08:33 / 25.06.2020
13694
Yevropani ozod qilishda jasorat ko‘rsatgan o‘zbek qahramonlari: katta leytenant Boboyev va partizan Toshniyozov haqida

Insoniyat boshdan kechirgan eng qonli, eng qora kunlar tarixga ikkinchi jahon urushi nomi bilan kirdi. Bu urushda o‘zbek xalqi boshqalar bilan yelkama-yelka turib, ham front ortida mehnat qildi, ham frontning old qatorlarida saf tortdi.

Dushman bilan yuzma-yuz bo‘lib, jang maydonida qon kechgan askarlarning qahramonligi hurmat bilan eslanadi.

Kichik batareya bilan yirik batalonni yenggan qahramon

Gvardiya katta leytenanti Botir Boboyev Yevropa hududini natsistlardan ozod qilish, fashist Germaniyasi hududini zabrt etishda jonbozlik ko‘rsatgan shaxslardan biri sifatida e'tirof etiladi.

1914 yil Sirdaryo viloyati (hozirgi Toshkent)da ishchi oilasida dunyoga kelgan Botir Boboyev o‘rta maktabda, so‘ngra Rostov iqtisodiyot institutida sirtdan tahsil oladi.

1941 yil avgustda qizil armiya safiga chaqiriladi, jang harakatlari mobaynida bir necha marotaba yaralanadi va kontuziya bo‘ladi. 1942 yilda Xarkov artilleriya bilim yurtini bitirib, frontda artilleriyachi sifatida xizmat ko‘rsatadi.

Botir Boboyev (birinchi qator, o‘ngdan ikkinchi) / Shon-sharaf muzeyidagi surat

Botir Boboyevning urush davrida ko‘rsatgan xizmatlari orasida Polshani dushmandan ozod qilish harakatini alohida ta'kidlash lozim.

Polshaning Oborniki shahri uchun o‘tkazilgan janglarda nemislarning kuchli qarshiligiga qaramay, gvardiya katta leytenanti Boboyev o‘z batareyasini to‘g‘ridan to‘g‘ri dushman piyoda va tanklari qarshisiga olib chiqib, ularni o‘qqa tuta boshlaydi. Jang paytida qattiq jarohatlangan bo‘lsa-da, maydonni tark etmaydi.

Ushbu jangda uning boshchiligidagi kichik batareya piyodalar batalonicha keladigan jangchilarni, 5ta tank va 2ta o‘ziyurar qurolni yo‘q qilib, barcha hujumlarni qaytaradi.

Buning samarasi o‘laroq, Botir Boboyev dushman mudofaasini yorib o‘tib, Varta daryosidan sovet askarlarining kechib o‘tishini ta'minladi.

Polshaning dushmandan ozod etilishi / Shon-sharaf muzeyidagi surat

Shuningdek, Dnepr daryosidan kechib o‘tishda, Berlin shahrini egallashda ham Boboyev boshchiligidagi batareya jonbozlik ko‘rsatadi.

Ushbu xizmatlari uchun Botir Boboyev «Fashist-Germaniya bosqinchilariga qarshi kurashda ko‘rsatgan jasorati, mardligi va qahramonligi uchun» Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlanadi.

Boboyev urush nihoyasiga yetgandan so‘ng ham o‘z diviziyasi shtabida xizmat qiladi. Keyinchalik nafaqaga chiqqunga qadar Toshkentda harbiy komissar etib faoliyat ko‘rsatadi. Keksalik yillarida urush faxriylari kengashining Toshkent bo‘limini boshqaradi.

Partizanlik harakati

Ikkinchi jahon urushida fashistlar armiyasini tor-mor etishda asosiy frontdagi harakatlar bilan bir qatorda, partizanlar harakati ham hal qiluvchi rol o‘ynagan. Partizanlik dushman tomonidan bosib olingan hududlardagi xalqlarning fashizm asoratidan tezroq ozod bo‘lish uchun boshlangan umumxalq harakati edi.

1943 yilning oxirida xalq qasoskorlari – partizanlar safiga bir milliondan ortiq jangchi birlashgan edi. Qurshovdan, asirlikdan qutulib chiqqan askarlar va qo‘mondonlar partizanlik harakatining kuchini hosil qilar, ular orasida o‘zbeklar ham anchagina edi. O‘zbek partizanlari Rossiya, Ukraina, Belarus, Boltiqbo‘yi respublikalarida partizanlar harakatiga boshchilik ham qilishgan.

Partizanlarning harakat yo‘nalishi

Manbalarga ko‘ra, urush yillarida partizanlar fashistlarning 1,5 milliondan ortiq askar va ofitserini qirib tashlagan, asirga olgan, yarador qilgan, 116ta bronepoyezdni, 16,860ta parovozini, 170,812ta vagonini ag‘dargan, 4538ta tankni, 2500dan ortiq to‘pni majaqlagan, 250ta temir yo‘l stansiyasini tor-mor etgan, 2200dan ortiq yirik omborlarni yondirib yuborgan, 9644ta ko‘prikni portlatgan.

Safdoshlari uchun o‘zini qurbon qilgan partizan

Partizanlik harakati bilan urush qahramonlari orasida alohida nom qoldirganlardan biri G‘anitoy Toshniyozovdir.

G‘anitoy Toshniyozov (o‘ngdan birinchi) / Shon-sharaf muzeyidagi surat

Toshkentlik G‘anitoy Toshniyozov 20 yoshida armiyaga chaqiriq qog‘ozini oladi. Belarusning Belostok va Minsk shaharlarida xizmat qilib yurgan vaqtida o‘z qismi bilan gitlerchilar qurshovida qolib, yarador bo‘ladi. Qurshovdan qutulib chiqib, Minsk viloyatidagi Jyeremse qishlog‘ida Klyachkinlar oilasida to‘rt oygacha davolanib yuradi. So‘ngra shu atrofda harakat olib borayotgan «Razgrom» partizan brigadasining «Iskra» otryadiga qo‘shiladi. Safdoshlari bilan Minsk — Mogilev tosh yo‘lida dushman avtokolonnasini tor-mor etishda jonbozlik ko‘rsatadi.

Toshniyozov dushmanning 14ta harbiy eshelonini ag‘darish, 1400 nafarga yaqin dushman askar va ofitserlarini yo‘q qilishda ishtirok etadi.

Partizan askarlarining bosh kiyimi
«Iskra» partizanlar otryadi askarlariga tegishli ashyolar. Shon-sharaf muzeyi

1944 yil 9 fevralda Minsk o‘rmonlarida o‘z bo‘linmasi bilan o‘rnashgan vaqtida dushman hujumiga uchraydi. Ammo partizanlar brigadasining boshqa bo‘linmalari qochib yashirinishga ulgurishi, kamroq zarar ko‘rishi uchun o‘z bo‘linmasi bilan chalg‘itish maqsadida dushmanga tik chiqadi. Dushman tobora yaqinlashgan sari ham chekinmaydi, ularning diqqatini ushlab turishda davom etadi. So‘nggi lahzada dushman qurshovida qolganda asir tushmaslik uchun pistoleti bilan o‘zini otib halok bo‘ladi.

G‘anitoy Toshniyozov haqidagi maqtov yorliqlari

G‘anitoy Toshniyozov birinchi darajali «Vatan urushi» ordeni va «Jasurlik uchun» medali bi­lan mukofotlangan.

Top