16:39 / 03.07.2020
7265

Toshkentda «Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi» ochildi

O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun «Bunyodkor» stadioni hududida «Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi» tashkil qilindi.

Markaz O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida tashkil etildi.

3 iyul kuni markazning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

«Futbolning bugungi rivojlanish tendensiyasi mamlakatimizda yaratilgan futbol infratuzilmasini malakali sport menejyerlarini tayyorlash tizimiga moslashtirishni talab qilmoqda. Shu sababli, futbolimizni atroflicha tahlil qilish natijasida mahoratli mutaxassislar yetishmasligi, zamonaviy futbolga zarur bo‘lgan yana bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar kamligi aniqlandi. Buni inobatga olgan holda, «Bunyodkor» stadionida «Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazi» tashkil etildi», deydi O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov.

Markazda yetti yo‘nalish bo‘yicha mutaxassislar tayyorlab boriladi. Ular:

•Murabbiylar;

•Seleksionerlar;

•Futbol tahlilchilari;

•Hakamlar;

•Futbol menejyerlari;

•Psixologlar;

•Marketologlar.

Futbol mutaxassislarini tayyorlash markazining ustuvor vazifalari quyidagilar hisoblanadi:

Xalqaro talab va standartlar asosida futbol bo‘yicha raqobatdosh va yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash;

Xalqaro futbol tashkilotlari dasturlari va mutaxassislarini jalb qilgan holda trenerlik ta'limi bo‘yicha instruktorlarni tayyorlash yuzasidan ixtisoslashtirilgan kurslarni tashkil etish;

FIFA, UYeFA va OFK larning trenerlar tayyorlash bo‘yicha yetakchi xorijiy markazlarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi vakillarining stajirovkasini tashkil etish;

Mutaxassislarni qayta tayyorlash, malakasini oshirish, tanlab olish va rivojlantirishga ilg‘or ilmiy-Metodik va innovatsion texnologiyalarni joriy etish.

Top