18:24 / 22.06.2020
46869
«Qamchiq» dovonidagi mashhur «Burgut» maskanini buzish kimga kerak bo‘lib qoldi?

Vodiy viloyatlarini poytaxt hamda respublikaning boshqa hududlari bilan bog‘lab turuvchi yagona yo‘l – Qamchiq dovonida yo‘lovchilar to‘xtab, tin olib, atrofni tomosha qiladigan xushmanzara joy bor. Bu o‘sha, «Toshkent – O‘sh» avtoyo‘lining 233-kilometridagi, yo‘lovchilar «Burgut» deya ataydigan, «Bir zumda» kafesi va sanitar-gigiyenik punkti mavjud ko‘pchilikka tanish maskan.

Maqola va videolavhamiz qahramoni Amonjon Matkomilov Pop tuman hokimi qarorlariga ishonganidan mazkur joyga katta miqdorda mablag‘ sarflab obod qilishni boshlagan. Endi esa tuman hokimining o‘z qarorlariga teskari qarorlar qabul qilgani oqibatida yuzaga kelgan og‘ir vaziyatdan boshi qotgan tadbirkor Kun.uz saytiga murojaat qildi.

Arznoma ortidan Pop tumani va Qamchiq dovonida bo‘ldik.

«Qurilishni hokim qarori va barcha mutasaddi tashkilotlardan olingan hujjatlarga asosan boshlaganman»

2010 yili Amonjon Matkomilov Qamchiq dovonining o‘sha paytda birov e'tibor bermagan 233-kilometridagi tashlandiq hududda tuman hokimining qaroriga asosan «Namangan telekom»ning vaqtinchalik so‘zlashuv maskanini ochadi.

Turizmga bo‘lgan e'tiborning kuchayishi va yo‘lovchilarning talablaridan kelib chiqib, yengil konstruksiyali sanitar-gigiyenik punkti va «Bir zumda» kafesi qurilishni reja qilgan tadbirkorga 2016 yili tuman hokimligi 1803-sonli qaror bilan 48 m.kv. joyni 5 yil muddatga beradi.

Shuningdek, Pop tuman hokimligi 2018 yil 10 dekabr kuni tadbirkorga 2425-sonli qaror bilan sanitar-gigiyenik punkti (zamonaviy hojatxona) va «Bir zumda» kafesi qurish uchun 200 m.kv. yer maydonini doimiy foydalanish uchun ajratib bergan.

Hokim qarorini qo‘liga olgan A.Matkomilov zamonaviy loyiha asosida ma'sul tashkilotlar – Pop tuman arxitektura va qurilish bo‘limi, tuman DSENM, tuman YoXB, viloyat atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi, «Qamchiq avtoyo‘l» korxonasi, Qamchiq maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi, Namangan viloyati IIB YHXB bilan kelishilganlik haqidagi va boshqa barcha hujjatlarni rasmiylashtirgach, ko‘ngilni to‘q qilib qurilishni boshlagan.

«Men bu joyda 2010 yildan beri tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanaman. «Namangan telekom»ning konteyner tipidagi so‘zlashuv punktini barpo qilish loyihasi bo‘yicha agent sifatida ish boshlaganman. Yo‘lovchilarning sifatli servis xizmatini ko‘rsatishga muhtojligini his qilgan holda, so‘zlashuv punkti yoniga qo‘shimcha ravishda zamonaviy hojatxona, «Bir zumda» kafesi va do‘kon qurishni maqsad qilib, tuman hokimiga 2011 yilda muddatli qaror chiqarib berishi uchun ariza bilan murojaat qilganman.

Ariza bo‘yicha ishchi guruh o‘rganib, 2011 yil dekabr oyida tuman hokimi 5 yil muddatga vaqtinchalik foydalanish uchun qaror chiqarib berdi. Muddat tugagandan so‘ng, 2016 yili hokimiyatga muddatli qarorimni uzaytirib berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildim. Faoliyatni davom ettirish uchun yana qaror chiqarib berdi.

Oradan ikki yil o‘tgandan so‘ng, 2018 yili qarorni doimiylashtirish to‘g‘risida tuman arxitekturasi, qurilish bo‘limiga taklif berganimdan keyin taklifimni ma'qullashib, 2018 yil 10 dekabrda qarorni doimiylashtirib berishgan.

