Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi yangi rahbari o‘zining ustuvor vazifalarini aytib o‘tdi
Uch yil ichida Jahon bankining O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasi $1,8 milliarddan $4,4 milliardga ko‘paydi.
1 iyuldan Marko Mantovanelli Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari sifatida o‘z faoliyatini boshladi. U 2017 yil mart oyidan beri idorani boshqarib kelayotgan Xideki Mori o‘rnini egalladi.
«Jahon bankining rahbari sifatida O‘zbekistonda o‘z missiyamni boshlashdan mamnunman. Bizning tashkilotimiz mamlakatning raqobatbardosh va barqaror bozor iqtisodiyotiga tarixiy o‘tish jarayonida hukumatning ishonchli hamkori. Men islohotlarni yanada osonlashtirish uchun hukumat va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlik qilishni umid qilaman. Jahon banki turli xil ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha qo‘shimcha moliyalashtirish, maxsus bilim va maslahat berish orqali O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Kelgusi yil hukumat bilan birgalikda biz yangi Hamkorlik dasturini tayyorlashni boshlaymiz. U 2022-2026 yillarda Jahon bankining O‘zbekistonga ko‘rsatadigan moliyaviy va texnik yordamining ustuvor yo‘nalishlarini aniqlaydi», - dedi Marko Mantovanelli.
Jahon banki 2017 yilda O‘zbekiston hukumati tomonidan keng ko‘lamli o‘zgarishlar boshlanganidan beri davlatni qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada oshirdi. Uch yil ichida Jahon bankining mamlakatga kiritgan sarmoyasi $1,8 milliarddan $4,4 milliardga (2020 yil iyun oyi bo‘yicha), ikki baravar ko‘proq ko‘paydi. Ushbu o‘sish hukumatning 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq iqtisodiyotni va jamiyatni o‘zgartirish bo‘yicha olib borayotgan sa'y-harakatlari bilan bog‘liq.
So‘nggi bir necha yillar ichida Jahon bankining O‘zbekistondagi dasturi tez sur'atlar bilan rivojlanib, Yevropa va Markaziy Osiyoda operatsiyalar hajmi bo‘yicha Turkiyadan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Hozirgi vaqtda dastur 23 ta loyihani o‘z ichiga oladi va hukumatga iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, ta'lim, suv ta'minoti va sanitariya, energetika, transport, ijtimoiy himoya, shahar va qishloqlarni rivojlantirish sohalarida islohotlarni amalga oshirishda ko‘mak beradi.
Koronavirusning O‘zbekistonga ijtimoiy-iqtisodiy ta'sirini hisobga olgan holda, Jahon banki so‘nggi bir necha oy ichida pandemiyaga qarshi kurashda hukumatga qo‘shimcha yordam ko‘rsatdi. Aprel va may oylarida favqulodda holatlarda $295 million miqdorida mablag‘ ajratildi. Ushbu mablag‘lar sog‘liqni saqlash tizimini yaxshilashga, hayotiy zarur tibbiy jihozlarni sotib olishga, pandemiyaning iqtisodiy oqibatlaridan va pandemiya keltirib chiqargan iqtisodiy inqirozdan aziyat chekkan kam ta'minlangan va himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadi, shuningdek inqirozga qarshi shoshilinch chora-tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq budjetning kutilmagan xarajatlarini qoplash uchun sarflanadi.
«Kelgusi oylarda mening asosiy vazifam pandemiyaning O‘zbekiston fuqarolari va iqtisodiyotiga ta'sirini yumshatish bo‘yicha hukumatga Jahon bankining imkon qadar qo‘llab-quvvatlovini ta'minlash bo‘ladi», - dedi Mantovanelli.
Mavzuga oid
07:54 / 23.11.2024
Ukraina Jahon bankidan deyarli 5 mlrd dollar oladi
17:27 / 06.11.2024
Jahon banki iqlim o‘zgarishining qishloq xo‘jaligiga ta’sirini baholadi
22:46 / 26.10.2024
Dunyodagi eng nufuzli biznes-indeks tiklandi
17:43 / 18.10.2024