11:36 / 30.07.2020
18328
Davlat xizmatlari agentligiga yangi rahbar tayinlandi

Prezident maslahatchisi o‘rinbosari Ulug‘bek Muhammadiyev DXAning yangi rahbariga aylandi.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 29 iyulda qabul qilingan qaroriga binoan Ulug‘bek Islomovich Muhammadiyev Davlat xizmatlari agentligi direktori etib tayinlandi.

Ulug‘bek Muhammadiyev 1977 yil 23 fevralda Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universiteti (tatbiqiy matematika va huquqshunoslik yo‘nalishlari), O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi (xalqaro munosabatlar yo‘nalishi)ni tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 1999 yili O‘zbekiston Milliy universitetining o‘quv bo‘limi inspektori vazifasidan boshlagan. 2001-2008 yillarda O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzuridagi Sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi kotibiyatida mas'ul lavozimlarda xizmat qilgan. 2008-2017 yillarda jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudining sudyasi sifatida faoliyat yuritgan.

2017-2018 yillar mobaynida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti devoni Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati yetakchi inspektori, sho‘'ba mudiri, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha davlat maslahatchisi o‘rinbosari lavozimlarida mehnat qilgan.

U. Muhammadiyev 2018 yil 26 avgustdan buyon O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Davlat xizmatlari agentligining avvalgi rahbari Halilillo To‘raxo‘jayev iyun oyi oxirida Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining raisi lavozimiga o‘tkazilgandi.

Top