15:58 / 16.06.2020
69743
«Menga shu kerakmidi?» – Nurafshon hokimi internetda tarqalgan klip yuzasidan munosabat bildirdi

Toshkent viloyati hokimligi Nurafshon shahri hokimiga bag‘ishlab kuylangan qo‘shiq yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi. Ma'lum qilinishicha, ushbu rolikni tayyorlashda ishtirok etganlar ogohlantirilgan, shahar madaniyat bo‘limi, axborot xizmati rahbari ishdan bo‘shash haqida ariza yozgan.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi

«Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov tug‘ilgan sana – 15 iyun kuni shahar madaniyat bo‘limi vakillari hamda boshqa mahalliy xonandalar qo‘shiq ijro etib, rahbarga berishgan. Mazkur qo‘shiqqa shahar hokimligi axborot xizmati va madaniyat bo‘limi birgalikda hududda turli davrlarda amalga oshirilayotgan ishlarga oid videolavhalarni qo‘shib, rolik shaklida Nurafshon shahri hokimligining telegramdagi rasmiy kanalida e'lon qilishgan.

Hech kim bilan maslahatlashmay, rahbarga xush yoqish istagida tayyorlangan, shaxsga sig‘inish alomatlari yaqqol sezilib turgan bunday qo‘shiqni ijro etgan, rolik tayyorlagan va chop etgan «ijodiy jamoa» tegishli tartibda ogohlantirildi. Vaziyat keng miqyosda muhokama qilina boshlangach, davlat xizmatchisi sha'niga, nufuziga to‘g‘ri kelmaydigan ish qilganini anglagan shahar madaniyat bo‘limi, axborot xizmati rahbari ishdan bo‘shash haqida ariza yozdi. 

Ayni paytda mehnat qonunchiligida belgilangan tartibda, karantin davri uchun Respublika komissiyasi e'lon qilgan me'yorlardan kelib chiqib, bu xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish yoki boshqa intizomiy jazo belgilash bo‘yicha yakuniy qarorga kelinmoqda. 

Alohida ta'kidlaymizki, Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimovning bunday ijodkorona «tuhfa» tayyorlanayotganidan xabari bo‘lmagan. Faqat tavallud topgan kunida rolikni tayyorlagan jamoa uning oldiga kirib ko‘rsatishgan. Qahramon Hakimov ularga e'tibor uchun minnatdorlik bildirib, bunday ishlar bilan shug‘ullanmaslikni, materialni biron joyda chop etmaslikni so‘ragan.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda qo‘shiq yaratish va unga klip suratga olish g‘oyasi muallifi Fotima To‘xtanazarova ekani aytilgan. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bunday tartibda tabriklash fikri dastlab shahar madaniyat bo‘limi rahbari Bobur Abduqodirov tomonidan bildirilgan, shoir Ma'murjon Bozoraliyev so‘z yozib bergan, axborot xizmati rahbari Ravshan Mirzaqulov turli davrlarda olingan arxiv kadrlarni qo‘shib klip suratga olgan. Qo‘yingchi, bir guruh faollar yaxshi niyatda,   bajarayotgan ishlari san'at nuqtayi nazaridan, shuningdek, axborot siyosati, etikaga ko‘ra, mutlaqo noto‘g‘ri ekanini chuqur anglamasdan shu ishga qo‘l urishgan», deyiladi hokimlik munosabatida.

Shuningdek, voqea bosh qahramoni Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimov ham klip yuzasidan fikr bildirgan.

«Kecha va bugun internetda bunday qo‘shtirnoq ichidagi «qahramon»ga aylanib qolganimdan xalqimiz, jurnalistlarimiz va rahbariyat oldida nihoyatda xijolatdaman. Shunday lavha tayyorlab, menga ko‘rsatishganda, e'tibor uchun ularga minnatdorlik bildirib, lavhani tarqatmaslikni, boshqa bunaqa ishlar bilan shug‘ullanmaslikni qat'iy tayinlagan edim. Afsuski, lavha tarqalib ketibdi. 

Dangalini aytganda, menga shu kerak edimi? Mutlaqo yo‘q. Men bir ijrochiman, xolos. To‘g‘ri, Nurafshonda katta ishlar bo‘layotgani rost. Lekin, ularni mening nomim bilan bog‘lashlariga mutlaqo qarshiman. Men bu lavozimda amaldagi qonunlarimiz, davlat rahbari bergan topshiriq va vazifalar ijrosi bilan shug‘ullanaman. Afsuski, kimlardir mening tug‘ilgan kunimga sovg‘a tayyorlayman deb, o‘ziniyam, meniyam jamoatchilik oldida noqulay alpozga solib qo‘ydi...

Ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarni o‘qish nihoyatda yoqimsiz bo‘lyapti. Zarracha shu ishga aloqam bo‘lganda ham bunchalik kuyinmas edim. Meni eng hayron qoldirayotgani, tanimagan, umrida bir martayam ko‘rmagan odamlar tomonidan bildirilayotgan fikrlardir. Shunday odamlarga aytamanki, o‘zingiz istagan paytda Nurafshonga keling, hamisha siz bilan suhbatlashishga tayyorman. Bu lavha orqali mening shaxsiyatim, ish uslubim haqida xulosa qilmang, iltimos», degan Qahramon Hakimov.

15 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati markazi bo‘lgan Nurafshon shahri hokimi Qahramon Hakimovning tug‘ilgan kuniga atab tayyorlangan qo‘shiq tarqalgandi. Besh nafar yigit tomonidan kuylangan bu qo‘shiq katta muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Top