00:01 / 10.06.2020
14926
Avtobuslar qatnovi tiklandi - karantinga to‘liq amal qilinmayapti

8 iyundan O‘zbekistonning "sariq" va "yashil" toifaga kiritilgan hududlarida, xususan Toshkentda avtobus yo‘nalishlari faoliyati tiklandi.

Dushanba kundan boshlab poytaxtda 131ta yo‘nalishda harakatlanuvchi jami 1067ta avtobus liniyalarga chiqarilgan.

Maxsus komissiya qaroriga ko‘ra, avtobuslar oxirgi bekatlarida doimiy ravishda har bir qatnovga jo‘nashdan oldin to‘liq dezinfeksiya qilinishi shart.

Avtobuslar saloniga esa faqatgina tibbiy niqobdagi yo‘lovchilar chiqariladi.

Kun.uz muxbiri poytaxt yo‘llarida qatnay boshlagan avtobuslarda karantin tartibiga qanchalik amal qilinayotgani bilan qiziqdi. 

Avtobuslarda yo‘lovchilar unchalik ko‘p emas.

Odamlarni kuzatar ekansiz, ularda karantindan avvalgi kayfiyatni topolmaysiz. Odamlar o‘zgargan. Ularning ko‘zlarida karantin xavotiri seziladi.

Shunday bo‘lsa-da, karantin qoidalariga hamma ham amal qilyapti deb bo‘lmaydi. Ijtimoiy masofa saqlanayotgani yo‘q.

Ijtimoiy tarmoqlarda quyidagi surat tarqaldi. Yo 8, yo 9 iyun kuni Toshkentda olingan ushbu suratda avtobus ichida zich turib olgan odamlarni ko‘rish mumkin.

«Toshshahartransxizmat» xabariga ko‘ra, avtobuslar harakatining dastlabki kunlarida ayrim yo‘nalishlarda karantin qoidalarini qo‘pol ravishda buzilishi holatlari kuzatilmoqda.

«Toshshahartransxizmat» aholini hushyorlikka chorlab chiqdi.

SARS-CoV-2 virusi aholi orasida ham keng tarqalmoqda. Sanitariya qoidalariga befarq qaramang!

Top