14:34 / 06.06.2020
16678
Kutilmagan burilish. Timo Vernerdan quruq qolayotgan «Liverpul» haqida

Tanaffusning eng yorqin voqealaridan biri Timo Verner atrofidagi mojarolar bo‘ldi, deyish mumkin. Hamma masala, bu yerda mojaro yo‘qligi, aslida - bir oyog‘i bilan Liverpulda bo‘lgan hujumchi birdaniga «Chelsi» libosini kiyishga yaqin turibdi. Transfer summasidan tortib, Vernerning haftasiga 170 ming funtlik maoshigacha ma'lum, hatto londonliklar mablag‘ni Alvaro Morataning transferidan qoplashlarini ham bilib oldik. Katta ehtimol bilan Bundesliganing eng yaxshi hujumchisi kelasi haftada «Chelsi» futbolchisi sifatida e'lon qilinadi.

Foto: Getty Images

Bu yerda «Liverpul»ning pozitsiyasi, birdaniga qo‘l tormozini tortib yuborgani qiziq, axir kechagina Yurgen va Tim telefonda bir yaxshi gaplashib o‘tirgandilar-ku? Ancha ishonchli manbaga qaraganda, bugungi inqiroz davrida «Liverpul»da birdaniga mablag‘ topilmay qolgan, buni Kloppga ma'lum qilishgan. Va uloq bir yarim yildan beri taqiq tufayli pul sarflamay, ancha pul jamg‘arib qo‘ygan «Chelsi» tomonga ketib qolgan.

Ochig‘i, «Liverpul» faqat shu sabab bilangina Vernerdan voz kechganiga ishonish qiyin. Vernerning «Leypsig» bilan shartnomasi omilkorlik bilan tuzilgan. Unda 15 iyunga qadar istalgan klub uni 60 million yevroga (53 million funt) sotib olishi mumkinligi ko‘rsatilgan, 15 iyundan keyin esa klub bilan muzokaralar o‘tkazishga to‘g‘ri keladi. 60 million yevro - bugungi o‘lchovlarda juda kamtar raqam. Bu pulga so‘nggi yillardagi o‘lchovlarda Gvardiola qanot himoyachisini sotib olmoqda. Inqiroz ta'sir qilgan taqdirda ham, agar Kloppga hujumchi juda kerak bo‘lganida, bemalol Origi, Shakiri kabi bir qator futbolchilardan voz kechish orqali, kerakli summani qisman to‘play olardi ham. Menimcha, gap «Liverpul»ning holatidan ko‘ra, Timoning «Enfild»dagi salohiyati haqida edi, balkim.

Qishda yana bir yosh va umidli yulduz «Manchester Yunayted» emas, «Borussiya»ni tanlaganida, Yurgen Klopp vaziyatni quyidagicha sharhlagandi: «Hamma «MYu»ni ayblayapti, lekin agar biz uringanimizda ham imkoniyat bo‘lmasdi. Holandga ertagayoq asosiy tarkibda o‘ynashi mumkin bo‘lgan top-klub kerak edi. Dortmundda «9» pozitsiyasi vakant turgandi. Shundoq olib, Holandni o‘sha yerga qo‘yishdi».

Umuman olganda, Klopp qisman haq, lekin Holandga hozirgi «MYu»da ham osongina joy topilar, asl muammo butunlay boshqa edi. Gap shundaki, Ole Gunnar Sulsherning murabbiylik qarashlari oldingi chiziqdagi ulkan hujumchi uchun mos emasligini payqash qiyin emas.

Sulsherda bunday hujumchi bor edi - Romelu Lukaku o‘tgan mavsumda u qadar yomon o‘ynamagan, yetarli gollar urgan. Lekin Sulsher uning «Inter»ga o‘tib ketishiga qarshilik qilmadi. Belgiyalik hujumchi aynan uslub uchun qurbon qilingani, Sulsherga ko‘proq boshqa tipdagi - oldingi chiziqdagi har qanday pozitsiyaga tushib keta oladigan hujumchilar yoqadi. Reshford va Marsiyal mahorat bobida bugungi Lukakuga yeta olmas, ammo aynan mana shu xislatlari, kerak bo‘lganda vingerga aylana olishlari bilan ham «Yunayted»ga qadrliroq.

Manchesterga gol uruvchi hujumchi kerak bo‘lib qolganda ham, asosan, qisqa muddatga nomzod qidirilgani, King yoki Igalo kabi arzon variantlar tanlov variantlari bo‘lgani sababi shunda yotadi. Igalo bemalol zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishi mumkin, bu unga ruhiy muammo tug‘dirmaydi, istalgan paytda oldingi chiziqda qo‘shimcha opsiya kerak bo‘lganda tayyor bo‘ladi.

