarga doimiy oladigan nafaqasidan tashqari shu miqdorda qo‘shimcha bir martalik to‘lovni qo‘shib berishni taklif qilgandim. Boshqa davlatlarda ijtimoiy nafaqalar karantin davrida oshirib berildi. Lekin bunday yordam O‘zbekistonda joriy qilinmadi.

Ijtimoiy ta'minotga muhtoj aholiga yordam ko‘rsatishda ko‘ngilli guruhlar – nodavlat-notijorat tashkilotlari, jamoat birlashmalarining ishtiroki bo‘lishi kerak. Ular egiluvchan bo‘lib, faoliyatini vaziyatga davlatdan ko‘ra tezroq moslashtira oladi.

Yordamni tashkil qilishda nogironlar birlashmalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerak edi. Misol uchun, ko‘z ojizlar jamiyati ko‘zi ojizlarga  yordam qay shaklda berilishi kerakligini davlat idorasidan ko‘ra yaxshiroq biladi.

Ammo O‘zbekiston boshqacha yo‘ldan bordi. Ko‘ngilli guruhlar yordam ko‘rsatishida noxush holatlar bo‘layotgani aytilib, ularning faoliyati taqiqlandi. Yagona muvofiqlashtiruvchi markaz tuzildi. Shu orqali yordam berishi tashkil etildi. Ishonch telefoniga tusha olsangiz, yordam keladi. Biroq, bilishim bo‘yicha, nogironligi bo‘lgan odamlarning aksariyati bu raqam bilan bog‘lana olishmagan. Qo‘ng‘iroqlar juda ko‘p bo‘lgani uchun tezda yordam bera olishmadi.

Odamlarning muammosidan kelib chiqib, unga unikal yordam ishlab chiqish uchun vaqt, kuch ketadi. Yordamlarinng barchasini bitta markaz orqali muvofiqlashtirmasdan, ko‘ngilli guruhlar bilan ijtimoiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak edi.

Bu holatlar hukumatga ijtimoiy himoya tizimini yangidan qurish uchun turtki bo‘lishi kerak. Muvofiqlashtiruvchi markaz faoliyatidan ham bilindiki, ehtiyojmandlarning yagona aniq ro‘yxati ishlab chiqilmagan. Ma'lumotlar bazasi yagona bo‘lishi va u yangilanib turishi kerak. Mahallalarning qo‘lda yuritadigan ro‘yxatlari talabga javob bermaydi. Ijtimoiy himoyaga muhtojlarning barchasi ham bu ro‘yxatlarga kiritilmagan.

Takliflar:

– Ijtimoiy himoya masalasiga javobgar yagona organ yo‘q. Bu funksiya har xil idoralar orasida taqsimlanib ketgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi nogironligi bo‘lgan insonlarga, «Muruvvat» va «Saxovat» uylariga qaraydi. Xalq ta'limi vazirligi maxsus maktab internatlari, mehribonlik uylariga javobgar. Mehnat vazirligi nogironligi bo‘lganlarni mehnatga yo‘naltirish bilan shug‘ullanadi. Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi nogironlik nafaqalari bilan ishlaydi.

Ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona mas'ul organ tashkil qilinishi va tizim bilan bog‘liq barcha vakolatlar unga berilishi kerak. Mazkur organda ijtimoiy ish bo‘limi tashkil etilishi, ijtimoiy xodimlar tayyorlash masalasi ham ko‘rilishi darkor.

– Tibbiy mehnat ekspertizasi komissiyalari faoliyati to‘liq isloh qilinishi kerak.

– Ijtimoiy nafaqalar yashash xarajatlariga moslashtirilishi, buning uchun iste'mol savatchasi, yashash minimumi qonuniy tasdiqlanishi kerak. Nafaqa miqdori yashashning bazaviy ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda hisoblab chiqilishi lozim.

– Nogironlikning tibbiy modelidan ijtimoiy modelga o‘tish lozim, ya'ni ijtimoiy himoya xayriyaga emas, inson huquqlariga asoslanishi kerak.

– Davlat «Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya»ni ratifikatsiya qilishi kerak.

Ma'lumot uchun, BMT 2006 yilda qabul qilgan «Nogironlar huquqlari to‘g‘risida»gi Konvensiyani MDH davlatlari orasida faqatgina O‘zbekiston va Tojikiston ratifikatsiya qilmagan.

