12:45 / 28.07.2020
2013
Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari mamlakatdagi missiyasini yakunlamoqda

Eduards Stiprays YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari sifatidagi faoliyati davomida ko‘rsatilgan har tomonlama ko‘mak uchun tashakkur bildirdi. 

Foto: TIV axborot xizmati

2020 yilning 28 iyul kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mamlakatdagi missiyasini yakunlayotgan Yevropa ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari, elchi Eduards Stipraysni qabul qildi.

Tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, O‘zbekiston va YeI o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashildi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar jadvali, jumladan Toshkent shahrida Markaziy Osiyo mintaqasida mushtaraklikni va barqaror rivojlanishni mustahkamlash bo‘yicha «Yevropa ittifoqi – Markaziy Osiyo» vazirlar konferensiyasini o‘tkazish masalasi ko‘rib chiqildi.

Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlikning, iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish, ilm-fan va madaniyat jabhalaridagi hamda ta'lim sohasidagi munosabatlarni mustahkamlashga oid amaliy masalalar yechimiga qaratilgan investitsion loyihalar va dasturlarni amalga oshirishda YI ishtirokining muhim ahamiyati ta'kidlandi.

2019 yil yakunlariga ko‘ra 4 milliard AQSh dollarini tashkil etgan o‘zaro savdo aylanmasi hajmlarini yanada oshirishning zarurligi qayd etildi.

Suhbat oxirida vazir YeI delegatsiyasi rahbariga samarali faoliyati hamda O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga qo‘shgan salmoqli hissasi uchun minnatdorchilik izhor etdi.

Eduards Stiprays YeIning O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari sifatidagi faoliyati davomida ko‘rsatilgan har tomonlama ko‘mak uchun tashakkur bildirdi, deyiladi ma'lumotda. 

Top