Tadbirkor Zafar Hoshimov Facebook'dagi sahifasida e’lon qilgan maqolasida jahondagi beqarorlikning milliy iqtisodiyotga oqibatlarini yumshatish uchun hukumatni proteksionizm siyosatidan voz kechib, importga to‘siqlarni olib tashlashga chaqirdi. Kun.uz mazkur maqolani o‘zbek tiliga o‘girdi.

Ukrainadagi urushning birinchi haftalarida urushning iste’mol bozorimiz uchun ehtimoliy oqibatlari haqida yozgandim. To‘rt oy o‘tgach, kichik apdeyt qilish vaqti keldi.

O‘shanda yozgan postimni Ukrainadagi urush O‘zbekistonga bir qancha qiyinchiliklar tug‘diradi, deb boshlagandim. Bunga shuni qo‘shimcha qilish kerakki, urushning dastlabki kunlarida bo‘lganidek kelajakka nisbatan katta noaniqliklar hali ham saqlanib turibdi.

O‘tgan oylar davomida Rossiyaning harbiy mashinasi, aftidan, Ukrainaning janubi va sharqida mustahkam o‘rnashib oldi; butun progressiv dunyo esa ukrainaliklarga insonparvarlik, pul va qurol-yarog‘ bilan faol yordam beryapti; va endilikda urush katta ehtimol bilan uzoq vaqt davom etishi borgan sari oydinlashyapti. Urush davom etarkan, sanksiyalar, taqiqlar va turli cheklovlar ham saqlanib qoladi. Bu sharoitning barcha yoqimsiz iqtisodiy oqibatlari bizga u yoki bu darajada ta’sir qiladi va bu ta’sir ham tez orada yo‘qolib ketmaydi.

Jahonda birorta ham xalqaro iqtisodiy maktab, birorta ham xalqaro tashkilot yo‘qki, global narxlar oshishi, inflatsiya, energetika va oziq-ovqat yetishmovchiligi, ba’zi joylarda esa kuchli tanqislik va ochlikni bashorat qilmagan bo‘lsa. Bu bashoratlarning ba’zilari allaqachon dunyoning bir qator mamlakatlari iste’mol bozorlarini qamrab ola boshladi. Bu oqibatlar, albatta, yaqin kelajakda yanada kuchayadi.

Bu holat, afsuski, bizning mintaqamiz uchun ham og‘ir oqibatlarni keltirib chiqaradi. Negaki mamlakatimizda aholining umumiy daromadlari unchalik yuqori emas. Qolaversa, Rossiya – bizning eng yirik savdo-iqtisodiy hamkorimiz hamda bizga keluvchi transport-logistika koridorlarining aksariyati aynan Rossiya orqali o‘tadi, bu mamlakat esa, ko‘rinib turibdiki, tobora ko‘proq izolyatsiyaga tushib qolmoqda.

Ko‘plab yirik ishlab chiqarish korxonalarining Rossiyadan chiqib ketishi, boshqa korxonalarning qisqarishi va ishlab chiqarishni to‘xtatishi, yetkazib berish zanjirlarining uzilishi, xomashyo va butlovchi qismlar yetishmasligi, bank sektoriga kiritilgan sanksiyalarning ta’siri, valuta cheklovlari va pul o‘tkazmalari tizimlaridagi to‘siqlar – bularning barchasi kundalik hayotimizga endigina salbiy ta’sirini ko‘rsata boshlayapti.