«Xayriya tadbirlarini yagona aksiyaga birlashtirish shaffoflik talablariga javob bermaydi»

Aziza Umarova, davlat boshqaruvini modernizatsiyalash bo‘yicha mutaxassis, SmartGov.consulting ijrochi direktori:

– Pandemiya natijasidagi karantinda ham, Sardoba fojiasida ham O‘zbekistonda ijtimoiy himoya jarayoni bir xil ssenariy asosida kechdi – davlat mustaqil xayriya tashkilotlarining faoliyatini cheklab qo‘ydi, odamlarga voqea joyida bo‘lib, yordam ko‘rsatishga ruxsat bermadi. Buning o‘rniga xayriya harakatlarining barchasi bir tom ostida jamlandi. Bunday tizim shaffoflik talablariga javob bermaydi. Mablag‘lar qayerga va nima maqsadda sarflanayotgani haqida hech kim batafsil bila olmaydi.

Bunday tizimning shaffof ishlamasligini ko‘rsatuvchi birinchi signallar allaqachon berilmoqda. Pandemiya davrida aholini qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan jamg‘arma mablag‘lari Oqqo‘rg‘on tuman hokim o‘rinbosari tomonidan talon-toroj qilingani haqidagi xabar ham buni tasdiqlaydi.

Bunday holat boshqa hududlarda ham kuzatilayotgan bo‘lishi mumkin, qancha mablag‘lar o‘g‘irlanayotganini bilmaymiz hatto. Bunday salbiy holat vaqt o‘tishi bilan Sardobaga yordam ko‘rsatish jarayonida ham kuzatilishi mumkinligini hech kim istisno etmaydi.

Ko‘ngillilarning xayriya, yordam harakatlarini bir joyda jamlashning o‘rniga davlat budjeti hisobidan ko‘mak tizimi moliyalashtirilishi kerak. Davlat kuchi yetmagan o‘rinlardagina fuqarolik jamiyatidan yordam olishi, jamoat tashkilotlari, ko‘ngillilarni jalb qilishi, ularga manzilli yordam ko‘rsatishlari uchun imkon berishi lozim. Har holda, ko‘ngillilar hech qachon yordam uchun yuborilgan narsalarni yomg‘ir ostiga tashlab qo‘yishmagan bo‘lardi, xalqning pulini cho‘ntakka urib qolish haqida o‘ylashmaydi.

Takliflar:

– Ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona mas'ul organ tashkil etilishi kerak. U ijtimoiy ta'minot olishi kerak bo‘lgan fuqarolarning yagona aniq reyestriga ega bo‘lishi darkor. Ko‘p bolali oilalardan tortib, yolg‘iz keksalar, nogironlargacha – barcha ma'lumotlar yagona reyestriga kiritib borilishi kerak.

Ijtimoiy ta'minot tizimining samarasiz ishlash sabablaridan biri –  yordam kimga ko‘proq kerakligi haqida mahalla ham, bironta davlat organi ham to‘liq ma'lumotga ega emas. Har bir davlat organi o‘zining alohida ro‘yxatini mustaqil yuritadi, yagona to‘liq tizim mavjud emas. Bunday organning yo‘qligi, ijtimoiy ta'minot oluvchilarning yagona reyestri mavjud emasligi 1197 ishonch qo‘ng‘irog‘ining yaxshi ishlamasligiga ham sabab bo‘ldi – haqiqatan yordam muhtoj odamlar har doim ham kerakli yordamni ola bilmadi.

– Mas'ul organ mamlakatda ehtiyojmandlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatuvchi ijtimoiy xodimlar tizimini yaratishi kerak. Bu faqatgina pul yordami shaklida emas, inqirozli vaziyatdagi oilalarga patronaj xizmati, yolg‘iz keksalarni parvarishlash, yetimlarning jamiyatga integratsiyalashuviga yordamlashish, mehnat muhojirlarining oilalari bilan ishlash kabilar shaklida bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, ehtiyojmandlarni to‘liq qamrab olish maqsadida mazkur organ xayriya jamg‘armalari va nodavlat-notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi kerak. Fuqarolik jamiyati institutlari ehtiyojmand oilalar bilan ishlash uchun hokimiyatlardan ijtimoiy buyurtma qabul qilgan holda, davlat moliyalashtirishiga ega bo‘lishi mumkin.

