17:09 / 16.06.2020
7362
Belarusda prezidentlikka nomzodlardan biri tahdidlar sababli saylovda qatnashmasligi mumkinligini aytdi

Avvalroq tadbirkor Natalya Kisel Belarus prezidenti saylovidan nomzodini olib tashlashga qaror qilgandi.

Svetlana Tixanovskaya / Foto: Nasha Nіva

Muxolifatchi bloger Sergey Tixanovskiyning rafiqasi Svetlana Belarus prezidentligiga nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza berishdan voz kechishga tayyorligini aytdi. U buni o‘zi va farzandlariga nisbatan bo‘layotgan tahdidlar bilan izohladi

Tixanovskayaning so‘zlariga ko‘ra, u ro‘yxatga olinish uchun zarur 100 mingta imzoni berishni boshlash uchun Gomelga kelganida unga noma'lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘lgan. Unga va farzandlariga tahdid qilishgan hamda bu tashrifni davom ettirmasligi kerakligini aytishgan. Svetlana Tixanovskaya bu haqda o‘z tarafdorlariga qilgan videomurojaatida ma'lum qildi.

"Oldimda tanlov turibdi: farzandlarim yoki kurashni davom ettirish. Nimani tanlashim aniq", - dedi Tixanovskaya va uning har qanday qarorini tushunishlari kerakligini iltimos qildi.

Tashabbuskor guruhga mamlakatdagi taniqli YouTube-kanallardan biri muallifi Sergey Tixanovskiy nomzodini ro‘yxatdan o‘tkazishga rad javobi berilgandi, chunki u hujjatlar taqdim etilgan paytda hibsga olingandi. Blogerga jamoat tartibini qo‘pol ravishda buzish ayblovi e'lon qilingan.  

Avvalroq tadbirkor Natalya Kisel Belarus prezidenti saylovidan nomzodini olib tashlashga qaror qilgandi.

Belarusda prezidentlik saylovlari 9 avgustda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Amaldagi davlat rahbari Aleksandr Lukashenko oltinchi muddatga saylanish niyatida va kerakli miqdordagi imzolarni to‘plab bo‘ldi.

Top