O‘zbekiston | 10:16 / 27.05.2020
13928
2 daqiqa o‘qiladi

«Bir dollarini ham foydasi bilan olib ketishini kafolatlash kerak» – Investorlar uchun qonun ustuvorligi ta'minlanadi

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yillar davomida mamlakatga yirik investorlar kirib kelmagani sabablari haqida gapirdi.

26 may kuni prezident raisligida investitsiya masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektorda mamlakatga investorlarni, ayniqsa, xorijdagi yurtdoshlarni ko‘proq jalb etish taklifi bildirildi.

«Mana, rostini aytaylik, uch yildan beri harakat qilyapmiz. Zo‘r-zo‘r investorlar O‘zbekistonga keldimi? Kelgani yo‘q. Nimaga desangiz, tariximiz «zo‘r». Investitsion «tariximiz zo‘rligi» uchun ular hali kutib turibdi...

Qancha davlatga borib harakat qilyapmiz, lekin hali birortasi kelgani yo‘q. Amerika, Yevropadan investorlar qachon keladi? Ular O‘zbekiston haqida oldingi yillardagi holatdan kelib chiqib xulosa qiladi. Shuning uchun kim aytsayam kelmaydi.

Shuning uchun yangi tarix yaratadigan zamon keldi. Bu tarixning bitta mezoni bor, olib kirilgan bir dollarini ham foydasi bilan olib ketishini kafolatlashdir. Qolaversa, ular bilishi kerakki, bu yerda soliq tizimi har olti oyda oldingiga o‘xshab o‘zgarib turmaydigan, kafolat tizimi bo‘lsin.

Xorijliklarku mayli, mahalliy investorlarchi?! Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonning ichida 10 milliard AQSh dollardan ortiq mablag‘ bor. Nima uchun joriy qilinmayapti? Chunki qonun yo‘q.

Bir oy ichida bizda mukammal qonun bo‘lishi kerak. Keyin o‘zlari kelaveradi. Qonun bo‘lsa, kafolatlanadi. Faqat prezident farmoni emas. Ularga prezident gapi ham kerakdir, ammo qonun ustuvor bo‘lishi lozim», deya prezident so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Davlat rahbari sog‘liqni saqlash, oliy ta'lim, kimyo, elektrotexnika sohalariga alohida imtiyozlar berilishini ma'lum qildi. Mahalliy va xorijiy investorlar uchun o‘ziga xos preferensiyalar qo‘llanishi aytib o‘tildi.

Mavzuga oid