10:39 / 25.07.2020
4661

Toshkent shahrida 2020 yilda tazyiqqa uchragan ayollarga 709 ta himoya orderi berilgani ma'lum qilindi

Toshkent shahrida 2020 yilning birinchi yarmida zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollarga 709 ta himoya orderi taqdim etilgan. Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi-Xotin qizlar masalalari bo‘yicha bo‘limining ma'lum qilishicha, 639 ta order oila-turmush doirasidagi zo‘ravonliklardan himoyalash uchun berilgan.

«Joriy yilning 6 oyida zo‘ravonlik va tazyiqqa uchragan ayollarga jami 709 ta himoya orderi berildi, shundan 639 tasi oila-turmush doirasida sodir etilgan, qolganlari qo‘ni-qo‘shnilar, tanish-bilishlar, hamkasblar va boshqa holatlardagi zo‘ravonliklardan himoyalash uchun berilgan.

Zo‘ravonliklarning 583 tasi oiladagi kelishmovchilik, 52 tasi moddiy yetishmovchilik, 35 tasi rashk tufayli, 39 tasi oiladagi uchinchi shaxs aralashuvidan kelib chiqqani aniqlangan. Achinarlisi, zo‘ravonlarning 436 nafari turmush o‘rtog‘i, 38 nafari qaynonalar, 26 nafari kelinlar, 209 nafari boshqa yaqin qarindoshlar tomonidan sodir etilgan. Himoya orderlarining 313 tasi jismoniy, 7 tasi jinsiy, 12 tasi iqtisodiy, 377 tasi ruhiy zo‘ravonliklar uchun berilgan», deya Toshkent shahar IIBB Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsuda Xo‘janazarovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Uning qo‘shimcha qilishicha, xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektorlar tomonidan Toshkent shahrida doimiy va vaqtincha yashab kelayotgan 9169 ta oila, ularda istiqomat qilayotgan 9480 nafar ayollarning turmush tarzi va yashash sharoitlari manzilli o‘rganilgan, aniqlangan 6128 ta muammo mutasaddi idora va tashkilotlar bilan birgalikda hal etilgan.

«Hamkor tashkilotlar bilan birga 495 nafar ayollarning bandligi ta'minlandi. 4069 nafariga moddiy, 3318 nafariga huquqiy, 2844 nafariga ma'naviy va psixologik, 366 nafariga tibbiy yordamlar ko‘rsatildi.

Uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan 297 nafar ayol oilasiga qaytarildi, ajrim yoqasidagi 293 nafar oila yarashtirildi, xuquqbuzarlik sodir etgan 244 nafar ayol yarashtirilib, javobgarlikka tortilishining oldi olindi.

Mazkur sa'y-harakatlar natijasida 2020 yilning 6 oyida o‘tgan yilning shu davriga nisbatan ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 25 foizga, oila-turmush doirasida sodir etilgan jinoyatlar 17,7 foizga, jinoyat sodir etgan ayollar 322 nafardan 272 nafar (15,5 foiz)ga, oila-turmush doirasidagi tan jarohati bilan bog‘liq hodisalar 18,8 foizga kamayishiga erishildi», deydi Maqsuda Xo‘janazarova.

Top