21:28 / 10.07.2020
6860
Germaniya hukumatida Misrga ishlovchi josus fosh qilindi

Germaniya hukumati matbuot xizmatida ishlagan erkak bir necha yil davomida Misr razvedkasiga ma'lumotlar berib turgan.   

Josus 2019 yil dekabrda Germaniya hukumatining matbuot va axborot boshqarmasida aniqlangan. Bu haqda Konstitutsiyani muhofaza qilish federal boshqarmasining 2019 yil uchun hisobotida aytilgan.  

Erkak bir necha yil davomida Misr razvedkasiga ishlagan. Hozir bu holat bo‘yicha tergov olib borilmoqda. Nemis huquq-tartibot idoralarining ta'kidlashicha, Misr maxfiy xizmatlari Germaniyada yashovchi vatandoshlarni yollashga harakat qiladi. 

Prokuratura Bild nashriga bunday tergov olib borilayotganini tasdiqlagan. Qo‘lga olingan josus aynan qanday ma'lumotni bergani noma'lum. Biroq nashrning taxminicha, u Germaniyada ishlovchi misrlik jurnalistlar haqida ma'lumotlarni to‘plagan. Gap boshqarmaning tashrif buyuruvchilar bilan ishlash xizmatining o‘rta martabali xodimi haqida bormoqda. 

Hisobotga ko‘ra, Germaniyada Misrning ikkita razvedka xizmati – Umumiy razvedka xizmati (General Intelligence Service, GIS) va Milliy xavfsizlik xizmati (National Security Service, NSS) harakat qiladi. Ularning asosiy vazifasi “Musulmon birodarlar” harakati yoki koptlar xristian jamiyati a'zolari kabi Misr muxolifatining Germaniyada yashovchi tarafdorlari haqida ma'lumot to‘plashdan iborat. 

Top