23:04 / 07.06.2020
13028

AQShda namoyishlardan keyin ko‘chalarni tozalagan o‘smir bepul o‘qish uchun imkoniyat oldi

18 yoshli amerikalik o‘quvchi Antonio Gvinn o‘z ona shahri Buffaloda namoyishlardan keyin qolgan chiqindilarni tozalashi bilan ko‘pchilik e'tiboriga tushdi. Shahardagi kollejlardan biri uni ushbu ishi uchun stipendiya bilan taqdirlashga qaror qildi.

Foto: CNN

Oxirgi kunlar AQShning ko‘plab shaharlarida irqchilikka qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Ko‘p yerda ular tartibsizliklarga aylanib ketgan.

CNN telekanalining xabar berishicha, o‘smir ko‘chalarni tungi soat 2da tozalashni boshlab, bu bilan 10 soat mashg‘ul bo‘lgan. Keyinroq unga qo‘shnilari yordamga kelgan, biroq ular kelganda o‘smir deyarli barcha ishni qilib qo‘ygan bo‘lgan.    

O‘smir ushbu ishini ko‘chalardan biri shisha siniqlari va boshqa chiqindilar bilan to‘lib-toshgani, ertalab esa shu ko‘chadan odamlar ishga borish uchun foydalanishlari sababli uni tozalashga qaror qilgani bilan tushuntirgan. Antonioning ushbu jonbozligi haqida OAV ma'lum qilgandan keyin mahalliy jamoat unga minnatdorlik bildirishga qaror qilgan. 

Voqeaga befarq bo‘lmaganlardan biri Mett Blok o‘smirga o‘zining qizil rangdagi Mustang avtomobilini sovg‘a qilgan. Keyinroq aniqlanishicha, o‘smirning 2 yil avval olamdan o‘tgan onasi ham aynan shunday qizil rangdagi Mustang haydagan. Shu sababli ushbu sovg‘a qaysidir ma'noda ramziy chiqqan. Bir tadbirkor esa Antonioga avtomobil uchun bir yillik bepul sug‘urta berishga qaror qilgan.

Aniqlanishicha, o‘smir yuqori maktabni bitirgach, kollejlardan biriga o‘qishga kirish uchun pul tejab yurgan. Shahardagi kollejlardan biri o‘smirning voqeasidan xabar topgach, unga kollejda biznesga o‘qish uchun to‘liq stipendiya taklif qilgan.

Mavzu
Minneapolisdagi namoyishlar
25 may kuni Minneapolisda politsiya tomonidan qo‘lga olingan 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floyd vafot etgach AQShda ommaviy namoyishlar boshlanib ketdi.
Barchasi
Top