14:15 / 19.07.2020
10536
Onlayn ro‘yxatdan o‘tishda pasport muammosiga duch kelayotgan abituriyentlar masalasiga oydinlik kiritildi

Fuqarolik pasportisiz test sinovlariga kirishga ruxsat etilmaydi.

Pasport yoshiga yetmagan yoki pasport yoshiga yetgan, ammo olishga ulgurmagan abituriyentlar kirish imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish uchun ichki ishlar bo‘limlaridan 09-shakl ma'lumotnoma olishlari lozim.

Kun.uz vazirlik matbuot xizmatidan olgan ma'lumotga ko‘ra, 09-shakl ma'lumotnoma olish uchun abituriyent o‘z hududidagi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari (pasport stol)ga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.

Shundan so‘ng ular o‘z hududiga yaqin bo‘lgan istalgan OTMga murojaat qiladi. Bunda 09-shakl ma'lumotnoma (asl nusxa), maktab shahodatnomasi yoki kollej/litsey diplomi (asl nusxa) va mavjud bo‘lsa, imtiyoz qo‘llashga asos bo‘luvchi hujjatlarning asl nusxasi talab etiladi.

«Fuqarolik pasportini yaqinda olgan, ammo Davlat test markazining dasturidan abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘ta olmayotgan fuqarolar esa mazkur fuqarolik pasportlari bilan yashash joylariga yaqin bo‘lgan OTMlarga murojaat qilishlari so‘raladi», deyiladi vazirlik axborotida.

Davlat test markazining xabar berishicha, 09-shakl ma'lumotnoma orqali ro‘yxatdan o‘tish faqatgina kirish imtihonlariga qabul jarayonlariga taalluqli bo‘lib, abituriyentlarga test sinovlari boshlangunga qadar fuqarolik pasportini olish tavsiya etiladi. Fuqarolik pasportisiz test sinovlariga kirishga ruxsat etilmaydi.

Mavzu
Abituriyent-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top