08:40 / 26.06.2020
8481
Prezident «Akfa» universiteti bo‘yicha yangi qaror imzolashi kutilyapti

“Akfa” universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar qabul qilinadi.

Prezidentning “Akfa Universitetining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda “Akfa Universiteti” MChJning:

a) “Akfa Universiteti” MChJ Koreya Respublikasining “Gachon Universiteti” bilan hamkorlikda tibbiyot yo‘nalishida oliy ta'lim berish faoliyatini amalga oshirayotganligi;

Universitet Koreya Respublikasining “Gachon Universiteti”, “Seul milliy Universiteti” hamda Yaponiya davlatining “Nagoya universiteti“ bilan hamkorlikda farmatsevtika, professional hamshiralikka tayyorlash, radiologiya, stomatologiya bo‘yicha yangi ta'lim yo‘nalishlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishganligi haqidagi axboroti ma'lumot uchun qabul qilinadi;

b) Prezidentning 2019 yil 1 fevraldagi PQ-4145-son qaroriga muvofiq universitet negizida Germaniya Federativ Respublikasining yuqori reytingga ega bo‘lgan Bremen universiteti (Universitat Bremen), Vestfal aniq fanlar universiteti (Westfälischen Hochschule), “Shtaynbays” nomidagi Berlin universitetlari (Steinbeis Hochschule Berlin, SHB) bilan texnik yo‘nalishdagi fakultetlar tashkil etish bo‘yicha muzokaralar olib borilayotganligi to‘g‘risidagi axboroti ma'lumot uchun qabul qilinadi;

v) Universitetda fakultetlar hamda talabalar sonini yangi ta'lim yo‘nalishlarini ochish orqali oshirish, zamonaviy o‘quv, o‘quv-amaliyot binolari, kampuslar, sport inshootlari, laboratoriyalar hamda yordam binolarni hamda tibbiyot yo‘nalishida ta'lim olayotgan talabalar o‘quv-amaliyotlarini o‘tishi uchun zamonaviy tibbiyot kompleksini qurishni o‘z ichiga olgan umumiy qiymati 580 mlrd. so‘m bo‘lgan investitsiya loyihasini amalga oshirish taklifi ma'qullanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Universitet birgalikda investitsiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha investitsiya shartnomasini tuzadi. Investitsiya shartnomasida kutilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy samara va yangi ish o‘rinlarini yaratish hajmi o‘rganilgan holda, soliqlar va to‘lovlar bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun investor tomonidan olinadigan kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarini subsidiyalash va qonunchilikda belgilangan boshqa bir qator imtiyoz va preferensiyalar berish tartibi kelishiladi.

Investitsiya loyihasining amalga oshirish quyidagi bosqichlarda amalga oshirilishi belgilanadi:

birinchi bosqich – 2021 yil IV-choragida, jami 175 mlrd so‘m;

ikkinchi bosqich – 2024 yil IV-choragida jami 226 mlrd so‘m;

uchinchi bosqich – 2027 yil IV-choragida 179 mlrd so‘m.

Toshkent viloyat hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Universitetga zamonaviy o‘quv binolari, o‘quv-amaliyot binolari, kampuslar, sport inshootlari qurish va jihozlash uchun Toshkent viloyati, Qibray tumani, Unqo‘rg‘on QFY, Parvoz MFY hududida joylashgan, Toshkent shahar hokimligiga qarashli “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” MChJ balansida bo‘lgan 29,48 ga yer maydonini doimiy foydalanishga ajratib berishni ta'minlaydi.

Toshkent shahar hokimligi “Manzarali bog‘dorchilik va gulchilik” MChJga qarashli mulklarni buzish, daraxt ko‘chatlarini Toshkent shahriga ekish uchun ko‘chirish ishlarini tashkillashtiradi.

Top