2018 yil bu yo‘lda qurilish ishlari boshlandi. Tuman hokimining qurilish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari va tuman arxitektori «Qamchiq avtoyo‘l» tomonidan muammo bo‘layotganini, avtoyo‘l mutasaddilaridan texnik xulosa olib berishimni aytishdi. Bu yo‘l strategik ahamiyatga ega avtomagistral yo‘l bo‘lganligi sababli, Qamchiq dovonidagi mutasaddilardan texnik xulosa va shartlar olishga to‘g‘ri keldi.

Tuman hokimi o‘rinbosari va arxitektorning yuborgan so‘rovnomasiga asosan barcha hujjatlarni tayyorlab berdim. «Qamchiq avtoyo‘l» ixtisoslashtirilgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi, «Qor ko‘chish stansiyasi», Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli qidiruv-qutqaruv bo‘limi va Namangan IIB YHXB tegishli dalolatnomalarni rasmiylashtirib, loyihaga javob beradigan qanday hujjat talab qilingan bo‘lsa, barchasini oldim. Hujjatlarning hammasini to‘plaganim uchun ko‘ngil to‘q edi. Tuman hokimi qurilish uchun qaror chiqarib berdi», – deydi Amonjon Matkomilov.

Dovonda qurilish qilish oson emas

Tadbirkor hujjatlari mukammal bo‘lganidan keyin mablag‘ sarflab, qurilish ishlarini olib bordi. Dovonda qurilish qilish oson bo‘lmadi. Texnika jalb qilib, jarliklarni to‘ldirdi. 1,5 km masofadan elektr energiyasini tortib kelish uchun Pop tuman elektr tarmoqlari korxonasidan ruxsatnoma olib, beton simyog‘ochlar o‘rnatdi. Yo‘lovchilar foydalanishi, hojatxona va daraxtlarni ko‘kartirish va obodonlashtirish uchun 3 km masofadan toza ichimlik suvi tortib keldi. Mashinalar bemalol to‘xtashi va kirishi uchun to‘xtash joyi barpo qildi.

Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 400 mln so‘m miqdorida pul sarfladi.

Ayni paytda A.Matkomilovning mazkur bino va inshootlarga egalik huquqini beruvchi kadastr va boshqa barcha hujjatlari mavjud.

Tadbirkor barcha ishlari amalga oshib, endi xursandchilik qiladigan paytda muammoli masalaga duch keldi.

«Hokim tomonidan chiqarilgan qaror bir marta bekor bo‘ldi. Sababi, «Qamchiq avtoyo‘l» korxonasi texnik shart olishimga qaramay, qarorni bekor qildirish bo‘yicha hokimiyatga ariza bilan chiqdi. Qaror bekor bo‘lganidan so‘ng, Prezident portaliga murojaat bilan chiqdim. Portal murojaatimni viloyat prokuraturasiga yo‘naltirdi.

Namangan viloyat prokuraturasi tuman hokimiga qarorni o‘rganib chiqish bo‘yicha xat chiqargan. Hokimlik «Qamchiq avtoyo‘l»ning yangi texnik hulosasini olib kelishimni, shunda qarorni yangilab tiklab berishini aytishdi.

Yangi xulosasini olib borganimdan so‘ng, tuman hokimligi 2019 yil 18 dekabr kungi 4966-sonli  qaror bilan yer maydonini doimiy foydalanishga yangitdan tiklab berishdi.

Afsuski, oradan hech qancha o‘tmay, «Qamchiq avtoyo‘l» tuman prokuraturasiga yana murojaat qildi. Pop tuman prokuraturasi «yer biriktirib berish to‘g‘risidagi qarorni muvofiqlashtirish zarur», degan masala bilan tuman hokimligiga xat yo‘naltirsa, tuman hokimligi qarorni yana bekor qilib, Chust tumani fuqarolik sudiga inshootlarimni o‘z hisobimdan buzdirish to‘g‘risida murojaat qilibdi.

Boshim qotgan. Qaysi hujjatga ishonib ish qilish kerakligini bilmay qoldim. Axir prezidentimiz: «Tadbirkorga yo‘l ochib beringlar», deyapti», – deydi u.

Tadbirkor 2019 yil tuman hokimining qarori qayta tiklangandan so‘ng, qarorni mustahkamlash maqsadida va mutasaddi tashkilotlarining bergan texnik xulosalarini mustahkamlash maqsadida dalolatnoma tuzib berishlarini so‘raydi.

