19:04 / 05.07.2020
31544
Messi yana ketmoqchimi? Bu haqda nimalar ma'lum

Argentinalik futbolchi bilan nimalar bo‘lmoqda, «Barselona» sardorining kelajagi bo‘yicha qanday xabarlar tarqaldi.

Foto: Getty Images

Nima bo‘ldi?
Fox Sport telekompaniyasining argentinalik jurnalisti Kristian Martin «Barselona» hujumchisi Lionel Messi «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkinligi haqida xabar berdi.

«So‘nggi xabarlar. Messi «Barselona»dan ketishi va «Manchester Siti»ga o‘tishi mumkin. Bu chindan amalga oshishi mumkin. Buni Kataloniya va Angliyadagi manbalarim tasdiqlashdi. Kelishuv shartlari barcha manfaatdor tomonlarni qoniqtiradi», deya yozgan Martin Instagram sahifasida.

33 yoshli argentinalikning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2021 yil yoziga qadar tuzilgan, ya'ni keyingi mavsum yakunida muddat tugaydi, yangi shartnoma esa tuzilmagan, garchi muzokaralar ketayotgan bo‘lsada.

Bu qanchalik jiddiy?
Martin bungacha Messi haqidagi insaydlari bilan mashhur bo‘lmagan. Ammo u ushbu futbolchi «Barsa»dan ketishi haqida yozgan yagona manba emas. 3 iyul kuni Cadena Ser radiosi efirida ispaniyalik jurnalist Manu Karreno ham shu haqda gapirgandi.

«Doimiy mojarolar va klubdan axborot chiqib ketishi va o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan qarorlar Messining hiqildog‘iga kelgan. Shartnomani uzaytirish bo‘yicha muzokaralar yaxshi boshlangandi, ammo so‘nggi voqealar Messini barchasini qayta o‘ylab ko‘rishga majbur qilgan. Hozirda muzokaralar to‘xtab qolgan», — degan Karreno.

Kataloniyadagi Sport nashri esa (bu nashr asosan «Barselona» haqidagi yangiliklarni yoritishga ixtisoslashgan) juma kuni klub afsonasi Rivaldo bilan quyidagi sarlavhali intervyuni e'lon qildi: «Messi yana Gvardiola bilan ishlasa ajoyib bo‘lgan bo‘lardi».

«Agar Messi klubdan ketsa, Yevropada o‘ynashda davom etadi deb o‘ylamayman. Ammo buni istisno qilib ham bo‘lmaydi. «Siti» Pep bilan ittifoq tuzishi mumkin, bu ajoyib bo‘lardi. Messi 34 yoshida ham premer-ligada osonlik bilan o‘ynashi mumkin», — degan Rivaldo.

Shu tariqa, Messi «Barsa»dan ketishi haqidagi xabarlar har joyda tarqalmoqda.

Messiga nima yoqmayapti?
Bu yilda «Barselona»da mojarolar tinmayapti, klub prezidenti Jozep Bartomeu esa tanqidlar obektiga aylangan, u jamoa ishonchidan ham chiqqan. Mojaroga ijtimoiy tarmoqda Bartomeu buyurtmasi bilan «Barselona» yetakchilari haqida salbiy postlar va izohlar qoldirilayotgani haqidagi gaplar sabab bo‘lgan.

Hatto odatda xotirjamlikni saqlab qoladigan Messi ikki marta Instagram sahifasida ikki bor bayonot bilan chiqdi. Birinchisi klub sport direktori Erik Abidalga qaratilgandi, u sobiq bosh murabbiy Ernesto Valverde ishdan bo‘shatilganida bunga klubdagi ayrim futbolchilar murabbiyning faoliyatidan norozi bo‘lganini sabab sifatida keltirgandi.

Bu Messini darg‘azab qildi. Dastlab Instagram’dagi sahifasida Abidalning intervyusidan parchani storiz qilib joylaydi: «Ko‘plar murabbiydan norozi edi va ko‘p ishlashmasdi». Uning ortidan o‘z noroziligini bayon etadi.

