08:12 / 15.06.2020
20105

Moliya vazirligi O‘zbekistonning davlat qarzi haqida ma'lumot berdi

I chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshdi.

Foto: Reuters

2020 yil 1 aprel holatiga, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan va davlat kafolati ostida jalb qilingan qarz qoldig‘i dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 18,2 mlrd. AQSh dollari ekvivalentini yoki yalpi ichki mahsulotga (YaIM) nisbatan 31,3 foizni tashkil etdi.

Moliya vazirligi xabariga ko‘ra, I chorakda davlat tashqi qarzi 0,5 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 2,9 foizga oshib, joriy yilning 1 aprel holatiga 16,11 mlrd. AQSh dollariga yoki YaIMga nisbatan 27,7 foizga yetdi.

Shundan: 

Hukumat nomidan jalb qilingan tashqi qarz - 10,9 mlrd. AQSh dollari; 

Hukumat kafolatlagan tashqi qarz – 5,2 mlrd. AQSh dollari.

Davlat ichki qarzi 20,0 trln. so‘mni (2,1 mlrd. AQSh dollari) yoki YaIMga nisbatan 3,6 foizni tashkil etdi. 

Shundan: 

Hukumat nomidan jalb qilingan ichki qarz – 1,7 trln. so‘m (0,2 mlrd. AQSh dollari); 

Hukumat kafolatlagan ichki qarz – 18,3 trln. so‘m (1,9 mlrd. AQSh dollari).

Bildirilishicha, davlat qarzining so‘ngi yillardagi o‘sishi dinamikasiga qaramay, xalqaro me'yorlarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Davlat qarzi (YaIMga nisbatan 31,3 foiz), shu jumladan davlat tashqi qarzi (YaIMga nisbatan 27,7 foiz) mo‘'tadil darajada saqlanib qolmoqda.

Jahon banki va Xalqaro valuta jamg‘armasining Qarz barqarorligi tahliliga ko‘ra, o‘zining iqtisodiy salohiyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining davlat qarziga xizmat ko‘rsatish salohiyati kuchli hisoblanadi va ushbu mamlakatlarda davlat tashqi qarzi uchun me'yor Yalpi ichki mahsulotning 50 foizgacha tashkil etishi mumkin.

2020 yil birinchi choragida davlat qarzi qoldig‘ining o‘sishini shakllantiruvchi asosiy omillar:

O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 200 mln. AQSh dollariga,

Davlat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlari doirasida o‘zlashtirilgan mablag‘lar qoldig‘i 400 mln. AQSh dollariga; 

700 mlrd. so‘m miqdorida davlat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishi hamda 250 mlrd. so‘mga teng ichki qarzdorlik so‘ndirilishi natijasida davlat qimmatli qog‘ozlari qoldig‘i 450 mlrd. so‘mga oshdi.

Mavzuga oid
Top