15:15 / 28.07.2020
1819
Buyuk Britaniya velosipedchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun milliardlab mablag‘ sarflaydi

 Birlashgan Qirollik sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirmoqchi va transport sohasida zararli moddalar ajralishini butunlay to‘xtatgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lmoqchi.

Foto: DPA

Buyuk Britaniya hukumati aholining velosipedda harakatlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun 2 mlrd funt sterling (2,19 mlrd yevro) mablag‘ sarflaydi.

Dushanba kuni e'lon qilingan rejaga ko‘ra, mamlakatda ming kilometr uzunlikdagi veloyo‘laklar quriladi, velosiped minishni o‘rgatish dasturlari joriy etiladi, elektrovelosipedlarni sotib olish osonlashtiriladi. Bundan tashqari, eski velosipedi bor fuqarolarga uni ta'mirlash uchun 50 funt miqdorida vaucher taqdim etiladi.

Birlashgan Qirollik sog‘lom turmush tarzini rag‘batlantirmoqchi va transport sohasida zararli moddalar ajralishini butunlay to‘xtatgan dunyodagi birinchi davlat bo‘lmoqchi.

Buyuk Britaniya hukumati shuningdek, aholi orasida semirishga qarshi kurashish kampaniyasini ham boshladi. Britaniya vazirlar mahkamasi semirishni "sekin ta'sir qiluvchi bomba" deb atadi.

Endilikda televideniye va internetda soat 21:00gacha fastfudni reklama qilish taqiqlandi, xodimlari 250 nafardan ortiq bo‘lgan restoran va qahvaxonalar tarmoqlari esa menyudagi taomlar kaloriyasini ko‘rsatishi shart etib qo‘yildi.

Avvalroq San-Fransiskodagi Kaliforniya universiteti tadqiqotchilari qandli diabet kasalligi bo‘lgan bemorlar COVID-19dan boshqalarga nisbatan 12 marta ko‘proq vafot etishlarini aniqlagandi.

Top