«Bunday futbolchilar haqida gapirayotganda aniq ismlarni keltirish kerak. Agar bunday qilinmasa, barchaga nisbatan tuhmat bo‘lib qoladi. Ochig‘ini aytganda, menga bunday bayonotlar berish yoqmaydi. Fikrimcha, hamma o‘z vazifasi uchun javobgar bo‘lishi kerak. O‘yinchilar muammoni birinchi bo‘lib his etishadi, chunki biz klub va maydonda nima bo‘layotganini yaxshi bilamiz. Rahbariyat o‘z qarorlari uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishi kerak. Agar futbolchilarni tilga olishsa, u holda aniq familiyalar bilan aytishsin. Aks holda butun klub obro‘si zarar ko‘radi. Futbolchilar maydondagi ishlarga javobgar. Nimadir o‘xshamasa, birinchi bo‘lib o‘zimiz tan olamiz», — degandi Messi.

Ikkinchi mojaro — koronavirus pandemiyasi davrida klubda maoshlar qisqartirilishi ortidan yuzaga kelgan vaziyat bilan bog‘liq. «Barselona» Ispaniya hukumatiga ERTE’dan foydalanish bo‘yicha murojaat qildi — maxsus sxemaga ko‘ra, kompaniyalarga ma'lum vaqtga mehnat shartnomalarini to‘xtatishga yoki ish kunlarini qisqartirishga ruxsat beriladi. Bu  esa klubning 1500 xodimini shok holatga tushirdi - ular uchun bu kutilmagan qaror bo‘ldi. Xuddi shu vaqtda mahalliy matbuotda ayrim futbolchilar maoshi kamayishiga rozi bo‘lmagani haqida insaydlar paydo bo‘ldi.

«Klubda bizni shu yo‘l bilan o‘zimiz shundog‘am qilishni istagan ishni qilishga undaydigan odamlar borligidan hayronman. Barcha futbolchilar xodimlarning barchasi o‘z maoshlarini 100 foiz olishini istaydi», — deya yozdi Messi.

Ko‘rinishidan, «Barselona» boshqaruvidagi tartibsizlik argentinalik futbolchining joniga tekkan. Qolaversa Abidal bilan ziddiyat vaqtida COPE radiostansiyasi jurnalisti Xuanma Kastano Messi klubda bo‘layotgan barcha ishlar uchun balogardon bo‘lishdan charchagani haqida gapirgandi.

«Barselona»ning yangi prezidenti saylovlari 2021 yilda o‘tkaziladi. Ehtimol, Messining Kataloniyadagi kelajagi ham shu saylovga bog‘liq bo‘ladi, garchi Bartomeu qayta saylanmasa ham — ustavga ko‘ra bu lavozimni ikki muddatdan ortiq egallash mumkin emas.

«Siti»ga o‘tishga nima to‘sqinlik qiladi?
Argentinalik futbolchining «Manchester Siti»ga o‘tishi tarixida bitta ishkal bor: inglizlar klubi ikki yilga yevrokuboklardan chetlatilishi mumkin. UYeFA fevral oyida moliyaviy feyr-pley tufayli «Siti»ga shunday jazo qo‘llagandi. «Shaharliklar» Sport arbitraj sudiga apellyatsiya yo‘llagan, bu ish iyunda ko‘rib chiqilgan. Qaror iyul oyi o‘rtalarida e'lon qilinishi kutilmoqda.

Agar jazo o‘z kuchida qolsa, savollar tug‘iladi: Messi Pepni qanchalik hurmat qilmasin, nega Chempionlar klubida o‘ynamaydigan klubga o‘tishi kerak? Qolaversa, bunday vaziyatda murabbiyning ham klubdagi kelajagi tumanli bo‘lib qoladi: ispaniyalik mutaxassisning «Siti» bilan shartnomasi 2021 yil yozigacha tuzilgan va hozircha yangi shartnoma haqida gap bo‘lgani yo‘q. Bundan tashqari, hozirgi kelishuvda Gvardiola shu yozdayoq ketishiga imkon beradigan punkt mavjud. Murabbiyning so‘nggi intervyularidan xulosa qilinsa, ko‘p narsa sud qaroriga bog‘liq.

