11:09 / 19.06.2020
2250
«Ayrim hududiy rahbarlarning bu haqida xabari ham yo‘q» – Norboyeva xalqaro reytinglarda mamlakat o‘rnini yaxshilash masalasida gapirdi

Senat raisi Tanzila Norboyeva Senatning 5-yalpi majlisida xalqaro reyting va indikatorlarda mamlakat o‘rnini yaxshilash masalasi hududlar kesimida amalga oshirilishi haqida gapirib o‘tdi.

«Yuqori tashkilotlar tomonidan belgilangan reyting, indikatorlarning barchasi faqat respublika darajasidagi tashkilotlarga taalluqlidek bo‘lib qolgan. Tuman, shahar, viloyat kesimidagi rahbarlarning bu to‘g‘risida xabari ham yo‘q.

Reytinglarga ta'sir ko‘rsatayotgan omillar viloyat, tuman, lozim bo‘lsa, mahalla darajasida o‘rganiladi va bartaraf etish chorasi ko‘riladi. Xalqaro reytinglarda berilgan baho hududlarga berilgan baho deb qaraladi. Nafaqat O‘zbekistonga, balki viloyatlar kesimida, viloyatlar ichida tumanlar kesimida ham baho beriladi», deya Norboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ma'lum qilinishicha, 2030 yilgacha barqaror rivojlanish bo‘yicha milliy maqsadlar va vazifalarni nazorat qilish bo‘yicha parlament komissiyasi ish olib boradi. Komissiya 17ta maqsad bo‘yicha hududiy darajada – viloyat va tumanlar kesimida o‘rganishlarni tashkil qilib, ular yuzasidan hukumat oldiga aniq vazifalar qo‘yib boradi.

«Joylarda 6 mingdan ortiq deputat bor. Ularning hammasi ham 17ta milliy maqsad bo‘yicha 200ta indikatordan xabardor deb aytib bo‘lmaydi.

Ilgari biz 25 yil davomida O‘zbekiston xalqaro reytinglarda qaysi o‘rinda ekan, deb qiziqmas edik. Hech qachon hech birimizning bu haqida xabarimiz bo‘lmasdi. So‘nggi 3-4 yil ichida harakatlar samarasi o‘laroq bir qator reytinglarda o‘rnimiz yaxshilandi, lekin hali talab darajasida emas», deya ta'kidladi Norboyeva.

Top