16:37 / 07.07.2020
67448
Foto: Yaponiya va Xitoy suv balosi qarshisida qoldi

Yaponiya va Xitoy yangi ofat – suv toshqinlari bilan kurashishga majbur bo‘lmoqda. Koronavirus «vatani» bo‘lgan Uhan endi suv toshqinidan jabr ko‘rmoqda. Yaqin kunlarda yana kuchli yomg‘irlar bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Reuters

4 iyul kuni Yaponiya janubida kuchli yog‘ingarchilik bo‘lib o‘tishi oqibatida bir nechta prefekturada suv toshqinlari kuzatildi. Birgina Kumamotoning o‘zida bir soat ichida 100 millimetrdan ortiq yomg‘ir yog‘gan.

Toshqinlar sabab ko‘chalarni suv bosgan, minglab uylar zarar ko‘rgan. Hozirgacha 52 kishi halok bo‘lgani ma'lum, yana o‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan. Halok bo‘lganlarning aksariyati uylarida yolg‘iz qolgan qariyalar ekani aytilmoqda.

4 iyul kunidayoq mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligiga 100dan ortiq qutqaruv chaqiriqlari kelib tushgan. Meteorologlarning ta'kidlashicha, bu so‘nggi o‘n yillikdagi eng kuchli yog‘ingarchilik bo‘lgan.

5 iyul kuni hukumat toshqin oqibatlarini bartaraf etish uchun 10 ming nafar harbiyni tabiiy ofat yuz bergan mintaqalarga yubordi. Kumamoto, Kagosima va Miyazaki prefekturasida toshqinda qolgan odamlarni ko‘chirish ishlari o‘sha kunning o‘zida boshlab yuborilgan. Bu uchta prefekturadan jami 300-400 ming nafar odamni xavfsiz joylarga ko‘chirish reja qilingan.

«Suv toshqini va uning oqibatida yuz bergan ko‘chkilar ostida yordamga muhtoj odamlar bo‘lishi mumkinligi xabar qilindi. Ularga tezroq yordam ko‘rsatish uchun halokat ro‘y bergan mintaqalarga nafaqat harbiylar, balki politsiya xodimlari va ko‘ngillilar ham jalb qilindi. Ular joylarda halokat ko‘lamini aniqlaydi va aholini ko‘chirish ishlarida yordam beradi», degan Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe NHK telekanalida bergan bayonotida.

Toshqin yuz bergan hududlarda harbiylar hamon qutqaruv va evakuatsiya ishlarini olib borishmoqda. Ular xavfli hududlarda odamlarni harbiy vertolyotlar yordamida qutqarmoqda. Ba'zi joylarda suv balandligi uylarning ikkinchi qavatigacha ko‘tarilgan. Yaponiya meteorologiya xizmati aholini uylarning yuqori qavatlariga chiqib jon saqlashga chaqirgan. Toshqin elektr uzatish tarmoqlariga zarar yetkazgani uchun yuz minglab aholi elektr energiyasiz qolgan.

Yaponiyada 2019 yil ham yirik suv toshqinlari sodir bo‘lgan va hukumat jami 850 ming nafar odamni evakuatsiya qilgandi. 5 iyul kuni kuchli yomg‘ir Yaponiya janubidan o‘tib Xitoy hududiga yetib bordi va bu mamlakatda ham bir qancha shahar va qishloqlar suv toshqini ostida qoldi. Jumladan, Shanhay va Uhan shaharlarida suv toshqinlari kuzatilgan.

Yaponiya va Xitoydagi toshqinlarga daryolar o‘zanidan chiqib ketgani sabab bo‘lgan. Xitoy va Yaponiya o‘rtasidagi eng yaqin masofa 2 ming kilometrni tashkil etadi va bu ko‘rsatkich har ikki mamlakatga xavf solayotgan siklonning hajmi qanchalik kattaligini bildiradi.

Yaponiya hukumati o‘z xavfsizligiga ishonmayotgan odamlarni evakuatsiya qilishga tayyorligini bildirgan. Xavfsiz joylarga ko‘chirilganlardan tashqari yana 350 mingdan ortiq odamlarga evakuatsiya taklif qilingan.

«Biz sizni qutqarish uchun hamma ishni qilishga tayyormiz, iltimos, siz ham bizga ko‘maklashing. Uyidan chiqolmay qolganlarga yordam bering, ular haqida ma'lumot yetkazing. Bedarak yo‘qolganlarni topishda yordam bering», dedi Abe yaponiyaliklarga murojaatida.

Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: Reuters
Foto: EPA/Vostock-photo
Foto: EPA/Vostock-photo
Suv toshqinlari Kumamoto prefekturasida 24 kishi hayotiga zomin bo‘ldi Foto: Reuters
Foto: Reuters

Xitoyning Uhanida ham vaziyat jiddiylashgan. Xitoyda 5ta daryo o‘zanidan chiqib ketgan, jumladan Yevroosiyo materigidagi eng uzun daryo – Yansizi ham. Daryolar bir haftadan kam muddatda eski o‘zaniga qaytmasligi aytilmoqda. Xitoyning ba'zi hududlarida daryolar kuniga yarim metrgacha ko‘tarilgan va suv sathi ko‘tarilishi to‘xtagani yo‘q.

Toshqinlar kuzatilmayotgan bo‘lsa-da, Pekinda ham qum to‘ldirilgan qoplar uyumini ko‘rish mumkin. Yansizi daryosi Pekindan ancha olisda, shunday bo‘lsa-da, poytaxt rahbariyati xavfsizlik choralarini ko‘rib qo‘ygan. Ular koronavirusning ikkinchi to‘lqini aynan Pekindan avj olgani sabab har qanday xavfga tayyor bo‘lish kerak degan xulosaga kelishgan.

Suv toshqini tufayli Chunsindagi yo‘l jiddiy zararlandi
Foto: Reuters

 

Top