Ter Stegen golga sababchi bo‘ldi, Mamardashvili birinchi bo‘limdayoq qizil oldi

La liga. 33-tur
«Barselona» — «Valensiya» 4:2
Gollar: Lopes (22), Levandovski (49, 82, 90+3) — Duro (27), Pepelu (38, penalti).
«Barselona» – ter Stegen, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Martines, 46), Joau Kanselu (Ferran Torres, 80), Kristensen (Serxi Roberto, 46), Gundo‘g‘an, Lopes (Pedri, 73), Rafinya (Joau Feliks, 66), Yamal, Levandovski.
«Valensiya» – Mamardashvili, Terri Korreyya, Moskera, Gasorovski, Xesus Vaskes, Pepelu, Gerra (Gilyamon, 71), Almeyda (Domenek, 51), Peter Federiko (O‘zkajar, 79), Duro (Mari, 70), Diyego Lopes (Kanos, 79). 
Ogohlantirish: Kubarsi (42).
Chetlatish: Mamardashvili (45+4).

«Barselona» Fermin Lopesning bosh bilan urgan golidan keyin hisobni ochgandi, ammo besh daqiqa o‘tib Ugo Duro muvozanatni tikladi.

Vaziyat xavfli edi, ammo kritik darajada emasdi: to‘p jarima maydonini tark etib chiqib kelgan Mark-Andre ter Stegenning oyoqlariga yumalab borayotgandi, ammo Duro uni pressing qildi.

Germaniyalik posbon texnik yo‘l bilan himoyachiga pas bermoqchi bo‘ldi – ammo to‘pni oldirib qo‘ydi. Duro havodagi to‘pni ko‘kragi bilan o‘ziga moslab oldi va bo‘sh qolgan darvozani ishg‘ol etdi.

Ko‘p o‘tmay «Valensiya» oldinga chiqib oldi – Pepelu Ronald Arauxo tomonidan Peter Federikoga ishlatilgan fol uchun belgilangan penaltini aniq ijro etdi. Ammo mehmonlar uchun birinchi bo‘lim oxirida barchasi o‘zgarib ketdi.

Georgiy Mamardashvili ham jarima maydoni tashqarisida muvaffaqiyatsiz harakat qildi: u ortga uzatilgan pasdan keyin to‘pni qabul qila olmadi va Lamin Yamalning pressingi ostida qo‘l bilan o‘ynadi.

Hakam qoida bo‘yicha to‘g‘ri qaror qabul qildi – darvozabon jarima maydoni tashqarisida to‘pni qo‘l bilan to‘xtatishi uchun qizil kartochka beriladi.