18:10 / 25.07.2020
36485
Qoraqalpog‘istonda hokimi koronavirusdan vafot etgan tumanga yangi rahbar tayinlandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajarish Ospanov Sharap Sarsenbayevichga yuklatildi. Bu haqda Kun.uz'ga tuman matbuot xizmati ma'lum qildi.

Sharap Sarsenbayevich shu kunga qadar Qonliko‘l tumani hokimi o‘rinbosari – Investitsiyalar va tashqi savdo bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat olib kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Qonliko‘l tumani hokimi Daulet Tolibayev kecha, 24 iyul kuni koronavirus asoratlaridan vafot etgan edi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 25 iyul kuni ertalab bergan axborotga ko‘ra, 37 yoshli Tolibayev isitma, umumiy holsizlik va quruq yo‘tal paydo bo‘lgach, 10 iyul kuni respublika yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan.

Unga Covid-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘tkir respirator distress sindrom tashxisi qo‘yilgan. Xastalik o‘tkir nafas yetishmovchiligi, miya shishi asoratlari bilan kechgan.

Shuningdek, bemorda semizlikning 3-darajasi, yurak ishemik kasalligi kabi hamroh kasalliklar ham bo‘lgan.

Shifoxonada bemorning davolanishi davomida shifokorlar tomonidan onlayn konsultatsiya va konsiliumlar qilingan, davolash jarayoni mutaxassislar tavsiyasi asosida olib borilgan.

Biroq shifokorlar tomonidan standartlar asosida o‘tkazilgan reanimatsion muolajalarga qaramasdan bemorning ahvoli keskin og‘irlashib, o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligi, miya shishidan vafot etgan.

Daulet Tolibayev 2019 yilning mart oyida tuman hokimi etib tayinlangan edi.

Top