17:54 / 01.06.2020
34928
Sherzod Shermatov - Sergelidagi yangi maktablar, TV-darslardan xulosalar va ish o‘rinlari qisqarishi ehtimoli haqida

Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 may kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida foydalanishga topshirilgan 329-umumiy o‘rta ta'lim maktabi faoliyati bilan tanishib, ta'lim tizimiga oid qator tavsiyalar berdi. Kun.uz muxbiri tashrif yakunlari yuzasidan Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov bilan suhbatda bo‘ldi.

– Sherzod aka, mana onlayn darslar ham yakunlandi, dastlabki xulosalarning ayni vaqti. Nimalar ustida ishlash kerak, degan fikrga keldingiz?

– Karantin e'lon qilinganidan keyin qisqa vaqt ichida o‘quvchilar uchun videodarslar tayyorlash jarayoni boshlandi. Bu o‘qituvchilar va televideniye xodimlari uchun yangilik bo‘lgani uchun ba'zi qiyinchiliklarga duch keldik. Albatta, ular bosqichma-bosqich bartaraf etildi. Eng asosiy e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan jihat – bu o‘qituvchilarning teledarslar uchun ishlash ko‘nikmasini shakllantirish zarurati bo‘ldi. Kamera oldida ishlash ko‘nikmasi pedagoglarga darslarni yanada hayajonsiz va qiziqroq o‘tish imkoniyatini beradi.

Shu bilan birga, o‘qituvchilarimiz o‘z ustilarida ishlashlari va malakalarini oshirib borishi muhimligini yana bir marta angladik.

– Davlat rahbari Sergelida foydalanishga topshirilgan ta'lim maskanlarida bo‘ldi. Ayting-chi, maktabning avvalgi loyihalardan farqi qanday?

– Mustaqillik davrida mamlakatimizda qurilgan eng katta maktablarning quvvati 700 o‘quvchiga mo‘ljallangan. Poytaxtimizning Sergeli tumanida qurilgan maktab esa 1680 nafar o‘quvchini o‘z bag‘riga oladi. Ya'ni bu maktab mamlakatimiz mustaqilligi davrida qurilgan eng katta maktabdir.

Mazkur tumanda bunday maktablardan 4tasi foydalanishga topshirilmoqda.

Mamlakatimizda ko‘plab yangi uylar qurilmoqda, massivlar tashkil etilmoqda. Uy-joy qurilishi bilan bu massivlarda ijtimoiy obektlar, jumladan maktablarga ehtiyoj paydo bo‘ladi.

Xalq ta'limi vazirligi Qurilish vazirligi bilan birgalikda zamonaviy maktablarning bir necha loyihalarini ishlab chiqdi. Yaqin vaqt ichida mazkur loyihalar asosida mamlakatimizdagi maktablar bosqichma-bosqich ta'mirlanadi va quriladi.

– Bu loyihalarning afzalliklari nimada?

– Bu loyihalarda energiya tejamkor texnologiyalardan foydalaniladi. Misol uchun, chiroqlar odam harakatiga qarab yonadi va o‘chadi. Maktab to‘rt qavatli, bir qavat qo‘shish hisobiga maktab quvvati 430 o‘ringa ko‘paydi.

Bu yerda bolalarni kasbga yo‘naltirish, hunarga o‘rgatish xonalari tashkil etilgan. Kerakli jihoz, asbob-uskunalar, mehnat qurollari, mato va materiallar bilan ta'minlangan.

Maktab bitiruvchilarining bir qismi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishni davom ettiradi. Qolganlari esa mehnat bozoriga kirishi kerak. Shu tufayli maktab davridan boshlab farzandlarimizga kasb va hunar o‘rgatishimiz, jumladan internet tarmog‘i orqali xizmat ko‘rsatish imkoniyatini yaratishimiz kerak. Zamonaviy maktab loyihalarida ham bu masalaga katta ahamiyat beriladi.

Bundan tashqari, maktablarda zamonaviy axborot texnologiyalari ham joriy etilgan. Darslardan keyin o‘quvchilar turli to‘garaklarda ishtirok etishlari mumkin. Maktab uyga yaqin bo‘lgani uchun, ota-onalar bolalar xavfsizligidan xavotir olmasa bo‘ladi.

Chiroyli maktab qurildi, jihozlandi. Lekin to‘rt devor bolalarga ta'lim bera oladimi? Sharoitlar yaratilgandan so‘ng ta'lim sifati qanday ta'minlanadi?

Albatta, bu – eng muhim masala. 329-maktabni misol qilib olsak. 2019 yildan boshlab maktablarda Kuzatuv kengashlari faoliyat yuritmoqda. Kuzatuv kengashlari maktab direktorini tayinlash huquqiga ega. Mazkur maktabga poytaxtdagi obro‘ga ega, yuqori natija ko‘rsatgan nomzodlar ko‘rsatildi. Nomzodlar Kuzatuv kengashiga o‘z rejalarini taqdimot qildi. Kengash a'zolari ma'qul kelgan nomzodni tanladi.

O‘qituvchilarga kelsak, bu maktabga o‘qituvchilar tanlov asosida tanlab olindi. Bir o‘ringa 15 nafar mutaxassis da'vogar bo‘ldi. Ular test topshirishdi va eng yaxshi natija ko‘rsatgan mutaxassislar ishga qabul qilindi.

E'tiborli jihati, hozirgi kunda mazkur maktabning 100 foiz o‘qituvchilari oliy ma'lumotlidir. Respublikamizdagi maktablarda esa 36 ming nafardan ziyod o‘rta ma'lumotli o‘qituvchilar faoliyat yuritmoqda.

Maktablarda direktor, direktor o‘rinbosarlari, o‘qituvchilar va boshqa lavozimlarga raqobat kerak. Shundagina maktablarga malakali, bilimli va o‘z ustida ishlaydigan xodimlarni jalb qila olamiz.

Shu o‘rinda aytish lozim, o‘qituvchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash yo‘nalishida ham islohotlar olib borilmoqda. Asosiy masala – pedagog kasbiga iqtidorli va bilimli yoshlarni jalb qilishdir. Hozirda xorijiy hamkorlar bilan yangi pedagogika instituti tashkil qilish ustida ish olib borilmoqda.

Shuningdek, mamlakatimizda o‘qituvchilarni sertifikatlashtirish tizimi joriy etish rejalashtirmoqda. Bu tizim malakali o‘qituvchilarni aniqlashda va ularga qolgan o‘qituvchilarga nisbatan ko‘proq oylik to‘lash va rag‘batlantirish imkoniyatini yaratadi.

– Sentyabrda ham karantin bekor qilinmasligi ehtimoli bo‘yicha o‘ylanmoqdami? Bunday holda qanday choralar qo‘llanadi?

– Keling, yaxshi niyat qilaylik – bolalar maktabga borishsin. Ammo videodarslarni olishni davom ettiramiz. Yozda yoshlar ta'tilini mazmunli o‘tkazishi uchun Online-maktab telekanallari orqali xorijiy til, kasb o‘rgatish va bolalarning ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan ko‘rsatuvlar namoyish etish rejalashtirgan.

Shu bilan birga, Xalq ta'limi vazirligi tomonidan bosqichma-bosqich birinchi va ikkinchi chorak darslarini tasvirga olish ishlari olib boriladi.

– Karantinning uzoq davom etishi tizim xodimlarining qisqartirilishiga olib kelmaydimi?

– Hozirgi kunda xodimlarni qisqartirish bo‘yicha reja yo‘q.

Abror Zohidov suhbatlashdi.

Top