18:35 / 09.07.2020
5900
Buyuk Britaniya Qosim Sulaymoniyga nisbatan sanksiya muddatini uzaytirdi
Foto: Hassan Ammar / AP

Britaniya Eronning «Al Quds» maxsus guruhi qo‘mondoni general Qosim Sulaymoniy uchun joriy qilingan iqtisodiy sanksiyani o‘z kuchida qoldirdi. Bu haqda Britaniya moliya vazirligi e'lon qilgan hujjatda keltirilgan.

Hujjatda terrorizm va uni moliyalashtirgani uchun 5 kishiga nisbatan sanksiyalar muddati uzaytirilgani aytilgan. Ro‘yxatda quyidagi nomlar bor: Qosim Sulaymoniy, Hamid Abdullohi, Mahmud Arbabsiar, Ali G‘ulom Shakuri va Abdul Rizo Shahlai. Ularning barchasi Eron fuqarolari. Qirollik moliya vazirligi e'lon qilgan hujjatda bu besh nafar eronliklarning barchasi 2010 yil o‘ziga xos TAFA (Terrorism and terrorist financing) sanksiyasiga tushgan va 6 iyul kuni ularga nisbatan e'lon qilingan sanksiya muddati uzaytirilgan.

Hujjatda bir narsa e'tiborni tortadi. Qosim Sulaymoniy unda 10 xil ism-sharif bilan keltirilgan. Ularning barchasi bir-biridan bir nechta harf bilan farq qiladi. «Al Quds» generalining aynan mana shu nomlarga ochilgan va Britaniyaga ma'lum hisob raqamlari mavjud bo‘lishi mumkin.

Britaniya moliya vazirligi e'lon qilgan ro‘yxatda sanksiyasi uzaytirilgan 5 kishining barchasi Yevropa Ittifoqining ham sanksiya ro‘yxatidan o‘rin olgani alohida keltirilgan.

Oldinroq BMT Qosim Sulaymoniyning AQSh tomonidan o‘ldirilishi noqonuniy bo‘lgani, u hech kimning hayotiga to‘g‘ridan to‘g‘ri xavf tug‘dirmaganini ma'lum qilgandi. O‘z navbatida Eron hukumati Interpolga murojaat qilib AQSh prezidenti Donald Trampni qidiruvga berishni so‘ragan va rad javobini olgan. Eron tomoni Sulaymoniyga suiqasdda ishtirok etgan 36 kishining shaxsini aniqlaganini ham ma'lum qilgan.

Eron inqilob muhofizlari korpusi qoshidagi «Al Quds» maxsus bo‘linmasi yetakchisi bo‘lgan general Qosim Sulaymoniy 2020 yil 3 yanvar kuni AQSh prezidenti Donald Trampning shaxsan topshirig‘i bilan amerikalik harbiylarning havo zarbalari oqibatida halok bo‘lgandi. Uning o‘limidan so‘ng Eronda motam e'lon qilingan va eronlik harbiylar AQShning Iroqdagi aviabazalariga raketa zarbasini amalga oshirgandi.

Mavzu
Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi
Eron tashqi siyosati bunyodkori, Yaqin Sharq bo‘yicha bosh strategi, Eron Islom inqilobi muhofazasi korpusi tarkibidagi «Kuds» maxsus bo‘linmasi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniy Bag‘doddagi aeroportda AQSh prezidenti Donald Tramp farmoyishiga binoan o‘ldirildi.
Barchasi
Top