«Qamchiq» qidiruv-qutqaruv boshqarmasi o‘rinbosari Baxtiyor Shayqulov, «Qamchiq avtoyo‘l» UK direktori o‘rinbosari G‘ayratjon Husanov, Qamchiq dovoni yo‘l harakati xavfsizligi boshlig‘i Zohidjon Tursunovlar bilan birgalikda ishchi guruh shakllantirilgan holda, dalolatnoma tuzildi. Dalolatnomada ma'lum texnik shartlarni bajarib shu yerdagi faoliyatimiz davom ettirilishi rasmiylashtirilgan. «Mana, endi hujjatlarim yanada mustahkam bo‘ldi», deb o‘ylagan edim.

2020 yil karantin davrida hokimiyat o‘z qarorini bekor qilishga yana urina boshladi. Ishchi guruh meni hech qanday ogohlantirmay, tushuntirish ishlari olib bormay turib, bir-biri bilan kelishgan holda tuman hokimining qarorini bekor qilib yubordi.

Ayni paytda Pop tuman hokimligi mening xususiy mulklarimni buzdirish bo‘yicha sudga da'vo arizasi kiritgan. Hokimiyat yuristi har qanday muddaomni Chust tumani fuqarolik sudiga borib gapirishimni ta'kidladi», – deydi tadbirkor.

Tuman hokimligida

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Pop tuman hokimligida bo‘ldik. Bizga hokimlik huquqshunosi Elmurod Turdaliyev, tuman qurilish bo‘limi boshlig‘i Sarvarbek Ro‘zimatovlar quyidagicha izoh berishdi.

Foto: Pop tumani hokimligi

«Shu masala bo‘yicha Amonjon Matkomilov bilan tuman hokimligida juda ko‘p bora suhbatlashdik. 2016 yili tuman hokimining qarori bilan vaqtincha foydalanishi uchun Qamchiq avtomobil yo‘lining 233-km oralig‘ida 48 metr kvadrat yer maydoni «Bir zumda» kafe shoxobchasi uchun ajratib berilgan. 2018 yil 10 dekabrda tuman hokimi tomonidan 2425-sonli qarori chiqdi. Uning mazmuni tadbirkor tomonidan qurilgan «Bir zumda» kafe yoniga qo‘shimcha ravishda gigiyenik punkt qurish uchun yer maydoni ajratganmiz.

Qaror chiqqandan so‘ng, 2019 yili «Qamchiq avtoyo‘l» bizga xat bilan murojaat qildi. Xatda biz chiqargan qarorga asosan tadbirkor tomonidan qurilgan obektlar yengil konstruksiya ko‘rinishida emas, balki kapital qurilishida bo‘lgani, oqibatda transportlar qatnovida tirbandliklar paydo bo‘layotgani aytilib, tuman hokimining qarorini qayta ko‘rib chiqish bilan unga huquqiy baho berish bo‘yicha bizga murojaat qilingan.

Ushbu xatga asosan, tuman hokimining 2016 yilgi 1803- va 2425-sonli qarorlarini bekor qilish haqida qaror qabul qilganmiz.

Oradan vaqt o‘tib, 2019 yil yakunida «Qamchiq avtoyo‘l» korxonasi yana murojaat bilan chiqdi. Mazmuni – go‘yoki tadbirkor tomonidan qurilgan obekt qonuniy ekanligi, «Qamchiq avtoyo‘l» talabiga mos ravishda qurilgani, mavjud muammolar bartaraf etilgani, agarda tuman hokimi qarori tiklansa, hech qanday qonun buzilishi bo‘lmasligi aytilgan edi. Yana qarorlarni o‘z kuchiga tiklash haqida tuman hokimining qarorini qabul qilganmiz.

Elmurod Turdaliyev - Pop tumani hokimligi huquqshunosi

Qaror qabul qilganimizdan so‘ng, Matkomilov Amonjonga qo‘shimcha ravishda biriktirib berilgan yerni 2018 yil oktabr oyida tuman prokuraturasi tomonidan ham go‘yoki biz auksionda berishimiz kerak bo‘lgan, lekin auksion o‘tkazmasdan tadbirkorga 6 sotix yer maydoni biriktirib berganligimiz qonun talablariga zid ravishda bo‘lganligi sababli ko‘rsatma xati kelgan.