Yangi islohot o‘tkaza olmasak, hech bo‘lmaganda, 2016 yilgacha mavjud bo‘lgan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi faoliyatini qayta tiklash kerak. 2016 yil mart oyida vazirlikning ijtimoiy himoya vazifasi olib tashlangan, faqatgina mehnat masalalari qoldirilgandi, ammo bu funksiya boshqa mas'ul organga ham berilmadi. Modomiki, xalqaro tajriba asosida, 21-asr talablariga mos keladigan tizimni ishlab chiqa olmasak, eski sovet tizimini qaytaraylik.

«Ijtimoiy ta'minot tarqatilayotgan oziq-ovqatlar ko‘rinishida emas, aynan naqd pul yordami shaklida bo‘lishi kerak»

Dilsora Komil, jamiyatshunos, Britaniya Kolumbiyasi universiteti PhD nomzodi (Kanada):

– Davlat qonunlarida karantin davrida xalqqa yordam berish bandi kiritilmagan bo‘lsa, davlatning odamlarga yordam berishi shart emas ekan, degan tushunchaning o‘z xato sanaladi. Chunki salomatlik bilan bog‘liq holat tufayli mehnatga layoqatsiz bo‘lgan shaxslarga davlat tomonidan nogironlik nafaqalari va ma'lum bir yoshga yetgan aholiga qariyalik pensiyalari joriy qilinishi hammaga ma'lum. Bu esa shunday toifadagi shaxslarning mehnatga layoqatsizlik holati davlat tomonidan ko‘rib chiqilgani va davlat ta'minoti zarur, deb topilganining belgisidir.

Shuningdek, homiladorlik va tug‘ish ta'tillarini ham, yosh bola parvarishi bilan bandlik holatlari va shu sababli ishlay olmaslik kabi cheklangan imkoniyatlarni davlat tan oladi va bu toifadagilarni iqtisodiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun yetarli sabab deb biladi.

Karantindagi insonlarni nogiron yoki pensiya yoshidagi, mehnat qilish imkoniyati cheklangan insonlar bilan bir qatorga qo‘yish imkonsiz emas, chunki ularning mehnat faoliyatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan ichki siyosiy holat davlat tomonidan majburan o‘rnatilgan.

Ushbu o‘lchovlar borligini hisobga olgan holda, aholining ishga yaroqli qismiga, huddi ishga yaroqsiz qatlamlari kabi to‘lanadigan miqdorda ijtimoiy nafaqalar bilan qo‘llab-quvvatlashni joriy etilishi mantiqan to‘g‘ri bo‘lardi.

Mehnat qonunchiligiga murojaat etilganda ham, majburiy ravishda ishdan bo‘shatilgan ishchilarga belgilangan muddatda, mehnat qonunlariga asosan oylik kirimlarining ma'lum bir qismini, ma'lum bir muddatda talab qilishga haqli bo‘ladilar.

Ammo, O‘zbekistonda mehnat qonunchiligiga asoslanib ijtimoiy yordam joriy etish juda qiyin. Chunki aholining katta qismi davlat qonunlaridan imtiyoz oladigan rasmiy sektorda mehnat qilmaydi.

Davlat qonunlarida karantin vaqtida aholini ijtimoiy ta'minoti qonunda ko‘zda tutilmagan deydigan shaxslar, davlatlar favqulodda holatlarda mavjud qonunlardan hamda ko‘p o‘rganilgan siyosiy va iqtisodiy mantiqdan kelib chiqib qarorlar qabul qilishi lozimligini tushunishlari juda muhim. Demak, siyosiy va huquqiy mantiq karantin tufayli ishsiz qolgan har bir fuqaro davlat qaramog‘ida bo‘lishga haqli ekanini ko‘rsatadi.

Takliflar:

– Ijtimoiy ta'minot tarqatilayotgan oziq-ovqatlar ko‘rinishida emas, aynan naqd pul yordami shaklida bo‘lishi va oziq-ovqat ta'minoti qo‘shimcha yordam sifatida tarqatilishi mumkin.

– Aholiga berilayotgan yordam masalasida o‘rnatilgan tartiblar talabga javob bermaydi. Bugun O‘zbekiston o‘z fuqarolarining kundalik ehtiyojlarini qoplash uchun iqtisodiy ta'minot masalasini qonun doirasida qayta ko‘rib chiqishi kerak.

– Ta'minot shakli va usuli qat'iy soddalashtirilishi lozim. O‘zbekistonning barcha turdagi boyliklari va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan mablag‘lari bugun xalq ehtiyoji uchun sarflanishi zarur.

Saodat Abdurahmonova tayyorladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top