Holand va Varner varianti shundoq deraza ortida qizigan paytda ham, «MYu» qimmatbaho Sancho haqida o‘ylashining ham sababi shu. Angliyalik vunderkind uzoq muddatli rejada foydaliroq bo‘ladi.

Yuqoridagi fikrlarni aytar ekan, Yurgen Klopp, xuddi azaga kelib, o‘z dardini aytib yig‘lagandek, Holand, «MYu» yoki «Borussiya» haqida emas, «Liverpul» haqida fikr yuritgandi, nazarimda.

Bugungi «Liverpul»ning tarkibi shu qadar mukammalki, kelajakda bu - jamoaning asosiy muammolaridan biriga aylanishi ehtimoli yuqori. Har qanday mukammal jamoa qon aylanish imkonsizligidan pasayishga mahkumdek. Kim kelsayam, Salohning o‘rniga tushmaydi, kim kelsayam, Trent Aleksandr-Arnold o‘ng qanotda o‘ynayveradi va hokazo.

Agar vaziyatni Timo Verner tarafidan o‘ylab ko‘rsak, bugun «Enfild»ga kelgan hujumchi nimadan umid qilishi mumkin edi? Firminoning formadan chiqishi yoki Salohning jarohat olishidanmi? Vasiliy Utkin yozganidek, «Liverpul»dagi uchlik shunchaki, uchta futbolchi emas, sehr». Ya'ni ular birgalikda bir mushtga aylanib bo‘lgandilar. Bu holatda asosiy tarkibdan umid qilish uchun, bilmadim, kim bo‘lish kerak.

Bu holat xuddi «Barselona»da to‘rt yil oldin yuzaga kelgan holatni esga soladi. Neymar - Suares - Messi uchligi dunyodagi eng yaxshi olti futbolchidan uchtasi edi. Baribir, kim kelishidan qat'i nazar, asosiy tarkibga kira olmas, tabiiyki, klub ham zaxira hujumchi tanlashda oddiyroq nomlarga murojaat qilar, yulduzlar «Kamp Nou»ga kelishni istamas edilar.

«Liverpul»da faqat Van Deykning yonidagi o‘rin Gomis va Matip o‘rtasida talash, balki biror top markaziy himoyachi shu pozitsiyaga kelishi mumkin, xolos. Hujum uchligiga teginilmaydi, shuning uchun faqat Shakiri, Oriji, Minaminolar zaxira variantga rozi bo‘lib, kelishlari mumkin. Himoya haqida aytildi. Yarim himoyada aniq yetakchi bo‘lmasa-da, saviyali futbolchilar haddan tashqari ko‘p - Veynaldum, Oksleyd, Henderson, Keyta, Fabino, Lallana: uch o‘ringa yettinchi da'vogar kerakmi, degan savol paydo bo‘ladi.

Xullas, «Liverpul»dagi mukammallik jamoani biroz qiyin ahvolga solgan. Yevropada top-kuchga aylanayotgan klub doim trendda, e'tiborda turishi uchun faqat maydonda g‘alaba qozonish kifoya qilmaydi - bundan tashqari, transfer bozorida tez-tez tilga olinishi, davomli tarzda yulduzlar kelib turishi ham ta'minlanishi kerak bo‘ladi. Usiz jamoada nafaqat yangilanish ro‘y bermaydi, balki, jamoa ichidagi raqobat yo‘qqa chiqadi, o‘rinbosarlardagi ambitsiyalar yo‘qolib boradi. Qisqa muddat uchun top-jamoa tuzib, sovrin yutishga urinadigan Mourino kabilar uchun bu muammo emas, ertaga ketadi, tamom. Lekin agar Klopp uzoq vaqt Liverpulda qolmoqchi bo‘lsa, mana shunday muammolar qarshisida bo‘lishi shubhasiz.

Eslasangiz, Fergyuson hech qachon mukammal jamoa tuzmagan. Tarkib doim qaysidir chiziqda yangi futbolchiga ehtiyoj sezaverardi. U yerga sotib olinsa, yangi ehtiyoj paydo bo‘lardi. Mana shunday davomli aylanma jamoa umrini uzaytirib borgandi.

Nazarimda, Klopp buni biladi. Holand yoki Vernerni sotib olishga pul emas, tarkibdagi sharoit yetishmayotganini anglagan murabbiy kelajakda har bir transfer mana shunday savolni keltirib chiqarishini sezib turibdi, balki...

Yaqin ikki-uch yilda Liverpulda top-transfer kutmagan bo‘lardim. Bu o‘rinda bir paytlar, o‘xshash vaziyatda, «Barselona»ning mukammal yarim himoyasiga shunchaki, romantika uchun amalga oshgan va muvaffaqiyatsiz chiqqan Fabregas transferini eslash mumkin.

Qahramon Aslanov

Top