Bundan tashqari, «Qamchiq avtoyo‘l» korxonasidan yana muammolar kelib chiqqanligi va qarorlarni bekor qilish kerakligi to‘g‘risida xat kelgan. Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan ham transport harakatlariga xalaqit berib turganligi va ko‘ngilsiz hodisalar sodir bo‘lish holatlariga sabab bo‘layotganligi haqida fotolavhalar bilan murojaat qilgan.

Tuman hokimi 2020 yil 30 aprelda 383-qaror bilan dastlabki barcha qarorlarni bekor qilishi haqida qaror qabul qildi. Muammoni oxirigacha yechish, qurilgan binolarni buzdirish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Chust tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritdik.

Tadbirkor Matkomilov Komiljon e'tiroz bildirdi. «Qamchiq avtoyo‘l» bergan ijobiy hulosalarini va loyihalarini ko‘rsatib qonuniy qurilganini va buzishdan norozi ekanligini bildirdi. Tadbirkor bilan suhbatlashganimda, barcha ko‘rsatmalarimni berdim. Sud jarayonida o‘zini oqlovchi barcha xujjatlari bilan qatnashib, o‘z fikr-mulohazalarini bildirishini va bu muammoning oxirgi qaroriga sud qarori bilan hal etilishini tushuntirdim. Shundan so‘ng, Matkomilov Komiljon tuman hokimining qarorini haqiqiy emas deb topish uchun ma'muriy sudga murojaat qilganini aytdi. Hozir sudga tayyorgarlik ko‘ryapmiz.

Tadbirkorga yer berib, qurib bitkazganidan so‘ng, «Bo‘shatib qo‘y» deyishimiz noto‘g‘ri. U darajaga ham borilgani yo‘q. Faqat qonunga muvofiqlashtirmoqchimiz.

O‘z hisobidan buzib ketilsin deganmiz. Chunki qurilish obektini shu joyga qurasan deyilgan bo‘lsa, texnik shartlarni olgan. Bizning talabimiz, texnik shartlari asosida qurilganida, «Qamchiq avtoyo‘l» va ichki ishlar boshqarmasining e'tiroziga sababchi bo‘lmagan bo‘lar edi. Oqibatda, tuman hokimining qarorlari bekor bo‘lmagan bo‘lardi, deb o‘ylardim.

Sud tizimida ham shunday holatlar bo‘ladi. Taraflar o‘zini oqlovchi, o‘zini vajini va asosiy xujjatlarini taqdim qiladi. Sudda mutaxassislar ishtirok etadi. Masala sud jarayonida ko‘rib chiqilsa, ichki ishlar boshqarmasidan va «Qamchiq avtoyo‘l»dan mutaxassis vakillar ishtirok etsa, sud joyiga borib o‘tkazilsa, mutaxassislar ko‘rib, avtomobillarning to‘xtash joyini, fuqarolarimizni chiqib-tushish joylari va boshqa holatlarni sud davrida bartaraf qila olsak, bu nizo sud tartibida sud davomida hal bo‘ladi.

Haqiqatda xususiy mulk daxlsiz. E'tibor berib qarasak, tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash kerak. A.Matkomilovning kadastr hujjatlari bor. Tadbirkorga yetkazilgan zararni aybdor shaxslardan undirish maqsadida sudga murojaat qilish huquqi bor», – deydi Pop tuman hokimligi huquqshunosi Elmurod Turdaliyev.

«Bu binolar arxitektura loyihalari asosida qurilgan. Loyiha qilinishidan oldin tashkilotlardan xulosa olingandan keyin loyihalashtirilgan. Hammasi loyihaga asosan qurilgan. Buzilishiga sababni keltiradigan bo‘lsam, sud natijasiga ko‘ra aytish mumkin. «Buziladi» degani hali xulosa emas. Hamma yechim sud jarayonida bo‘ladi.

Sudda «Qamchiq avtoyo‘l», ichki ishlar boshqarmasi va hokimiyatdan mutaxassislar jalb qilinadi. Barcha hujjatlar ko‘rib chiqiladi. Qurilish bo‘lgan joyga chiqib, sayyor sudda ko‘rib chiqish mumkin.

Sarvarbek Ro‘zimatov - Pop tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i

Xususiy mulk bo‘lgani va kadastr xujjatlari borligini ko‘rib chiqib o‘rganganmiz. Qamchiq dovoni va ichki ishlar boshqarmasining ijobiy xulosasi berilgandan keyin chizmalari chizilgan va qaror qabul qilingan», – deydi Pop tumani hokimligi qurilish bo‘limi boshlig‘i Sarvarbek Ro‘zimatov.