Messining ketishi bilan bog‘liq xabarlar yangi shartnoma imzolanishi bilan yakunlanishi ham mumkin. So‘nggi yillarda ushbu futbolchi boshqa klubga «ketayotgani» haqida ko‘p marta xabar tarqalgan.

Lionel Messi. Foto AFP

2014. Messi va 250 million yevro. Angliya yoki Fransiyaga ketish
2013 yil fevralida Lionel Xavi va Karles Puyol ortidan «Barsa» bilan shartnomani uzaytirdi — besh yilga, 2018 yil 30 iyuniga qadar.

«Bilmadim, u 5 yildan keyin qanday holatda bo‘ladi. Ammo bu klub fanatlari uchun ajoyib yangilik. U dunyodagi eng zo‘ri. Hamisha shundayligicha qoladi. U o‘zini yaxshi his qilishi uchun qo‘ldan kelgancha harakat qilamiz», degandi o‘shanda himoyachi Jordi Alba.

Bir yil o‘tgach Madriddagi AS nashri, ko‘k-anorranglilar yulduz futbolchisi sotuvidan katta pul ishlab olmoqchi ekani haqida xabar tarqatdi. 250 million yevro — shartnomada shu miqdordagi badal puli belgilangandi. Go‘yoki Lionelning otasi Xorxe Messiga kelishuvdan 10 foizlik ulush va'da qilgani aytilgandi. O‘shanda xaridor jamoalar sifatida «PSJ», «Chelsi» va «Real» klublari nomlari keltirilgandi.

Futbolchi Tate Martino boshchiligida o‘tgan yomon mavsumdan keyin ketishga qaror qilganiga ishonish mumkin edi. Messi ijtimoiy tarmoqqa joylashtirilgan videosida «uyda qolishdan baxtiyor bo‘lishi»ni aytgan. Shu bilan birgalikda «boshqa variantlarni ham ko‘rib chiqishga tayyorligi, chunki hamisha eng yaxshi klubda o‘ynashni istashi» haqida aytgandi.

Oxir-oqibat Leo klubda qoldi. Ispan nashrlarida uning yillik maoshi miqdori keyingi mavsumda 13 million yevro o‘rniga 20 million yevroga oshgani haqida xabarlar tarqaldi.

Lionel Messi. Foto AFP

2015. Messi Luis Enrikedan ketadi. Angliya yoki Fransiyaga
2015 yil yanvarida gazetalar Messi va klub bosh murabbiyi Luis Enrike o‘rtasidagi jiddiy mojaro haqidagi sarlavhalarga to‘la bo‘lgandi. Fitnalar, mojarolar, munosabatlarga oydinlik kiritish. Argentinalik futbolchi boshqa klublar muxlisiga aylandi, ijtimoiy tarmoqlarda boshqa klublarning akkauntlariga a'zo bo‘ldi. Leo ketishi aniqdek edi. Ko‘k-anorranglilarning muxlislariga achinib qaray boshlashdi...

«Bu biz bayramdan qaytganimizda sodir bo‘ldi. Mashg‘ulot vaqtidagi qo‘pollikdan keyin Leo o‘zini boshqara olmay qoldi. Vaziyat keskinlashdi, u va murabbiy aytishib qoldi. Mashg‘ulotdan keyin Luis Enrike kiyim almashtirish xonasiga keldi, ular gaplashib olishdi va ziddiyat barham topdi. Bunaqasi ko‘p jamoalarda bo‘ladi, ammo bizda bo‘lgan holatga juda ko‘pchilik e'tibor qaratdi, chunki biz «Barselona»miz. Ziddiyatga yo‘l qo‘yildi, bu esa haqiqiy muammo», degandi o‘shanda himoyachi Jyeremi Mate.

