Jamiyat | 09:51 / 30.05.2020
27861
13 daqiqa o‘qiladi

«SULTONTEX» ishi: Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risidagi qonunga nega amal qilinmayapti?

26 may kuni prezident raisligida investitsiya masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan mamlakatga investorlarni, ayniqsa, xorijdagi yurtdoshlarni ko‘proq jalb etish taklifi bildirildi. Yig‘ilishda O‘zbekistonning ichida mahalliy investorlar tomonidan 10 milliard AQSh dollari iqtisodiyotga joriy qilinmay turilganiga ham urg‘u berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ha, koronavirus balosi butun dunyoga tahdid solib turgan bir paytda, O‘zbekistondagi ulkan ishsizlik muammosini hal etish uchun chet el investitsiyasi bilan birga, mahalliy investitsiyalarni ham jonlantirish talab etiladi. Buni hamma tushunib turibdi.

Ammo, yurtimizda endigina yetishib chiqayotgan mahalliy sarmoyadorlarimiz boshiga tushayotgan ko‘rguliklarni chetdan kuzatib turib, inson ancha umidsizlikka tushib qolar ekan.

So‘nggi ikki oyda internetda saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyatida paxtachilik va to‘qimachilikka ixtisoslashgan «SULTONTEX GROUP» klasteri faoliyati mahalliy rahbarlar tomonidan to‘xtatib qo‘yilayotganiga oid xabarlar tarqaldi.

Xalqaro investitsiya huquqini tadqiq etuvchi tadqiqotchi sifatida o‘zim ham bu ishga oid xabarlarni sinchiklab o‘rganib chiqdim.

Gapning qisqasi — Bosh vazir o‘rinbosari O‘.Barnoyev tomonidan imzolangan bayonnomada aks etgan va tuman hokimligining qonundan tashqari talablariga bo‘ysunmagani uchun hozir «voha arsloni» hisoblanmish bunday tadbirkor qiyin vaziyatga solinmoqda.

Kamina vohalik ham emasman, tadbirkorga aloqam ham yo‘q, undan yoki uni qo‘llovchi hech kimdan xat ham olmadim. Lekin, muammolar girdobida turgan jonajon yurtimda endigina oyoqqa turayotgan muvaffaqiyatli mahalliy tadbirkorning bunday toptalishi yurakni ezib yubordi. Ayniqsa, ushbu tadbirkor «Uzbek quality» nomi ostida yurtim nomini brendga aylantirmoqchi bo‘lganini ko‘rib alamim keldi.

Qachongacha axir?

Bu ishda xuddi «qora bozor» kabi davlat ichida qonunchilikdan tashqaridagi «ko‘rinmas boshqaruv tizimi» borligi ko‘zga tashlanmoqda. Barcha investorlar xususiy bo‘lishiga qaramay, o‘ziga aloqasiz bo‘lsa ham turli dasturlarda qatnashishi va rejalarni bajarishda ishtirok etishi kerak. Bo‘lmasa, xuddi «SULTONTEX» kabi kuni bitadi. Bu ham aslida shu paytgacha nega bizga Yaponiya, AQSh, Fransiya va Germaniya kabi huquqni ustuvor tutuvchi mamlakatlardan katta investorlar kirmaganini yaqqol ko‘rsatib beradi.

«SULTONTEX»ning aybi esa uning shu «ko‘rinmas boshqaruv tizimi»ga isyon qilganida. Boshqacha so‘z bilan aytganda, parlament qabul qilib, prezident imzo qo‘ygan qonunlarga bo‘ysunishni istaganida, xolos. Aslida, noqonuniy talab bilan chiqib, g‘alla uchun paxta klasteridan katta summani undirmoqchi bo‘lganlar jazolanishi kerak emasmi? Nega qonuniy manfaatini himoya qilayotgan yulduz tadbirkor sarson qilinyapti?

Rivojlangan davlatlar, ayniqsa Yaponiya va Janubiy Koreya tarixini o‘rganib amin bo‘ldimki, davlat obro‘si misqollab yig‘iladi, lekin uning to‘kilishi chelaklab bo‘ladi. Shunday ekan, O‘zbekiston davlati investitsiya iqlimining maftunkorligini bitta-bitta ishda ko‘rib, uni yaxshilashi lozim. Har bir kichik xato bizga millionlab emas, milliardlab dollarga tushadi.

Chunki xalqaro hamjamiyat, xorijiy investorlar va chet eldagi vatandoshlarimiz bizni o‘zimizdan ham ko‘ra yaxshiroq tarzda muntazam kuzatib turishibdi. Shunday ekan, biz avvalo ichkarida mol-mulkka hurmat va uning daxlsizligi masalasini nomus darajasiga ko‘tarishimiz darkor.

