10:22 / 21.07.2020
828
Ijod maktablari uchun yangi darsliklar tayyorlanayotgani ma'lum qilindi

Adabiyotshunos olimlarni jalb qilgan holda ijod maktablari darsliklarini yangilash ustida ish olib borilayapti, deb xabar bermoqda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi.

«Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 martdagi «Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 141-son qaroriga ko‘ra ijod maktablarining 7-11-sinflari uchun ixtisoslik fanlariga haftasiga qo‘shimcha 20 soat (har bir sinfga 5 soatdan) ajratish rejalashtirilgan.

Mazkur qaror ijod maktablari o‘quvchilari ona tili va adabiyot fanlari bo‘yicha davlat ta'lim standartlarida belgilangan bilimdan tashqari notiqlik san'ati va adabiyot sirlarini chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitishga qaratilgan.

Agentlik mazkur darsliklarni tayyorlash uchun Respublikamizdagi adabiyotshunos olimlarni jalb qildi va hozirda ijod maktablarining 7-11-sinflari uchun ixtisoslik fanlari bo‘yicha darsliklar yaratish bo‘yicha ish olib borilmoqda.

7-11 sinflar uchun tayyorlanayotgan ixtisoslik adabiyoti darsligida xalq og‘zaki ijodi, adabiy jarayon, adabiyot qoidalari, publitsistika, matnshunoslik, dramaturgiya fanlarining elementlari o‘quvchilarning yosh xususiyatiga mos ravishda singdirilmoqda.

Shuningdek, ixtisoslik adabiyoti darsligi mazmunan umumiy o‘rta ta'limning adabiyot fani va oliy ta'limning adabiyot yo‘nalishi fanlari bilan uzviyligi ta'minlanmoqda.

Shu bilan bir qatorda, mutaxassislar tomonidan notiqlik san'ati va nutq madaniyati fani bo‘yicha ijod maktablari o‘quvchilari uchun 7-11 sinflarga mo‘ljallangan alohida darslik tayyorlanmoqda», deyiladi agentlik xabarida.

Qayd etilishicha, ushbu darsliklarni tayyorlash Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyot universiteti bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Yangidan tayyorlangan darsliklar universitetning ilmiy-metodik kengashida muhokamadan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Yangilangan o‘quv dasturi va darsliklar 2020/2021 o‘quv yilida ijod maktablarida tajriba-sinovdan o‘tkazilishi, o‘quv yili yakunida aniqlangan kamchiliklar va kelib tushgan takliflar asosida darsliklar takomillashtirish va qayta chop etish rejalashtirilgan.

Agentlik direktorining matbuot kotibi Anvar Umarov ijod maktablarida chet tillarini o‘qitishni zamonaviy metodlar asosida tashkil etish maqsadida ingliz, nemis va fransuz tili fanlari bo‘yicha ilg‘or xorijiy mamlakatlarning e'tirof etilgan darsliklarini xarid qilish bo‘yicha xorijiy nashriyotlar bilan muzokaralar olib borilayotganini ta'kidladi.

Eslatib o‘tamiz, hozirgi kunda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tizimida to‘qqizta ijod maktabi faoliyat yuritmoqda.

Top