Ammo bungacha Messi oshqozonidagi og‘riq tufayli mashg‘ulotlarni o‘tkazib yuborgan, OAVda esa «Chelsi» uning uchun 250 million yevro to‘lashga tayyorligi haqida navbatdagi xabar tarqalgandi. Lionel Instagram’da London jamoasining bir qancha futbolchilarini «follou» qilgandi.

Kataloniyaliklarning sobiq himoyachisi, keyinroq jamoada sport direktoriga aylangan Erik Abidal 2015 yil qishida argentinalik futbolchida kelajagini «PSJ»da davom ettirish varianti bo‘lgani haqida gapirdi. O‘shanda Lionelni «Manchester Yunayted», «Bavariya», «Real» va «Manchester Siti»ga ham «jo‘natishgan».

«Menga odamlarga bo‘layotgan voqealar bo‘yicha o‘z so‘zlarimni aytish imkoniyatini berganingiz uchun tashakkur. Hech qayerga ketmoqchimasman. Bunday gaplar men uchun yoqimsiz, chunki bunday gaplarni «Barselona»ni qo‘llab-quvvatlovchi odamlar aytmoqda. Safsatani bas qiling», degandi Messi Barca TV efirida.

Lionel Messi. Foto AFP

2016. Messi soliq organlaridan xafa. Angliyaga ketadi
Angliya va Ispaniyadagi nashrlar argentinalik «Tumanli albion»ga ko‘chib o‘tishi — uning manzili «Manchester Siti», «Chelsi» yoki «Manchester Yunayted» bo‘lishi haqida yozishdi.

«Men hamisha «Barselona»dan keta olmasligimni aytganman. Hamisha shunday javob qaytarishda davom etaman. Faoliyatimni uyda yakunlashni istayman, mening uyim esa — Barselona. Futbolda barchasi tez o‘zgaradi. Bir yil avval hamma bizni tanqid qildi. Endi esa biz deyarli barcha sovrinlarni yutib oldik. Men faoliyatimni boshlagan joyimda, Barselonada tugatishni istayman», — dedi o‘shanda Messi.

O‘sha yilning iyunida Britaniyadagi nashrlarda argentinalik futbolchi Angliyaga kelishi haqida navbatdagi mish-mishlar to‘lqini kuzatiladi. Iyulda La Liga prezidenti Xaver Tebas u o‘zi va otasiga nisbatan boshlangan soliq bilan bog‘liq muammolar tufayli Ispaniyadan ketishi mumkinligidan xavotir bildiradi.

Kataloniyaliklar klubi prezidenti Jozem Bartomeu kuzga kelib Messi yangi, «abadiy» shartnomaga imzo chekishi haqida gapirdi. «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola ham Leo bilan muzokaralar o‘tkazilgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Ammo agar u «Barsa»dan ketishga qaror qilsa, «Siti» unga xaridorlar navbatining boshida turishi haqida qo‘shimcha qildi.

Lionel Messi. Foto AFP

2017. Messi hamon soliqchilardan xafa. Shartnoma uzoq vaqtgacha uzaytirilmadi
Yana shu kabi mish-mishlar, yana shu kabi tarix. Soliq organlarining ayblovlari tufayli norozilik. Klub rahbariyati bilan uzoq davom etgan muzokaralar. Shartnomani uzaytirish masalasi keyinga qoldirilishi. Shartnoma muddati yakunlanishiga bir yil qolgan.

Yozda murosaga kelindi, yangi kelishuv uch yillik — 2021 yilgacha. Noyabrda rasman tasdiqlandi: argentinalik futbolchi uchun bu «Barselona» bilan tuzilgan to‘qqizinchi shartnoma edi. Bu oxirgisi bo‘lib qoladimi?

Lionel Messi. Foto Reuters

2018. Kataloniyadagi voqealar. Yana Angliya
2017 yil kuzida Kataloniyada mustaqillik uchun referendum o‘tkazildi. Unda Ispaniyadan ajralib chiqish tarafdorlari g‘alaba qozonishdi, ammo hukumat natijalarni tan olmadi. Shundan so‘ngi hududni keng ko‘lamli norozilik aksiyalari qamrab oldi, futbol uchrashuvlari qoldirildi.