Bryussel, London, Vashington yoki Seul va Tokiodagi hashamatli 5 yulduzli mehmonxonalarda yuz minglab dollar sarflab katta gala kechalari va biznes forumlarni tashkil qilgandan ko‘ra, ijroiya organlari tomonidan qonun buzilishlariga barham berishning foydasi juda katta. Ishonavering.

«SULTONTEX» muammosi esa bizga shunday tarixiy imkoniyatni taqdim etyapti, chamamda.

Eslatib o‘tay, 2020 yilning yanvarida bizda tarixiy qonun kuchga kirgan: «Investitsiyalar va investitsiya faoliyati to‘g‘risida». Unda chet el investorlari bilan bir qatorda mahalliy investorlarni ham himoya qilishni baralla va'da berganmiz. Ko‘rinib turibdiki, bu qonun hali-hamon ishlamayapti. Vaholanki, bu qonunning 15-moddasida shunday deyilgan:

«Davlat investitsiya faoliyati sub'yektlarining huquqlarini kafolatlaydi. Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari investitsiya sub'yektlarining qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilayotgan faoliyatiga aralashishga haqli emas».

Shuningdek,

«Davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik mavjudligi faktidan investitsiya faoliyati sub'yektlarining investitsiya faoliyatiga bog‘liq bo‘lmagan boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklab qo‘yish uchun asos sifatida foydalanishi mumkin emas».

Voqealarni tushunishga harakat ham qilsa bo‘ladi: g‘alla rejasini bajarish kerak, bunga Bosh vazir o‘rinbosari mas'ul bo‘lgan. U ham yaxshi niyatda buni fermer va klaster egalari yordami bilan amalga oshirmoqchi bo‘lgan. Qachonki qarshilikka duch kelganida esa o‘zining noqonuniy harakatiga isyon qilgan qonuniy tadbirkorni «yo‘q qilish»ni ixtiyor etgan.

Rivojlangan dunyo mamlakatlarida bunday ssenariyni faqatgina kinolardagina topasiz. Bu o‘rinda «SULTONTEX» farishta demoqchi emasman, ammo, balki uning ham juz'iy kamchiliklari bordir. Ammo, qonun doirasida harakat qilayotgan klaster/fermerga bunday muomala qilish mutlaqo shart emas edi.

Eng yomoni, klaster tuzgan korxona bilan fermerlarning shartnoma tuzishlariga to‘sqinlik qilinishi — bizni ikki tomonlama investitsiya bitimlarimizdagi «kosvennaya ekspropriatsiya» atamasiga to‘g‘ri keladi.

Ya'ni, hokimiyat vakillari investorning mol-mulkini ochiqdan ochiq tortib olishmasa-da, u bilan boshqa fermerlar o‘rtasida shartnoma tuzilishini to‘sib, investorni bilvosita bankrotlikka yetaklashmoqda. Garchi, klaster boshlig‘i O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgani uchun ham unga bunday bitimlar tatbiq etilmasada, bu orqali hokimiyat vakillari xalqaro standartlarni buzayotgani ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Vaholanki, Investitsiya qonunining 27-moddasida shunday norma mavjud:

«Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida tegishli hududdagi investitsiya loyihalarini, …. o‘z vaqtida va samarali amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi omillarni aniqlash, ularni hal etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish».

Parlamentimiz tomonidan qabul qilingan shunday qonun borligiga qaramasdan, «SULTONTEX» ishini yana yurib ketishini, investitsiya salohiyatining kuchayishini qo‘llab-quvvatlash o‘rniga, «telefonimga javob bermaydi», «selektorga kelmaydi», «manmansiragan» kabi noqonuniy asoslar bilan bunday katta tadbirkorni yer bilan yakson qilish ilinjida yurishibdi.

Yig‘laymi yoki kulib devona bo‘laymi?

Bu yoqda yaponlar osmonni zabt etaman, sun'iy intellekt bilan 4-sanoat inqilobini jadallashtiraman, deya milliard-milliard dollar sarflab yotganini har kuni ko‘rib va his qilib turgan holda, endigina tetapoya qilayotgan o‘zbek tadbirkorini «ketmonsiz tepkilash»larini ko‘rib, afsus chekasan kishi.

Ochiq aytay: agar bu holat Yaponiya yoki Koreya kabi davlatlarda yuz bersa, hukumat butun tarkibi bilan istefo berishi aniq. Chunki, qonunlarga bunday bepisand qarash mutlaqo qabul qilinmaydi.

Umid qilamizki, ma'muriy sud bu ishni odilona hal etadi. Hokimlik vakillari o‘ziga yarasha jazolarini tuzukkina katta moliyaviy shaklda ham olishadi. Chunki, tadbirkorning hokimiyat vakillari tomonidan to‘sqinlikka uchragan bu muddat davomida ko‘rgan moddiy va ma'naviy zararlarining hammasini tuman hokimiyati va tegishli vazirliklar qoplab berishi kerak.

