12:33 / 29.05.2020
2821
Yunusoboddagi qator mavzelarda elektr energiyasi ta'minotida uzilish bo‘ldi

Yunusobod tumanida pudratchi tashkilot tomonidan tuman elektr ta'minoti korxonasi bilan kelishmagan holda yer qazish ishlari olib borilgan. Natijada, kabel tarmoqlari shikastlanib, avariya holati yuzaga keldi.

Foto: Hududiy elektr tarmoqlari

Bugun, 29 may kuni Yunusobod tumanining “Mega Planet” ko‘ngilochar savdo majmuasi hududidagi 3-, 12-, 13-, 14-, 15-, 16-, 17-mavzelar, 18-19-mavzelarda qisman hamda Bobodehqon, Kulol, Oqtepa mahallalaridagi aholi yashash xonadonlarining, shuningdek, tumandagi kichik sanoat zonasida elektr energiyasi ta'minotida uzilish sodir bo‘ldi. 

“Toshkent shahar elektr tarmoqlari”ning ma'lum qilishicha, 29 may kuni soat 08:21da Yunusobod tumanida pudratchi tashkilot tomonidan tuman elektr ta'minoti korxonasi bilan kelishmagan holda yer qazish ishlari olib borilgan. 

Natijada, hududdagi 110/35/10 kV kuchlanishli PS “Yunusobod”dan chiquvchi yuqori kuchlanishli 10 kV.li yer ostidan o‘tgan kabel tarmoqlari shikastlanib, avariya holati yuzaga keldi va “Dyukker”, “Parkoviy”, “Romashka”, “Buxoro”, “Obod”, “Almaz”, “Kolxozniy”, “Progress”, “Promzona gvardeyskaya” va “Mega planet” fiderlari kuchlanishsiz qolgan. Oqibatda yuqorida qayd etilgan mavzelar hamda MFYlardagi aholi yashash xonadonlari,  shuningdek, tumandagi kichik sanoat zonasida elektr energiyasi ta'minotida uzilish sodir bo‘lgan. 
 
Bildirilishicha, shu vaqtning o‘zidayoq “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” tizimidagi Yunusobod tuman elektr ta'minoti korxonasining tezkor brigadalarining asosiy kuch va texnikalarini jalb qilgan holda, yuzaga kelgan holatni zudlik bilan bartaraf etishga kirishildi.

Ayni vaqtda avariyali uzilishlarni bartaraf etish ishlari jadal olib borilmoqda. Kun davomida bosqichma-bosqich elektr energiyasini tiklash ishlari yakuniga yetkaziladi, deyiladi ma'lumotda.

Top