Madriddagi AS nashri «Manchester Siti» Messining transferi uchun 400 million yevro to‘lashga tayyorligi haqida yozdi. 2017 yil yozida raqamlar kamtarroq edi - 300 million.

2018 yil yanvarida El Mundo Deportivo nashri bir xabar tarqatdi: Leoning shartnomasida u shartnoma muddati tugamasidan ketishi mumkinligi haqida band bor. Tekinga. Sharti Kataloniya Ispaniyadan ajralib chiqsa. Bu holatda «Barsa» Yevropadagi kuchli chempionatlarda ishtirok eta olmasdi.

Bu vaqtda 2021 yilga qadar amal qiluvchi yangi shartnoma imzolangan, unda 700 million yevro miqdorida badal puli va futbolchi uchun yiliga 35 million yevro (soliqlar, imij huquqi va reklama shartnomalaridan tushadigan daromaddan tashqari) belgilangandi.

Kataloniya ajralib chiqmadi va Messi hech qayerga ketmadi.

Lionel Messi. Foto Reuters

2019. Shartnomadagi alohida band. Angliya yoki MLS
2019 yil yozi va kuzida dunyodagi eng kuchli futbolchi haqida «eng aniq va eng ishonchli» ma'lumot beruvchi insayderlar yana «uyg‘onishdi».

El Pais nashri shunday xabar tarqatdi: argentinalik futbolchi bilan shunday shartnoma tuzilganki, u istalgan mavsum so‘nggida shartnomani bir tomonlama bekor qilish huquqiga ega. Uning nomini «Manchester Siti» bilan bog‘lashdan charchagan Britaniyadagi nashrlar Lionelga Devid Bekhem okeanortida asos solgan «Inter Mayami» klubidan qiziqish mavjudligi haqida yoza boshlashdi.

A Bola Bartomeudan iqtibos keltirdi, unga ko‘ra bunday band «Barsa»ning faxriy futbolchilarining barchasining shartnomalarida bo‘lgan — Andresa Inesta, Xavi va Puyolda: «Biz bundan tashvishda emasmiz, ularning barchasi klubga sadoqatli bo‘lishgandi. Biz Messiga ham boshqacha shartnoma taklif qilolmasdik».

Messi MLSga ketmadi. Angliyaga ham.

Lionel Messi. Foto Reuters

2020. Shartnomadagi alohida band va charchoq. Yana Angliya varianti
Ernesto Valverde ishdan bo‘shatildi, Xavi bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi, ammo murabbiylikka Kike Seten olib kelindi. Keyin Messi va Abidal o‘rtasida ziddiyat bo‘lib o‘tdi. Fitnalar, mojarolar va OAVdagi juda ko‘p negativ.

Shu yil fevralida navbatdagi «yangi» ma'lumot paydo bo‘ldi: argentinalik futbolchi «Barsa» bilan bog‘liq va «Barsa»dagi barchadan norozi. OAVda «Manchester Siti», «Manchester Yunayted», «PSJ», «Yuventus» va «Inter» nomlari aylana boshladi. Britan nashrlari qatoriga La Gazzetta dello Sport ham qo‘shildi.

Lekin ko‘pchilik faqat ispan tilini biladigan, o‘zini Kataloniyada juda yaxshi his qiladigan va Kataloniyada oilasi uchun qulay sharoit yaratib olgan futbolchi qanday qilib boshqa mamlakatda, ayniqsa Angliyada moslashib ketishi mumkinligiga hayron.

Martda yangi «sensatsiya» chiqdi: Agar «Barsa» Neymarni qaytarmasa, Messi ketadi. Keyin koronavirus pandemiyasi tufayli yulduz futbolchining kelajagi haqidagi gaplar uzilib qoldi.

Ammo yaqinda faoliyatidagi 700-golini urgan Leo haqida yana shov-shuvli xabarlar tarqala boshladi: shartnomani uzaytirish va hisob bo‘yicha o‘ninchi shartnomani imzolash bo‘yicha muzokaralar to‘xtagan.

Top