Faqat shunisi qiziqki, nega hamma sud qarorini kutib turibdi, yoz boshlanish arafasida. Investor esa ishini yurita olmayapti. Omborlarida mahsulotlari chirimoqda. Sudgacha ham ishlarni hal eta oladigan boshqa institutlarimiz ham bor-ku?!

Masalan, 2020 yanvardagi qonunda prezidentga to‘g‘ridan to‘g‘ri bo‘ysunuvchi Biznes vakil — Ombudsman instituti tashkil etilgan va unga bildirilgan ishonchlar juda katta edi.

«SULTONTEX» ishi — Biznes ombudsman o‘zini ko‘rsatib qo‘yishi uchun juda ham yaxshi imkoniyat. Chunki, qonunning 33-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil investitsiya faoliyati sohasida:

«O‘zbekiston Respublikasida investitsiya faoliyatini amalga oshirish jarayonida yuzaga keladigan masalalar bo‘yicha investorlarning va investitsiyalar ishtirokidagi korxonalarning murojaatlarini ko‘rib chiqadi hamda ularni hal etish uchun tavsiyalar beradi, shu jumladan mazkur masalada davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan o‘zaro hamkorlik qilgan holda tavsiyalar beradi;

yuzaga keladigan masalalarni suddan tashqari va sudga qadar tartibda hal etishda investorlarga ko‘maklashadi».

Balki, mahalliy tadbirkor biznes ombudsmanga murojaat qilmagandir, lekin shunday imkoniyatdan foydalanib, ombudsman o‘z tashabbusi bilan bu ishga aralashishi va muammoni ijobiy hal etishga harakat qilishi kerak emasmi? Lekin, shu kungacha na xabarlarda va na ombudsman saytida «SULTONTEX» bo‘yicha Biznes vakil tashkilotidan biror xabarni eshitdik. Nega? (Qayd etish joiz, biznes ombudsmanning viloyatdagi vakili Sheroz Shodiyev sud ishida qatnashmoqda — tahr.)

Unutmaylik: dunyo endi bir yagona hududga aylandi va chet eldagi investorlar bizni doimo kuzatib turishibdi. Yo biz oldingi hukumat davridagi achchiq tajribadan xulosa chiqarib, o‘zimiz qabul qilgan qonunlarga rioya etishni, xususiy mulkni muqaddas bilib, uni nomus sanab, himoya qilishga o‘rganamiz, yoki bo‘lmasam, hatto qonun ustuvorligi kabi davlat poydevori bo‘lgan prinsipni ham eplay olmaydigan haqiqiy ma'nodagi «uchinchi dunyo davlati» bo‘lib qolaveramiz.

Tanlov o‘zimizda.

Alisher Umirdinov,
Nagoya iqtisodiyot universiteti (Yaponiya) biznes huquqi fakulteti professori,
«Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a'zosi.

 TAHRIRIYaTDAN: 26 may kuni prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida investitsiya masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektorda viloyatlar bo‘yicha inflatsiya hisob-kitobi qilinganda, eng og‘ir vaziyat Qashqadaryoda kuzatilgani ma'lum qilingan edi.

«Eng og‘ir vaziyat Qashqadaryo viloyatida. Hamma narsa tashqaridan kirib kelyapti. Biror ko‘rsatkich inflatsiya nuqtayi nazaridan talabga javob bermaydi. Ichki imkoniyatdan kelib chiqib amalga oshirish mumkin bo‘lgan ish o‘rni ham tashqaridan kelyapti.

Viloyatga yetmish foiz mahsulot tashqaridan kirib kelyapti. Viloyatda faqat go‘sht bor. Boshqa biror soha mahalliylashtirilmagan», degan edi prezident yig‘ilishda.

Davlat rahbari Qashqadaryoda mahalliy investorlarni jalb qilish orqali nafaqat yangi ish o‘rinlarini yaratish, balki soliq tushumlarini ham ko‘paytirish imkoniyati mavjudligini ta'kidlab o‘tgan.

Biroq, Qashqadaryoda millionlab dollarga zamonaviy texnika va texnologiyalar xarid qilib, ish yuritayotgan mahalliy investorlarga munosabat shunday bo‘lib turibdi.

«Hamma viloyat hokimi yozib olsin. Endi har bir viloyat o‘zining investitsiya loyihasini kiritadi. O‘shanda viloyatning ishbilarmonlik muhitiga, viloyat hokimining dunyoqarashiga baho beraman», degandi prezident yig‘ilishda.

Lekin, viloyatda yanada ko‘proq ishchi o‘rni yaratish, zamonaviy ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi texnologiyasini joriy etish, paxtani to‘liq qayta ishlab, tayyor mahsulotlarni xorijga eksport qilish, respublikamizning qolgan hududlariga sotishni bosh maqsad qilgan «SULTONTEX GROUP» masalasida hozirgacha Qashqadaryo viloyati hokimligining rasmiy munosabati yoki bayonoti e'lon qilinmadi.

Mavzuga oid