14:00 / 10.07.2020
18485
«Vay-fay bahona-yu, do‘kon g‘animat» - Qarshida loyihasiz qurilgan bekat buzilishi paysalga solinmoqda

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahridagi Amir Temur ko‘chasida qurilayotgan yangi tipdagi bekat yuzasidan mojaro va tushunmovchilik kelib chiqmoqda. Kun.uz muxbirlari mojaroni voqea joyiga borib o‘rganishdi.

«Nusrat bobo» savdo tijorat firmasi egasi Ro‘yiddin Izzatullayev va uning oilasi shu ko‘chadagi ikki qavatli do‘konda ko‘p yillardan beri savdo-sotiq qilib kelishmoqda. Amir Temur ko‘chasi kengaytirilib, eski bekat o‘rnidan yangisi ularning do‘koni oldini to‘sadigan qilib loyihalashtirilgan.

Ushbu hududda Qarshi shahar hokimining 2020 yil 24 fevraldagi qarori bilan Yakkabog‘ tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro Shaydullo G‘ulomovga 48 kvadrat metr yer maydonida yengil konstruksiyadan, sendvich panellar bilan Wi-Fi ham tarqatuvchi  savdo do‘koniga ega bekat qurishga ruxsat berilgan. Haytovur, Qarshi shahri hokimi Yakkabog‘danligining bu masalaga hech qanday aloqasi yo‘q, deb ta'kidlashdi.

Ammo Shaydullo G‘ulomov bekatning qurilish kerak bo‘lgan vaziyat rejasini buzgan va bekatni mavjud do‘kon ro‘parasiga qurgan. Shuningdek, u hokim qarorida belgilanganidek sendvich panellardan muvaqqat yengil konstruksiyali inshoot emas, blok g‘ishtlardan mustahkam bino barpo etgan.

Ro‘yiddin Izzatullayevning aytishicha, qurilish ishlari aprel oyi boshida Qarshi shahrida barcha qat'iy karantin tufayli ishni yig‘ishtirib, uyga kirib ketgan chog‘da atayin amalga oshirilgan. Ular bu borada qator idoralarga murojaat qilib, muammoga yechim topa olishmayapti.

Qolaversa, prezident portaliga yozilgan shikoyat xatiga javobni «mas'ullarning o‘zlari barchasi to‘g‘ri olib borilmoqda» qabilida dalolatnoma to‘ldirib, murojaat egasi imzolashdan bosh tortdi, deb javob xati yo‘llashgan. Holbuki R.Izzatullayev qandaydir dalolatnoma to‘ldirilganini ko‘rmaganini aytib turibdi.

Bu borada shahar qurilish bo‘limida bo‘lganimizda, hokim qaroriga biriktirilgan, bekatning joylashish rejasini ko‘rsatishdi. Biroq murojaatchilar prezident portaliga murojaat qilinganidan so‘ng bu reja shoshilinch tarzda o‘zgartirib yasalganini ta'kidlashdi. Dastlabki rejaga ko‘ra, bekat bino oldidan sal chetroqda qurilishi kerak bo‘lgan.

Hozir bekat ko‘chirilsa ko‘p qavatli uyga o‘t o‘chirish mashinalari kirish yo‘lagi berkilib qolinishi ro‘kach qilinmoqda. Biroq, o‘sha yerdagi eski ombor ham Ro‘yiddin akaga tegishli binoning qismi hisoblanadi. Bu uning kadastr hujjatlarida ham aks etgan. Bu ombor qismini buzdirish (hech qanday kompensatsiyasiz) uchun shahar hokimi qarori chiqqan, biroq qaror qonun hujjatlariga zid tarzda qabul qilingani uchun prokuror protesti bilan bekor qilingan. Ya'ni o‘tish yo‘lagi o‘sha ombor buzilishi hisobiga emas, o‘sha ko‘p qavatli uy loyihalanayotganida qoldirib ketilishi kerak edi.

Boz ustiga, bekat qurilishi birorta loyiha hujjatlarsiz olib borilgan. Na quruvchi va na shahar qurilish bo‘limidagilar arxitektura loyihalashtirish topshirig‘ini topib ko‘rsata olishdi.

Qurilish egasi ham bu borada shahar qurilish bo‘limi tomonidan uch marta ogohlantirilgan, qurilish e'tirozga sabab bo‘layotgani uchun buzilib, yer maydoni hokimlik zaxirasiga qaytarilishi ma'lum qilingan.

Biroq, shu kungacha quruvchi tomonidan ogohlantirishlarga quloq solinmay kelinmoqda.

Biz hodisa joyiga shahar hokimligi mas'ul xodimlari bilan chiqdik. Shahar bosh arxitektori Jasur Choriyev ham bekat noto‘g‘ri qurilganini ta'kidlab o‘tdi.

O‘sha yerda do‘konli bekatni buzish, o‘rnidan yo‘lovchilar uchun faqat transport kutiladigan kichikroq, ixcham va zamonaviy bekat qurish taklif qilinganida Ro‘yiddin Izzatullayev bunday bekatni qurishni o‘z zimmasiga olishini bildirib o‘tdi.

Eng hayratlanarlisi, bu — Qarshi shahrida yangi hokim qarori bilan qurilayotgan bekatlar borasidagi murojaatlardan hali bittasi. Shaharning boshqa qismlarida ham qurilish normalariga rioya etmasdan, shaharsozlik me'yorlari oyog‘osti qilinib qurilayotgan bekatlar bor ekan. Qarshidan qaytganimizdan so‘ng ulardan ham tahririyatga murojaatlar kelib tushdi.

Qarshida nimalar bo‘lyapti o‘zi? Qiziq, vay-fayli bekat bahonasida Qarshida do‘kon uchun yer tarqatilmayaptimikan?

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top