21:12 / 28.07.2020
18032
Aleksandr Lukashenko koronavirusga chalinib tuzalganini ma'lum qildi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Covid-19 bilan kasallangani va uni «oyoqda o‘tkazganini» ma'lum qildi. Lukashenko hamisha koronavirus mavjudligiga shubha bilan qaragan, barchani «traktor davolashi»ni aytib hazillashgan va «virusni aroq bilan zaharlash»ni tavsiya etgandi.

Foto: Reuters

«Men ovozim uchun uzr so‘rayman. So‘nggi vaqtlarda juda ko‘p gapirishga to‘g‘ri keldi. Ammo, eng ajablanarlisi, siz bugun koronavirusni oyoqda yurib o‘tkazgan odam bilan uchrashib turibsiz», - deya uning so‘zlarini keltirgan BeLTA agentligi.

«Shifokorlar kecha shunday xulosa berdi. Simptomlarsiz», - deya qo‘shimcha qilgan Lukashenko.

Belaruslar prezidenti pandemiya xavfini bo‘rttirmaslikka chaqiriqlari bilan ma'lum. 9 may kuni Minskda G‘alaba paradi o‘tkazilgandi - Moskva paradni iyunga ko‘chirgandi. Lukashenko Rossiyaga ham iyundagi paradda qatnashish uchun keldi.

Shuningdek, futbol bo‘yicha Belarus chempionati davom ettirildi, bu Yevropada koronavirus tufayli to‘xtatilmagan yagona chempionat bo‘ldi.

Mamlakatda shu vaqtgacha umummilliy karantin joriy etilmadi. Minsk davlat chegaralarini yopmadi - lekin Rossiya, Polsha, Litva, Latviya va Ukraina bu davlat bilan chegaralarini yopib oldi.

«Belarusning oltin fondiga qo‘shilish». Lukashenko koronavirus haqida nimalar dedi?
U koronavirusga chalingani haqida Ichki ishlar vazirligi ichki qo‘shinlari qismiga tashrifi vaqtida gapirdi.

«Men avval ham aytganimdek, aholimizning 97 foizi bu kasallikni simptomsiz boshdan kechirdi. Yaxshiyamki, men simptomsizlar guruhidaman. Nihoyat bu kasallikni yengib o‘tib, Belarusning oltin fondiga qo‘shildim», - deya hazillashgan belaruslar prezidenti.

28 iyul kungi ma'lumotlarga ko‘ra, ushbu mamlakatda koronavirusdan zararlanish bilan bog‘liq 67 ming 366 holat qayd etilgan - bu Sog‘liqni saqlash vazirligi ma'lumoti. So‘nggi bir kunda 115ta yangi holat qayd etilgan (bir kun oldin 119 holat). Pandemiya davrida 543 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan. 

2 iyul kuni Lukashenko koronavirus ustidan muvaqqat g‘alaba haqida gapirgandi. «Koronavirus infeksiyasi sababli birinchi qatorda shifokorlar turdi. Bizning sog‘liqni saqlash tizimimiz chidadi. Biroq biz kurash darajasini pasaytirmaymiz, shunday bo‘lsa ham bugun aytish mumkinki, biz g‘alaba qozondik. Covid-19 ustidan qozonilgan hal qiluvchi g‘alabadan keyin bugun o‘z ish o‘rnida turgan shifokorlarimiz bilan, albatta, alohida uchrashamiz», degandi o‘shanda u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, epidemiyaga qarshi kurash mamlakat budjetiga qariyb 500 million belarus rubliga (200 million dollardan ortiq) tushgan. 

Aprel oyi o‘rtalarida belaruslar prezidenti koronavirusga chalinganlar o‘limiga Covid-19 sabab bo‘lmayotgani haqida gapirgandi. «Mamlakatimizda biror kishi koronavirusdan o‘lgani yo‘q. Birorta ham! Ular xronik kasalliklari ko‘pligi tufayli ko‘z yumishdi. Bu - yurak qon-tomir yetishmovchiligi, o‘tkir nafas yetishmovchiligi kabi kasalliklar. Shuningdek, qandli diabet. Yana shunday turli tashxislar ham borki, o‘qishga qiynalaman. Bularning ustiga koronavirus qo‘shilgan», -degandi Lukashenko. 

Mart oyida esa Lukashenko shunday derdi: «Odamlar traktorda ishlashmoqda, hech kim viruslarni o‘ylayotgani yo‘q. U yerda traktor hamma narsani davolaydi! Dala ishlari davolaydi!»

«Qo‘lingizni tez-tez yuving. Vaqtida nonushta qiling, tushlikni va kechki ovqatni vaqtida yeng. Men ichadigan odammasman, ammo oxirgi vaqtlarda hazillashib aytdimki, aroq bilan nafaqat qo‘lni yuvish kerak, balki virusni zaharlash uchun ham 40-50 gramm ichish kerak. Ammo ishda emas», deya hazillashgandi u 16 mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top