Tuman hokimi qaroriga ishonish kerakmi yoki yo‘q?

Tadbirkor Amonjon Matkomilov tuman hokimining qarori, barcha mutasaddi va mas'ul tashkilotlar tomonidan berilgan ruxsatnomalarga asosan ish ko‘rib binolarni qurdi va ish olib bormoqda. Biroq Pop tumani hokimining inshootlarini buzish haqidagi navbatdagi qarori uni qiyin holatda qoldirdi.

O‘tgan yili tadbirkorning Prezident portaliga yozgan xatidan so‘ng, prezident adminstratsiyasidan Namangan viloyat prokuraturasiga xat kelgan va undagi savollarga ko‘ra, tadbirkor huquqi tiklangan edi.

Maqolamiz so‘ngida o‘sha xatdagi savollarni yana ko‘taramiz: «Nahotki tuman hokimligi o‘z qarorlarni bugun chiqarib, ertaga bekor qilaversa? Qarorni bekor qilish oxirgi chora edimi, undan boshqa muqobil yechim mavjud emasmi? Murojaat etuvchining kuchda bo‘lgan hokim qaroriga asosan sarflagan mablag‘larini kim qoplaydi?»

Qurilish bo‘limi boshlig‘i, binolar barcha mas'ul tashkilotlar tomonidan ruxsatnoma olingach chizmalarga asosan qonuniy tarzda qurilganini aytmoqda.

Balki, A.Matkomilovning Qamchiq dovonida biznes uchun eng qulay bo‘lgan joylardan biri bo‘lgan hududi kimgadir kerak bo‘lib qolgandir?

«Eng qizig‘i shundaki, mutasaddi rahbarlarning ishonchli odamlari menga qo‘ng‘iroq qilib, men biznes qilayotgan joyga ularda ham qaror borligini aytishdi. Xulosaga keldimki, o‘sha mutasaddi rahbarlarning qaysi biriga, qarindoshiga mening joyim kerak bo‘lib qolyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tadbirkorlarga qulayliklar yaratish, sharoitlar qilib berish, ularni qo‘llab-quvvatlash kerak, degan so‘zlarini ko‘p eshityapmiz. Barcha hujjatlarga ega bo‘lib va prezidentimizning gaplaridan ruhlanib ish boshlasam, hokimning o‘z qaroridan qaytishi bilan shuncha qilingan ishlarim yo‘q bo‘lib ketaveradimi?

Kimdan yordam so‘raymiz, kimga murojaat qilamiz? Yoki bu biznes joyim kimgadir kerak bo‘lib qoldimi? Yana bilmadim...» – deydi tadbirkor.

Maqola e'lon qilinganidan so‘ng Pop tuman hokimligi masalani yana bir atroflicha o‘rganib chiqadi, degan umiddamiz.

Shu o‘rinda eslatib o‘tamiz, 2019 yil 5 yanvardagi prezident farmoni bilan 2019–2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish Konsepsiyasi tasdiqlangan. Unga asosan, zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda ko‘cha infratuzilmasini (shu jumladan sanitar-gigiyenik shoxobchalar) yaratish Konsepsiyaning bosh maqsadlardan biri qilib belgilab olingan.

Shuningdek, mazkur farmonga muvofiq, viloyat hokimlari va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida respublikaning har bir hududidagi sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan joylar va sayyohlik marshrutlarida kamida 50tadan sanitariya-gigiyena shoxobchalarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan.

Bundan tashqari, farmonga muvofiq, mahalliy hokimliklar va tegishli vazirlik va davlat qo‘mitalariga turistik namoyish obektlarini bog‘lovchi avtomobil yo‘llarining holatini yaxshilash, har 50 km masofada sanitariya-gigiyena shoxobchalari va boshqalarni tashkil qilishi kerak.

Demak, bundan hulosa qiladigan bo‘lsak, davlat rahbari qabul qilgan hujjatning amalda ijro etilishi uchun Pop tuman hokimligi va boshqa mutasaddi idoralar ko‘rsatayotgan faol qarshilik faqatgina tadbirkor Matkomilovning emas, balki viloyat hokimi Xayrulla Bozorov va Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduxakimovning ham muammosi, desak xato qilmagan bo‘lamiz.

Voqealar rivojini kuzatishda davom etamiz.

Kun.uz muxbiri Elmurod Ermatov
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top