10:44 / 10.06.2020
18011
«Avval u Korzinka.uz bo‘lmagan». Zafar Hoshimov supermarketlar nomi haqida gapirdi

Korzinka.uz supermarketlar tarmog‘i asoschisi va rahbari Zafar Hoshimov biznes, ilk do‘konining ochilishi va chakana savdoda muvaffaqiyat sirlari haqida gapirib berdi. U Kun.uz'ga bergan intervyusida 20 yildan ortiq vaqt davomida savdo sohasida kuzatganlari bilan o‘rtoqlashgan.

Suhbat davomida tadbirkor supermarketlar tarmog‘iga qo‘yilgan nomning tarixini ham eslab o‘tgan.

«Birinchi do‘konni ochishdan avval, ingliz jurnalida e'lon bergandim: O‘rta Osiyoda ochilayotgan yangi supermarket uchun mutaxassis boshlovchi kerak. E'lon bo‘yicha 20taga yaqin ariza tushdi. Angliyadagi hamkorlarim ularni tekshirib berdi. Shunday qilib, arizalar soni 3taga tushirildi. O‘zim borib, uch nafar nomzod bilan suhbat o‘tkazganman. Chakana savdo, xususan oziq-ovqat savdosida bilimga ega, ayni paytda nafaqada bo‘lgan Jon Erner bilan ishlashga qaror qildim.

Men Brayton shahrida tahsil olganman, shuning uchun do‘konni Brayton, deb nomlashni taklif qildim. Jon aytdiki, post Sovet mamlakatlardan chiqib, AQShga borganlar Brayton-Bichda yashaydi. Shuning uchun, biznesingni amerikancha nom bilan adashtirib qo‘yishadi, deya fikr bildirdi. Uning taklifiga ko‘ra, Britaniyada qishloq xo‘jaligi va dengiz mahsulotlari bilan butun Yevropaga nom taratgan Angelsey oroli sharafiga do‘konimni shunday nomladik», – deydi u.

Hoshimovning xotirlashicha, 96 yillarda hali Google qidiruv tizimi yo‘q, uning o‘rniga kitobga o‘xshash YellowPages katalogi bo‘lgan.

«Tag‘in, o‘sha katalogda A harfi B dan oldin keladi, dedi. Supermarketlar sahifasida Angelsey Food birinchi ko‘rinadi, deya maslahat berdi.

Avval, do‘konlar nomi ham Angelsey Food deya nomlangan. Shu nomni Toshkent shahridagi Angelʼs Food ovqatlanish joyi bilan ko‘p adashtirgan. Hamma istagancha talaffuz etgan. Kimdir dengiz mahsulotlari qani, deb do‘kon nomini sea food (dengiz ovqatlari) atagan. Har kim o‘zicha talqin qilgan, to‘g‘risi nom bilan qiynaldik. 2004 yilga kelib, do‘konlar sonini ko‘paytirmay, mavjud do‘konlar bilan butun shaharga xizmat ko‘rsatish haqida o‘ylay boshladim. Endi internet kirib kelyapti, biz birinchi onlayn do‘kon ochib, butun shaharni egallayman, degan ambitsioz maqsadlar bo‘lgan», – deya so‘zida davom etgan u.

Zafar Hoshimovning aytishicha, Angelsey Food nomini internetda yozib chiqish foydalanuvchi uchun sal qiyin bo‘lishini o‘ylab, onlayn do‘konga boshqa nom qidirilgan.

«Bizning nazarimizda onlaynga boshqa nom bilan kirib borish kerak edi. Nom topishda URA marketing kompaniyasi biz bilan hamkorlik qildi. Ular Korzina.uz'ni taklif qilgan. U paytda foydalanishdagi ko‘plab shaxsiy kompyuterda keraksiz ma'lumotlar tashlanadigan quti Korzina edi. Onlayn do‘kon nomi boshqacha talqin etilishi mumkin, deya o‘yladim. Marketologlar esa mevalar solinadigan savatni nazarda tutib, logotiplar ham tayyorlagan ekan. Shunda Korzina emas, nomni Korzinka'ga aylantirishni taklif qildim.

Ko‘pincha supermarket nomi nega rus tilida deyishadi. U payt, to‘g‘risi, rejalar ambitsioz edi. Onlayn do‘kon rivojlansa, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston bozoriga ham kirib borishni o‘ylagandim. O‘zbekcha nom bilan boshqa bozorlarga kirib borish qiyin bo‘ladi, deb o‘ylagandim», – deydi chakana savdo ishbilarmoni.

Uning ta'kidicha, keyingi masala: onlayn do‘kon nomini reklama qilish kerak edi. Ko‘chalarda bilbordlar kam va qimmat bo‘lgan. Chorrahalarda bannerlar ko‘p bo‘lgan.

«O‘sha paytda reklama uchun 20 ming dollar sarflab, ko‘p pul sarflagandek bo‘ldim. Keyin o‘yladimki, shaharda 4-5ta do‘konim bor, ularning qiyofasida nega reklamani joylashtirmasdan, odamlar talaffuz etishga qiynalayotgan nom turibdi? Shunday qilib, Angelsey Food nomlari o‘rniga Korzinka nomi ilindi. O‘z do‘koningizga ilingan reklama uchun pul to‘lanmasdi. Undan faol foydalanishni boshladik. Shunday qilib, Korzinka.uz bo‘lib ketdi», – deya xotirlagan do‘kon nomlanishini u.

Zafar Hoshimov suhbat davomida supermarketlar tarmog‘i o‘tgan davr ichida bozorda mustahkam o‘rin egallashi, naqdsiz va onlayn savdodagi tajribasini eslab, hayotiy voqealarni gapirib bergan. Shuningdek, u marketlar qurilishida madaniyatlarning farqi, qiyinchilik va reklamadan foydalanish tajribasini eslagan.

Zafar Hoshimovga ko‘ra, valutaning o‘zbek so‘miga erkin konvertatsiyasi bo‘lmagan paytlarda chakana savdosining muammolari birmuncha farqli edi. Bundan tashqari, suhbat davomida tadbirkor ko‘p muhokamaga sabab bo‘ladigan riteyl va ishlab chiqaruvchi munosabatlariga izoh berdi.

Intervyuni Youtube orqali to‘liq tomosha qilishingiz mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi.
Tasvirchi Otaxon Yusupov

Top